Islom huquqining asosiy belgilariva xususiyatlari
Reja:
1. Islom huquqining vujudga kelishi va rivojlanish xususiyatlari.
2. Islom huquqi manbalari.
3. Shariat bo'yicha mulkiy munosabatlarning tartibga solinishi.
4. Shariatda nikoh-oila va meros huquqi.
5. Shariatga binoan jinoyat huquqi va sud ishlarini yuritish tartibi.
Islom huquqining vujudga kelishi va rivojlanish xususiyatlari
Islom huquqi - shariat o'rta asrlardagi Sharq sivilizatsiyasining juda katta hodisasi hisoblanadi. Bu huquqiy tizim Arab xalifaligi doirasida vujudga kelib, rasmiylashgan va asta-sekin xalqaro ahamiyat kasb etib borgan. Uning rivojlanish jarayoni arab davlatchiligining VII asr boshida (Muhammad salollohu alayhi vassallam davrida) kichik patriarxal diniy jamoadan VIII-X asrlarda (umaviylar va abbosiylar davrida) yirik imperiyalardan biriga o'sib o'tishi jarayoni bilan chambarchas bogiiq.
Arab xalifaligi qulagandan so'ng islom huquqi nafaqat o'zining ilgarigi ahamiyatini yo'qotdi, balki yanada taraqqiy etdi, xuddi o'rta asrlarda Yevropadagi Rim huquqi singari «ikkinchi marotaba dunyoga keldi» hamda o'rta asrJardagi Osiyo va Afrikaning u yoki bu darajada islomni qabul qilgan qator mamlakatlari (Misr, Hindiston, Usmoniylar imperiyasi va boshqa ko'pgina davlatlari)ning amaldagi huquqida ham islom huquqi arab istilosidan boshlab to «qizil imperiya» hukmronligi o'rnatilgunga qadar muhim o'zgarishlarsiz harakatda bo'ldi.
Islom huquqi o'zidan oldingi Sharq huquqiy madaniyatining ko'pgina elementlarini, jumladan, islomga qadar Arabistonda va arablar tomonidan bosib olingan hududlarda harakatda bo'lgan huquqiy odatlar va an'ana-larni ham o'zida aks ettirdi. Masalan, umaviylar davrida ancha vaqtgacha sosoniylar, Eron, Vizantiya huquqi, shuningdek, qisman Rim huquqi ham ahyon-ahyon qo'llanib turilgan. Ushbu manbalar tashqi jihatdan kam ahamiyatli bo'lsa-da, shariatning vujudga kelishida ma'lum o'rin tutgan. Lekin, ularning oqibatda shariatning betakror va o'ziga xos, mustaqil va original huquqiy tizim sifatida shakllanishiga hech qanday aloqasi yo'q. Shariatning vujudga kelishida Muhammad (S.A.V) va dastlabki to'rtta xalifaning o'rni juda katta. Aynan ularning hukmronligi davrida musulmonlarning muqaddas kitoblari - Qur'oni Karim va Sunna tuzilgan.
Shariat eng boshidan (hech bo'lmaganda dastlabki ikki asr mobay-nida) qat'iy diniy huquq sifatida vujudga keldi va rivojlandi. U islom ilohiyoti bilan uzviy qo'shilib ketdi, uning diniy axloqiy tasavvurlarini mujassam etdi. Islom ta'limoti bo'yicha diniy qoidalar yagona Alloh tomonidan o'rnatilgan tartib va qonunlarning bir qismi bo'lib, ular bilan butun dunyo boshqariladi. Ayniqsa, dastlabki vaqtlarda umuman shariat va xususan fiqh1 ' Fiqh (arabcha - tushuhish) - musulmon huquqshunosligi, shariat qonun-qoidalarini ishlab chiqish bilan shug'ullanuvchi islom ilohiyotining bir sohasi. o'zida faqat huquqiy qoidalarni aks ettiribgina qolmay, diniy ta'limot va axloqni ham mujassam etgan. Shariatda din, axloq va huquqning bunday qo'shilib ketganligi, bir-biridan ajralmaganligi, bo'linmaganligi o'ziga xos ifodasini shundan topgan ediki, uning normalari (qoidalari, ko'rsatmalari) bir tomondan ijtimoiy («kishilik») munosabatlarni tartibga solgan, ikkinchi tomondan esa -musulmonlarning Alloh bilan munosabatlarini (ibodat qilishlarini) belgilagan. Shariatning ilohiy tadbiq etilishi va diniy-axloqiy asoslari huquqni tushunishning, shuningdek, qonuniy va noqonuniy xatti-harakatga baho berishning o'ziga xosligida o'z aksini topgan. Masalan, huquqning islom ilohiyoti bilan chambarchas bog'liqligi shariatda har bir musulmon tomonidan sodir etilishi lozim bo'lgan yoki mumkin bo'lmagan xatti-harakatlarning aniq ko'rsatib qo'yilganligida o'z ifodasini topgan. Shariatda barcha xatti-harakatlar dastlab ikki turga - harom va halolga ajratilgan. Keyinchalik shariat shakllanib tugallangan davrda beshta toifa vujudga kelgan. Bular: farz - bajarilishi qat'iy majburiy hisoblangan xatti-harakatlar; mandub (sunnat) - majburiy emas, lekin ma'qul, lozim deb hisoblangan normalar; muboh - ixtiyoriy normalar; makruh - noma'qul normalar; harom - qat'iy ravishda taqiqlangan xatti-harakatlar. Bular ham huquqiy, ham axloqiy-diniy mazmunga ega bo'lib, majburlovchi, tavsiya qiluvchi, yo'l qo'yuvchi, lekin jazo qo'llanil-maydigan, taqiqlovchi va jazoga loyiq (mustahiq) xarakterdadir.
Shariat uchun, ayniqsa uning rivojlanishidagi dastlabki bosqichlarda, musulmonning huquqlariga emas, balki uning Alloh oldidagi burchlariga e'tibor berish xarakterlidir. Shariatda musulmonlarning bunday majburiyat-larini o'rnatuvchi normalar juda ko'p bo'lib, ular musulmonning butun hayotini (har kuni besh vaqt namoz o'qishi, ro'za tutishi, dafn marosimlariga rioya qilishi va hokazo faoliyatini) belgilaydi. Shariat normalarining o'ziga xos xususiyati aynan ushbu normalarning faqat musulmonlarga va musulmonlar o'rtasidagi munosabatlarga tadbiq qilinishida ekanligi ham tasodifiy emas. Ilk islom va shariatga jamoa tuzumidan o'sib chiqqan normalar - qoidalar xosdir. Bunday normalarda jamoachilik, rahmdillik, mayib-majruh va boshqa nochor kishilar haqida g'amxo'rlik belgilari saqlanib qolgan edi. Biroq, albatta shariatda insonning xudo oldida ojizligi haqidagi, unga so'zsiz itoat etishi haqidagi tasavvurlar ham o'z ifodasini topgan. Qur'oni Karimda musulmon uchun sabr-toqat va mo'minlik zarurligi alohida ta'kidlanadi: «Sabr qiling, Alloh sabr qiluvchilar bilan». Shu tariqa shariatda musulmonning xalifaga va davlat hokimiyatiga bo'ysunish majburiyati mustahkam-langan: «Allohga bo'ysuning va uning elchisiga va oralaringizdagi hokimiyat egalariga itoat eting».
Shariatning dastlab o'ta ilohiy-diniy xarakterda bo'lganligi uning huquqiy tuzilishi va tushunchalarining o'ziga xosligini belgilagan, aql-idrokka asoslangan huquq ijodkorlik faoliyatiga to'sqinlik qilgan. Biroq, VIII-IX asrlarda shariat patriarxal jamoa va qabilaviy idrok qilish doirasidan tashqari chiqib, feodallashayotgan ijtimoiy munosabatlar bilan to'qnash kelgan va juda ko'p musulmon ilohiyotchi huquq-shunoslarining faol sa'y-harakatlari sharofati bilan tobora ko'proq darajada aql-idrokka asoslangan huquq sifatida namoyon bo'la boshlagan. Musulmon huquqshunos olimlari shariatning asosiy va an'anaviy qoidalarini saqlab qolgan holda sof yuridik tabiatga ega bo'lgan ko'pdan-ko'p huquqiy ta'limotlar va normalar ishlab chiqdilar. Abu Hanifa an-Nu'mon ibn Sobit (699-767-yillar), Malik ibn Anas Abu Abdulloh (721-795-yillar), Abu Abdullo Muhammad ibn Idris ash-Shofi'iy (767-820-yillar), Ahmad Abu Abdulloh ash-Shayboniy ibn Hanbal (tug'ilgan yili ma'lum emas-825-yillar) va boshqalar musulmon dunyosida juda mashhur va nufuzli bo'lganlar.
O'rta asrlardagi, ayniqsa dastlabki paytlardagi, musulmon huquqini tavsiflovchi muhim belgilardan bin uning nisbatan yaxlitligi, butunligida edi. Unda yakka xudo - Alloh haqidagi tasavvurlar bilan birga universal xarakterga ega bo'lgan yagona huquqiy tartibot haqidagi g'oya ham o'rnatilgan. Darhaqiqat, dastlab Arabiston yarim orolida vujudga kelgan islom huquqi xalifalikning chegaralari kengaya borishi bilan ko'pdan-ko'p yangi hududlarga tarqalgan.
Biroq, islom huquqi avvalo hududiy emas, diniy, masjidlarga oid tamoyil asosida maydonga chiqqan. Har bir musulmon u qayerda, qaysi mamlakatda bo'lishidan qat'i nazar, shariatga rioya qilishi, islomga sodiq qolishi lozim. Islomning asta-sekin keng tarqala borishi va jahon dinlaridan biriga aylanishi bilan shariat o'ziga xos jahon huquqiy tizimi bo'lib qoldi. Shariatning ana shunday yaxlit, bir butun huquqiy tizim sifatida maydonga chiqishi uning g'arbiy Yevropa mamlakatlari huquqidan farq qiluvchi muhim jihatlaridandir. Ma'lumki, g'arbiy Yevropa mamlakatlarida huquq xilma-xilligi, bir butun, yaxlit emasligi, harakat doirasining cheklanib qolganligi, ichki qarama-qarshiliklari va boshqa jihatlari bilan tavsiflanadi.
Shariat diniy huquq sifatida Yevropa mamlakatlaridagi kanonik (diniy, muqaddas, qat'iylashgan, o'rnak bo'lib qolgan) huquqdan ham farq qilib, ijtimoiy va cherkov hayotining faqat aniq ko'rinib turgan sohalarinigina emas, balki keng qamrovli va juda ko'p masalalarini o'z ichiga olgan huquqiy tizim sifatida maydonga chiqdi. Islom huquqi -shariat dastlab Osiyo va Afrikaning bir qator mamlakatlarida o'rnatilgan bo'lsa, so'ngra vaqt o'tishi bilan uning harakat doirasi O'rta Osiyo, Kavkaz orti, Shimoliy, shuningdek, qisman Sharqiy va G'arbiy Afrikaga, Janubiy-Sharqiy Osiyodagi qator mamlakatlarga ham tarqaladi. Biroq islom va shariatning bunchalik shiddat bilan va keng tarqalishi unda tobora mahalliy xususiyatlarning namoyon boiishiga olib keldi. Buning natijasida alohida huquqiy institutlarni sharhlash va muayyan huquqiy nizolarni hal qilishda shariatda turli qarama-qarshiliklar, turli xil yondoshuvlar yuzaga kelgan. Oqibatda esa islomda turli oqimlar, yo'nalishlar va mazhablar paydo bo'lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |