Islom huquqi manbalari
Islom huquqining manbalarini asosan shariat, urf-odatlar va qonunlar tashkil etadi. «Shariat» so'zi arabcha «sharia», «shar'» so'zlaridan olinib, uning lug'aviy ma'nosi «suvga olib boradigan yo'l» deganidir. Shunga asosan, shariat to'g'ri yo'l, ilohiy yo'l, qonunchilik degan ma'nolarni anglatuvchi islom diniy huquq tizimidir. Shariatda sof huquqiy masalalardan tashqari axloqiy normalar va amaliy diniy talablarga ham qonun tusi berilgan. Ilk islomda jamiyatni huquqiy boshqarish Qur'on asosida olib borilgan. Feodalizm rivojlanishi bilan musulmonlarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy va diniy faoliyatini qamrab oluvchi qonunlar majmuasiga ehtiyoj tug'ilgan. Islom ilohiyotchilari bir necha asr mobaynida shariat qonunlarini ishlab chiqqanlar. Shariatga asos qilinib Qur'on va sunna, keyinchalik ijm'o va qiyos olingan. Ular fiqhda shariat manbalari (usul al-fiqh) deb e'tirof etilgan. Shariat diniy-huquqiy tizim sifatida VI-VII asrlarda tugal shakllangan.
Qur'oni Karim Islom dinining asosiy muqaddas kitobi va shariatning eng asosiy manbayidir.
Qur'oni Karim 30 pora, 114 sura (tizma, qator), 6236 oyat (modda) dan iborat bo'lib, oyatlarning 63 foizini Makkada, 37 foizini Madinada nozil bo'lgan oyatlar tashkil etadi. Ya'ni, Qur'on suralarining 95 tasi 13 yil davomida Makka shahrida nozil bo'lib, makkiy suralar deb ataladi. Ularning 19 tasi esa 622-yili yuz bergan hijratdan keyin 10 yil davomida Madinada nozil bo'lib, madiniy suralar deb qabul qilingan. Bu ikki turkum suralarning farqi shundaki, makkiy suralar asosan e'tiqod, ibodat masalalarini, oliy axloqiy fazilatlar, erkin fikrlik, ilmu tafakkurni targ'ib qilishga qaratilgan bo'lsa, madiniy suralar fiqhiy ahkom-muomalot, jinoyat va jazo, ommaviy munosabatlar, sulhu tinchlik bitimlari va musulmonlararo boshqa aloqalarga tegishlidir.
Shariatning ikkinchi manbayi - sunna (arabcha lug'aviy ifodasi -odat, an'ana, xatti-harakat tarzi) yo'1-yo'riq degan ma'noni bildiradi. Sunna Rasululloh (S.A.V.)ning so'zlari, qilmishlari, xatti-harakatlari, fe'llari (amallari), tasdiqlari, shuningdek, sahobalarning so'zlari va amallari majmuyidan iborat. Sunna haqidagi rivoyatlar hadislarda berilgan. Hadislar to'plamiga sunna deyiladi. Hadis arabcha rivoyat degan so'zdan olinib, islom dinida Qur'ondan keyingi muqaddas manba hisoblanadi. Hadislar Muhammad (SAV)ning hayoti, faoliyati va ko'rsatmalari haqidagi rivoyatlardan iborat. Qur'on musulmonlar jamoasining barcha huquqiy va axloqiy masalalarini qamrab ololmaganligi sababli VII asr oxiri – VIII asr boshida hadislar yozila boshlandi va asta-sekin tizimga solindi. IX-X asr boshlarida dindorlar orasida obro'li deb tanilgan hadislarning 6 ta to'plami vujudga kelgan. Bular: Muhammad Al-Buxoriyning «al-Jome' as-Sahih» kitobi, Muslim An-Nishopuriym'ng «as-Sahih» to'plami, Ibn Mojaning «Sunan» to'plami, Abu Dovud As-Sijistoniyning hadislar to'plami, Muhammad At-Termiziyning «al-Jome' al-Kabir» kitobi, An-Nisoniyning «Sunan» kitobidir. Ulardan «Sahihi Buxoriy» va «Sahihi Muslim» ko'proq e'zozlanadi. Surma va Payg'ambar hadislarini to'plab, ularni ja'liy (to'qima) hadislardan ajratib olishda vatandosh allomamiz Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810-892-yillar) ulkan va unutilmas hissa qo'shib, o'zidan abadiy va barhayot asarlar qoldirgan. Ko'pgina hadislar Qur'onning turli qoidalarini tushuntirib beradi va to'ldiradi. Ular ko'plab amaliy masalalarni hal etishda muhim ijtimoiy vazifani bajaradi, ular haqida Qur'onda hech narsa aytilmagan hollarda esa hadislarning ahamiyati yanada ortadi. Lekin hadislar Qur'onga zid kelib qolgan taqdirda ular manba kuchiga ega bo'lmaydi.
Vaqt o'tishi bilan musulmonlar jamoasi - ummada vujudga kelgan vaziyat va muammolarni Qur'on va sunna to'liq qamrab ololmagan. Ular musulmonlar jamoasi - ummada ro'y bergan barcha muammolar va vaziyatlarga to'liq javob bera olmay qolgan.
Shu tariqa shariatning yangi manbayiga zarurat tug'iladi va ijm'o islom huquqi (shariat)ning asosiy manbalaridan biri sifatida tasdiqlanadi. Ijm'o (arabcha - yakdillik, yakdillik bilan qabul qilingan qaror, ijm'o al-umma - «diniy jamoaning yagona fikri») - Qur'on va hadislarda aniq ko'rsatma berilmagan huquqiy masalani hal etishda faqih va mujtahidlarning to'planib, yagona fikrga kelgan holda hukm chiqarishi (fatvo berishi)dir. Shariatda shunday yo'l bilan chiqarilgan hukm shar'iy (qonuniy) deb qabul qilingan.
Mujtahid tomonidan aytilgan fikrgina hal qiluvchi fikr hisoblanadi. Oddiy musulmonlar fikrining esa ijm'oga hech qanday aloqasi yo'q. Mujtahid deb diniy olimga aytiladi. Mujtahid (arabcha - intiluvchi, g'ayrat qiluvchi) - o'rta asrlarda islomda ijtihod huquqiga ega bo'lgan, ya'ni mustaqil ravishda diniy aqidaviy masalalar bo'yicha xulosa bera oladigan va hukm chiqara oladigan shaxs.
Qiyos - fiqhning to'rtinchi manbayi. Qiyos arabcha so'zdan olingan bo'lib, «taqqoslash», «solishtirish» degan ma'noni anglatadi. Bunga ko'ra, biror huquqiy masala o'ziga o'xshash ikkinchi huquqiy masala bilan taqqoslanadi, solishtiriladi va ular bir-biriga tenglashtiriladi. Demak, bunga binoan Qur'on va Sunnada berilmagan biror huquqiy masala ulardagi shunga o'xshash masala bo'yicha berilgan ko'rsat-maga taqqoslash yo'li bilan sharhlanadi. Qiyos faqihlar huquqini kengaytirib, shariatning turli huquqiy masalalarga tadbiq etilishiga imkon yaratadi.
Qiyosning fiqhning to'rtinchi klassik manbayi sifatida e'tirof etilishi hadisga borib taqaladi. Unda hikoya qilinishicha, Rasululloh (S.A.V.) bir kuni o'z sahobalaridan biri Muoz ibni Jabal raziyallohu anhuni Yamanga dindan ta'lim berishga yuborayotganida uning odil sudlovni amalga oshirishida nimalarga tayanishini so'raydi. U quyidagicha javob beradi: «Allohning kitobi bilan. Agar undan topmasam, Alloh rasulining sunnati bilan. Agar undan ham topmasam, ijtihod qilaman va ijtihodda nuqsonga yo'l qo'ymaslikka harakat qilaman»'. Rasululloh (S.A.V.) bunday fikrni ma'qullagan ekanlar. Ijtihod arabcha «intilish», «g'ayrat qilish» so'zlaridan olingan bo'lib, diniy va huquqiy masalalar bo'yicha mustaqil fikr yuritish prinsipidir. O'rta asrlarda faqat yirik musulmon faqihlari va ilohiyotchilari - mujtahidlar ijtihod huquqiga ega edilar.
Shariat musulmon huquqining asosiy manbayi bo'lsa, urf-odat uning qo'shimcha, ikkinchi darajali manba hisoblangan. Masalan, O'rta Osiyo faqihlari tornonidan yaratilgan asarlarda mintaqa xalqlarining urf-odatlari, rasm-rusumlarining katta qismi qonunlashtirilib, shariat va islom huquqi tarkibiga kiritilgan.
Shunday qilib, islom dinini qabul qilgan xalqlarda urf-odatlar jamoa hayotini tartibga solishda shariat qonunlari bilan bir qatorda katta ahamiyatga ega bo'lgan. Va nihoyat, musulmon huquqining shariatdan kelib chiqadigan yana bir manbayi xalifalarning farmon va farmoyishlari hisoblanadi. Keyinchalik boshqa musulmon davlatlarida qonunchilik faoliyatining rivojlanishi bilan huquq manbayi sifatida qonunlar yuzaga kelib, ularning ahamiyati tobora oshib borgan. Farmonlar va qonunlar shariat prinsiplariga zid kelmasligi lozim edi. Ular shariatni, avvalo, davlat organlarining faoliyatini tartibga soluvchi va davlat hokimiyatining aholi bilan ma'muriy-huquqiy munosabatlarini belgilovchi normalar bilan to'ldirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |