-lan/-lash qo’shimchalari masalasida uchinchi bir nozik jihatga ham e’tibor qilishga to’g’ri keladi : tekislanmoq – tekislashmoq so’zlarini olib qaraylik: yer tekislandi, yer tekislashdi gaplarida yer o’z-o’zidan tekis bo’lib borgan yoki tekis bo’lib qolgan ma’nolari anglashiladi. Bunda har ikkala qo’shimcha o’zlik nisbati ma’nosini beradi. Yerni tekislashdi gapida ma’no ham, nisbat ham o’zgaradi. Demak bu o’rindagi tekislashmoq ni birinchi gapdagi tekislashmoq bilan bir narsa deb bo’lmaydi. Yana bir jihatga e’tibor beraylik – yer tekislandi. Bu gapdagi –lan da majhullik ham bor. Shunday ekan bu qo’shimchalarning me’yoriylik darajasini belgilash ancha qiyin kechadi. Ammo u belgilanishi lozim. Chunki bu ham tilimizning nutq jarayonidagi imkoniyatlarini ko’rsatishga xizmat qilishi tabiiy.
O’zbek tilida ravishlar uslubiyati va me’yori haqida olimlarimiz haligacha o’z mulohazalarini bildirishgan emas. Buning sabablari bor, albatta. «Ravishning asosiy belgisi uning o’zgarmasligidir,- deyiladi «O’zbek tili grammatikasi»da,- ya’ni ravish biror so’z bilan bog’lanib, birikma hosil qilganda, o’z formasini o’zgartirmaydi, hyech qanday so’z o’zgartuvchi affiks olmaydi» (O’zbek tili grammatikasi, 1 tom, 528-bet).
Ravishlardagi ana shu o’zgarmaslik uning qo’llanishidagi uslubiy xilma-xillik bo’lishini chegaralaydi. Shu bilan birga, ularning nutq jarayonidagi me’yorlashishini, turg’unlashishini osonlashtiradi.
Shunga qaramasdan, ayrim misollar yordamida ravish so’z turkumiga oid so’zlarda ham me’yor muammolari mavjudligini kuzatish mumkin. Chunonchi fors-tojik tilidan kirib kelgan –ona qo’shimchasining ishlatilishi misolida ana shu masala mavjud. Bu qo’shimchaning o’zbek tilidagi –lar va –chasiga qo’shimchalariga teng kelishi ilmiy adabiyotlarda qayd qilib o’tilgan (O’zbek tili grammatikasi, 1 tom, 532-bet). Dabdurustdan qaraganda shundayligi ham to’g’ri. Ammo qator misollarni tahlil qilib, til faktlarini me’yor prizmasidan o’tkaza boshlagandan so’ng bu qarashning ayrim izohtalab o’rinlari ham ma’lum bo’lib qoladi. Misollarga murojaat qilamiz: ayyorona – ayyorlarcha – ayyorcha - ayyorchasiga, beadabona – beadablarcha, birodarona – birodarlarcha, bahodirona – bahodirlarcha, botirona – botirlarcha – botirchasiga, go’dakona – go’daklarcha – go’dakchasiga, do’stona – do’stlarcha – do’stchasiga, zolimona – zolimlarcha, iblisona – iblischasiga – iblislarcha, mag’rurona – mag’rurlarcha, mardona – mardlarcha – mardchasiga, mastona – mastcha, mag’rurona – mag’rurchasiga, mohirona – mohirlarcha – mohirchasiga, pahlavonona – pahlavonlarcha, tajavvuzkorona – tajavvuzkorlarcha, firibgar – firibgarlarcha – firibgarchasiga, faqirona – faqirlarcha, xoinona – xoinlarcha, qahramonona – qahramonlarcha – qahramonchasiga kabi variantlar tilimizda yashab kelayotganligi imlo lug’atlarda qayd etilgan. Ammo adibona, badbaxtona, betarafona, donishmandona, dilbarona, dilovarona, devkorona, johilona, jinoyatkorona, jasurona, zohidona, zaifona, ig’vogarona, isyonkorona, kamtarona, lutfkorona, muloyimona, ma’sumona, majnunona, muzaffarona, makkorona, mutakabburona, mug’ombirona, ma’yusona, namoyishkorona, ojizona, odilona, oshkorona, oqilona, payg’ambarona, razilona, riyokorona, sitamkorona, san’atkorona, tashabbuskorona, takabburona, fidokorona, xoloskorona, xiyonatkorona, xolisona, ehtiyotkorona, g’oyibona, g’olibona, g’aribona kabi so’zlarga –larcha, -chasiga qo’shimchalarining qo’shilishini o’zbek tili va imlo va morfem lug’atlarida uchratmadik. Bundan ana shu so’zlar doirasida ular sinonim emas ekan, degan xulosa kelib chiqmaydi. Faqatgina shu narsani ta’kidlash zarur bo’ladiki, misollar tahlilida bu uch qo’shimcha sinonimiyasida nutqiy me’yor asosiy o’ringa chiqishi ma’lum bo’lib qoladi.
Boshqacha aytganda, bu so’zlarning deyarlik barchasiga, faqatgina oshkor va g’oyib so’zlarini istisno qilgan holda, -larcha qo’shimchasini qo’shish to’g’ri bo’ladi va ularning ishlatilishini me’yor hisoblash mumkin. Lekin –chasiga qo’shimchasi haqida bu gapni aytish hamma vaqt ham to’g’ri emasday ko’rinadi. Mas., biz nutqimizda so’zlarni, garchi grammatik jihatdan qo’pol xato hisoblanmasa-da, badbaxtchasiga, betarafchasiga, go’dakchasiga, dadilchasiga, johilchasiga, zaifchasiga, muhibchasiga, muloyimchasiga, mas’umchasiga, muzaffarchasiga, ma’yuschasiga, namoyishkorchasiga, ojizchasiga, oshkorchasiga, oqilchasiga, olimchasiga, razilchasiga, sitamkorchasiga, tajavvuzkorchasiga, xoinchasiga, xolischasiga, g’oyibchasiga, g’aribchasiga tarzida qo’llashga odatlangan emasmiz. Ayrim holatlarda ba’zi shaxslar va badiiy adabiyot tilida qo’llanganda ham ularni ommalashgan, binobarin, me’yorlashgan deb aytish qiyin.
Bu qo’shimchalarning ishlatilishida ba’zan yuqorida aytilganlarning aksini ko’rish ham mumkin. Mas.: dehqonchasiga, dehqonlarcha tarzida tilimizda faol ishlatilishi bilan birga dehqonona deyish me’yorlashgan emas.
Ma’lum bo’ladiki, chegaralangan tarzda bo’lsa-da, ravishlar me’yori haqida ham so’z yuritish mumkin. Ularning me’yoriy holatlarini belgilashda xuddi boshqa so’z turkumlarida bo’lgani singari, matn - nutqiy jarayon hal qiluvchi vazifani o’taydi.
Shunday qilib, yuqorida bildirilgan mulohazalardan xulosa qilishimiz mumkinki, tilimiz morfologik shakllarining so’zlardagi yasalish, shakl hosil qilish va o’zaro grammatik munosabatlarga kirishish imkoniyatining kengligi tabiiy ravishda ayrim me’yoriy muammolarni ham keltirib chiqaradi. Bo’lajak mutaxassis sifatida filolog talabalar bu muammolarni ilg’ab borishi, ularni tahlil qilishi, nome’yoriy holatlarni bartaraf etish yo’llarini izlashi va piravordida ilmiy asoslangan ma’qul variantlarni amalda qo’llashi va boshqalarga tavsiya etishi zarur bo’ladi.
6-ma’ruza: S i n t a k t i k m ye ‘ yo r
Do'stlaringiz bilan baham: |