TASNIFLASH
O’lik to’qimalar konsistentsiyasi va klinik jarayonning xususiyatlarini hisobga olgan holda gangrena quruq va nam turga ajratiladi. Nam gangrena og’irroq kechadigan shakl bo’lib, bemorning hayotiga bevosita xavf tug’diradi.
Etiologik omillarni hisobga olganda, qorason infektsion, toksik, allergik, ishemik kabi turlarga bo’linadi.
Bundan tashqari, anaerob mikroorganizmlar tomonidan keltirib chiqariladigan gazli gangrena farqlanadi. Bu shakli asosan mushak to’qimalarini shikastlab, kechishi bo’yicha ma’lum xususiyatlarga ega.
ALOMATLARI QURUQ GANGRENA
Qoida tariqasida, quruq gangrena qon ta’minoti asta-sekin buzilgan hollarda rivojlanadi. Ko’pincha suvsizlangan, holdan toygan, shuningdek, «quruq» tana tuzilishiga ega bo’lgan bemorlarda uchraydi. Odatda cheklangan bo’lib, keyingi rivojlanishga moyil emas. Ushbu turdagi qorason burmalanadi, quriydi, hajmi bo’yicha kichrayadi, ixchamlashadi, mumiyolashadi, ko’kimtir-qora yoki jigarrang tusga kiradi.
Gangrenaning dastlabki bosqichlarida bemor oyoq-qo’llarida kuchli og’riqlar sezadi. Ta’sirlangan sohada teri avval oqarib, keyin marmar kabi, sovuq bo’lib qoladi. Periferik arteriyalarda puls aniqlanmaydi. Oyoq-qo’llar uvishib, sezgirligi buziladi, ammo og’riq nekrotik o’zgarishlar davrida ham davom etadi.
Og’riqlar uzoq vaqt davom etishi shikastlanish o’chog’idan proksimal (organizmning markaziga yaqinroq) joylashgan to’qimalarning reaktiv shishi tufayli asab tolalarining qisilishi va asab hujaylarining uzoq vaqt saqlanib qolishi bilan izohlanadi.
Quruq gangrena oyoq-qo’lning distal (markazdan uzoq) qismlarida boshlanadi, so’ng yuqoriga, qon aylanishi normal bo’lgan qismlariga tarqaladi. Ta’sirlangan va sog’lom to’qimalar chegarasida demarkatsion bolish (torus demarcationis) hosil bo’ladi. Agar nekrotik qism jarrohlik yo’li bilan olib tashlanmasa, u asta-sekin o’z-o’zidan rad qilinadi, ammo bu jarayon uzoq vaqt talab etadi.
Quruq gangrenani dastlabki bosqichlarda nisbatan xavfli va og’ir bo’lgan nam shaklga o’tishini oldini olish juda muhimdir. Shuning uchun, to’qimalar qurishidan oldin aseptik qoidalarga qat’iy rioya qilishni ta’minlash kerak. Ta’sirlangan sohalar quruq steril salfetkalar bilan qoplanadi, bog’lamlar muntazam ravishda almashtirib turiladi.
Patologiyaning quruq shaklida nekrotik to’qimalarning parchalanishi deyarli ifodalanmaydi. Toksinlarning oz miqdorda so’rilishi, intoksikatsiyaning yo’qligi va bemorning umumiy ahvoli qoniqarli bo’lishi erta jarrohlikni amalga oshirmaslik imkonini beradi. Patologiyaning ushbu shaklida jarrohlik aralashuvi odatda demarkatsiya bolishi to’liq shakllanganidan keyin o’tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |