Xizmatchi
1242 yil, aprel, Bag'dod.
Men qozikalonni quyuq ta'zim va tavoze bilan
eshikka qadar kuzatib qo'ydim va idish-
tovoqlarni yig'ishtirib olish uchun darhol
orqaga qaytdim.
Ajabki, Bobo Zamon (Ustoz) va darbadar
darvish, avval qanday o'tirgan bo'lsalar
shunday, biron so'z ham aytmasdan o'tirardilar.
So'zsiz suhbat - bu qanaqasi, tushunmay ko'z
qirimni tashlar edim men. Qiziqishning
zo'ridan yostiqlarni tuzatayotib, chiqindilarni
yig'ishtirayotib, gilamdagi ushoqlarni terib
olayotib vaqtni ataylab cho'zardim, lekin oxiri
chiqib ketishimga to'g'ri keldi.
Istar-istamas oshxonaga kirganimda, men
kurgan zahoti oshpaz menga buyruqlar berib
tashladi.
- Peshtaxtani art, yerni supur! Idishlarni yuvish
esingdan chiqmasin! O'choq va devorlarni artib
kuy! Keyin sichqonning qopqonini tekshir!
Men so'fiylar xonaqohiga kelganimga yarim
yilcha bo'ldi, oshpaz esa meni hamon
turtkilaydi. Kun bo'yi itday charchayman, u esa
o'zi berayotgan bu azoblarni ruhiy tayyorgarlik
deb ataydi, go'yoki chirk bosgan idishlarni
yuvish ruhiy ish emish.
Gapga uncha chechan bo'lmagan bu odam
faqat bir hikmatni - «Ozodalik - duo bilan
barobar, duogo'ylik - bu tozalik demak» degan
gapni tinmay takrorlayverardi.
- Agar shunday bo'lsa, u holda Bag'doddagi
barcha ayollar allaqachon avliyo bo'lib ketgan
ekanlar, - deb yubordim unga javoban bir kun
jasorat qilib.
O'shanda u mening boshimga yog'och qoshiqni
otib yuborgan va bor ovozi bilan baqirgan edi:
- Bunday gaplar yaxshilikka olib bormaydi,
bola! Darvish bo'lishni istasang, mana shu
yog'och qoshiqday so'zsiz bo'l. Mahmadonalik
- solikka xos fazilat emas. Kam gapirib, ko'p
o'yla!
Men oshpazni yomon ko'rardim, lekin ko'proq
qo'rqardim undan. Hech qachon buyruqlarini
bajarmay qoldirmagan edim. Shu bugungi
kechga qadar.
Oshpaz sal chalg'igan zahoti, qiziqishdan
toqatim toq bo'lgancha, oyoq uchida yurib
oshxonadan chiqdim, darbadar darvish haqida
biron bir narsa bilishga qaror qilib, asosiy
mehmonxona eshigi oldiga keldim. Kim o'zi
bu? Bu yerga nima uchun keldi? U boshqa
darvishlarga o'xshamas edi. Uning nigohlari
hatto tavoze bilan bosh eggan vaqtlarida ham
o'tkir va mustaqil edi.
Eshik tirqishidan qaradim. Avvaliga hech nima
ko'rinmadi. Birozdan keyin ko'zlarim
mehmonxona nimqorong'usiga ko'nikkach,
ustoz bilan darvishning yuzlarini farqlay
boshladim.
- Shams Tabriziy, senday insonni Bag'dodga
nima olib keldi? - so'radi ustoz. - Bizning
shahrimizni tushingda ko'rib keldingmi?
Darvish bosh chayqadi:
- Yo'q, tushimda ko'rib kelmadim. Menda
namoyonlik sodir bo'ldi. Men hech qachon tush
ko'rmayman.
- Hamma tush ko'radi, - dedi muloyimlik bilan
Bobo Zamon. - Sen balki ularni eslab
qolmassan. Lekin bu tush ko'rish yo'q, degani
emas.
- Tush ko'rmayman, - o'z gapida qattiq turdi
darvish. - Men Xudo bilan shunga
kelishganman. Bolaligimda men farishtalarni
ko'rardim va ko'zlarimga koinot sirlari ochilar
edi. Men ko'rganlarimni ota-onamga aytardim,
lekin bu ularga yoqmas edi, ular menga boshqa
ertak to'qimaslikni buyurishdi. Do'stlarimga
aytib berardim, lekin ular meni xayolparastga
chiqarishdi. Keyin ko'rganlarim haqida
o'qituvchilarimga aytdim, ular ham shunday
javoblar qilishdi. Nihoyat, odamlar barcha
g'ayrioddiy narsalarni tush yoki xayol, deb
hisoblashlarini tushundim.
Keyin darvish xuddi qandaydir shovqinni
eshitganday, to'satdan jim bo'lib qoldi. Shunda
g'alati ish bo'ldi. U o'rnidan turib, qaddini
rostladi va men tomonga qaraganicha, sekin-
asta eshikka yaqinlashdi. Go'yo mening
yashirincha kuzatayotganim unga ma'lumday
edi.
Nahotki, u eshik ortidagini ko'rar ekan?
Yuragim juda qattiq dukillardi. Oshxonaga
qochib ketishni istardim, lekin bunday qila
olmasdim. Qo'llarim, oyoqlarim, butun tanam
qotib qolganday edi. Eshik ortidan Shamsning
tim qora ko'zlari menga qarab turardi. Meni
dahshat bosdi, lekin ayni paytda butun tanam
bemisl kuchga to'ldi.
Darvish yaqin keldi, kaftini eshik dastasiga
qo'ydi, lekin hozir eshik ochiladi va u meni
ushlab oladi, deb turganimda, nimadir uni
to'xtatdi. Menga uning yuz ifodalari ko'rinmas
edi va men uni nima uchun maqsadini amalga
oshirmaganini tushunmadim. Biz ik- kimiz
eshikning ikki tomonida, menga chidab
bo'lmas darajada uzun ko'ringan ikki daqiqa
mobaynida, shu tariqa turib qoldik. Keyin
darvish menga orqasini o'girdi, eshikdan nari
ketdi va o'z hikoyasini davom ettirdi:
- Biroz kattaroq bo'lganimdan keyin men har
sa-far Uni ko'rganimda bu tush emasligini
bilishim uchun, mendan tush ko'rish
qobiliyatini olib tashlashini Xudodan iltijo qilib
so'radim. U rozi bo'ldi, shuning uchun men
buni aniq bilaman, tush ko'rmayman, menga
voqelik o'zi namoyon bo'ladi.
Shams Tabriziy xonaning narigi tomonidagi
deraza oldida to'xtadi, tashqarida yomg'ir
shivalab turardi, u gapida davom etishdan oldin
yomg'irga uzoq qarab turdi:
- Xudo mendan tush ko'rish qobiliyatini oldi.
Biroq buning o'rniga U menga boshqalar
ko'rgan tushlarini tushunish imkonini berdi.
Men odamlarga ular ko'rgan tushlari ma'nosini
tushuntiraman.
Men Bobo Zamon, odatda hamisha menga
qilganiday, uning bunday puch gapiga
ishonmasligi va darvishning ustidan kulishiga
amin edim.
Ammo u buning o'rniga hurmat bilan bosh
irg'adi:
- Sen boshqalarga o'xshamaydigan ko'rinasan.
Qani endi ayt-chi, men sen uchun nima qilib
berishim mumkin.
- Bilmadim. Aslida, siz menga o'zingiz buni
ayta- siz, deb umid qilgan edim.
- Qanday qilib? - hayron bo'lib so'radi Ustoz.
- Men qirq yil darbadar darvish bo'lib yurdim.
Tabiat qonunlarini tushunishni o'rgandim,
jamiyat qonunlari esa hamon menga qorong'u.
Agar kerak bo'lib qolsa, men yirtqich hayvon
bilan jang qila olaman, biroq insonga zarar
yetkaza olmayman. Men osmondagi barcha
yulduz turkumini, o'rmondagi har qanday
daraxtni nomma-nom aytib bera olaman va
tangri Taoloning O'zidan nusxa olib yaratgan
har bir insonni ochiq kitob kabi o'qiy olaman.
Ustoz moychiroqni yoqqunicha Shams yana
biroz jim qoldi. Keyin davom etdi:
- Qoidalardan birida: «Sen Xudoni hamma
narsalarni va hamma odamlarni bilish orqali
bila olasan, chunki xudo nafaqat masjiddadir, u
sinagogda ham yoki boshqa ibodatgohlarda
hamdir. Ammo shunda ham uning
qayerdaligini bilishni istasang, Uni O'z
sodiqlari qalbidan izla» deyilgan. Uni ko'rib,
tirik qolgan kimsa yo'q, shuningdek uni ko'rib,
o'luvchi ham yo'q. Uni topgan hamisha Uning
bilan birga qoladi.
G'ira-shira yoritilgan xonada Shams Tabriziy
o'zi bo'lganidan baland ko'rinardi va sochlari
yelkalariga tushib tutardi.
- Men ko'p yillar o'z duolarimda Xudoga iltijo
etib, o'z ilmimni bo'lishmog'im uchun
suhbatdosh so'radim. Nihoyat
Samarqanddaligimda menga namoyonlik
berildi. Menga Bag'dodga borishim va u yerda
maqsadim amalga oshishi mumkinligi aytildi.
Menimcha, siz menga suhbatdosh bo'ladigan
kishi ismini bilasiz, uning qayerda istiqomat
qilishini bilasiz va menga aytasiz, hozir emas,
keyinroq bo'lsa ham aytasiz.
Sekin-asta Yerga kech tushgan, lekin oy nuri
xonani yoritganidan keyingina men vaqt
allamahal bo'lib qolganini payqagan edim.
Oshpaz meni rosa izlagan bo'lsa kerak. Lekin
menga baribir edi. Qoidani buzayotganim
menga birinchi marta yaxshi ko'rinar edi.
- Mendan qanday javob kutayotganingni
tasavvur ham eta olmayapman, - g'o'ng'illab
qo'ydi ustoz. - Lekin hamon menga buni senga
ochish buyurilgan bo'lsa vaqti-soati kelganda
bu menga ma'lum bo'lishiga ishonaman. Unga
qadar biz bilan qol. Mehmonimiz bo'l.
Buni eshitgach, darbadar darvish tavoze bilan
ta'zim qildi va minnatdorlik bilan Bobo
Zaminning qo'lini o'pdi. Shundan keyin ustoz
darvishga g'alati savol berdi:
- Sen o'zingdagi barcha ilmni boshqa insonga
berishga tayyorman, deding. Sen Haqiqatni
xuddi qimmatbaho dur kabi o'z kaftingda
ushlab turibsan va uni kimgadir taqdim etishni
istaysan. Lekin o'z qalbini ruhiyat nuri uchun
ochish oddiy inson uchun juda murak- kab
masala. Sen bunda Xudoga tegishli huquqqa
da'vo qilmoqdasan. Buning uchun sen qanday
badal to'lay olasan?
Men darvishning bergan javobini bir umr
esimdan chiqarmayman.
- Badaliga boshimni bermoqchiman.
Butun tanamda chumoli o'rmalayotganday
bo'ldi, titrab ketdim. Tirqishdan yana qarab,
ustoz ham mendan kam larzaga tushmaganini
ko'rdim.
- Balki, gaplashganimiz buguncha yetarlidir, -
tin oldi Bobo Zamin. - Sen charchagansan.
Ruxsating bilan xizmatchimizni chaqiray. U
yotar joyingni ko'rsatsin, toza ko'rpa-to'shak va
bir piyola sut bersin.
Shams Tabriziy yana eshikka o'girildi, u meni
ko'rib turganiga hech shubham qolmadi. Boz
ustiga, u nafaqat tashimni, balki butun
qalbimni ham ko'rib turganday, undagi o'zim
hali bilmaydigan sirlarni ham biladiganday edi.
Hoynahoy, u Bobildagi Xorut va Morutdan
Qur'on rad etgan jodularni ham bilib olgan
chiqar. Yo bo'lmasa, u eshik va devor
tashqarisini ko'rishga qobil bo'lgan g'ayrioddiy
insoniy qobiliyatga ega bo'lsa kerak. Harqalay
u meni qo'rqitib yubordi.
- Xizmatchingizni chaqirishga hojat yo'q, -
dedi darvish ovozini biroz balandlatib. - Men
uning yaqin yerdaligini va bizni eshitib
turganini his etayapman.
Men shunday qattiq oh tortib yubordimki,
nazarimda, bu hatto qabristondagi o'liklarni
ham uyg'otib yubordi. Sarosimalikdan sakrab,
qorong'u joyga berkinmoqchi bo'lib, bog'
tomonga otildim. Biroq u yerda meni
kutilmagan noxushlik poylab turgan edi.
- Shu yoqda ekansanda, yaramas! - oshpazning
ovozi keldi menga, u qo'lida supurgi bilan
chopib kelardi. - Boshing baloga qoldi endi,
bola, baloga qoldi!
Men boshqa tomonga sakrab qochdim va
supurgiga qoqilib ketishimga oz qoldi.
- Beri kel yo oyoqlaringni sindiraymi! -
ketimdan chopib, pishillab baqirardi oshpaz.
Lekin men to'xtamadim. Buning o'rniga o'qday
otilib bog'dan chiqib ketdim. Ko'zlarimga
Shams Tabriziyning yuzi ko'rinmay qolguncha
chopaverdim, egri-bugri yolg'izoyoq yo'ldan
chiqib, katta ko'chaga chiqdim, keyin esa katta
ko'cha bo'ylab chopdim, chunki hech to'xtay
olmay qolgandim. Ko'krak qafasimda yuragim
dukillar, tomog'im qurib ketgan edi, men esa
baribir chopaverdim, toki tizzalarim qayrilib,
yerga ag'darilib tushgunimcha chopdim.
Ella
Do'stlaringiz bilan baham: |