1243 yil, 26 yanvarь, Bag'dod.
Shams Tabriziy darvishlar jamoasi a'zosi
sifatida, o'zi kutganidan ortiqroq vaqt
mobaynida sabr bilan kutishiga to'g'ri
kelmoqda edi. Mana to'qqiz oy o'tdi hamki, u
hamon Bag'dodda edi.
Men avvaliga uning istalgan vaqt narsalarini
yig'ishtirib ketvorishi mumkinligini kutdim,
zero, uning hamishalikka o'rnatiladigan
tartibotni qabul qilmasligi ochiq-oydin edi.
Jamoadagilarning qolgan barchasi
bo'ysunadigan kundalik hayot tarzi: bir vaqtda
uxlashga yotib, bir vaqtda turish, muayyan aniq
vaqtda ovqatlanish va shu kabilar uni qanchalar
zeriktirayotganini men ko'rib turardim. Uning
fe'l-atvori yolg'izlikda yashaydigan yovvoyi
erkin qushniki kabi edi. Hatto ikki martta ketib
qolishiga oz qolganini ham taxmin qilardim.
Shunga qaramay, uning yolg'izlik va erkinlikka
bo'lgan mayli qancha kuchli bo'lsa, ko'nglidagi
hamsuhbatni topish ishtiyoqi ham shunchalar
kuchli edi. Ana shu ishonch uni kutishga va
sabr-toqat qilishiga yordam berardi.
To'qqiz oy mobaynida men Shamsni diqqat
bilan kuzatdim va ko'rdimki, boshqa darvishlar
oylar, yillar mobaynida o'rganadigan narsalarni
u bir hafta, hatto uch-to'rt kundayoq
o'zlashtirardi. Uning har qanday yangi va
g'ayrioddiy narsalarga qiziqishi juda katta edi,
u tabiat hodisalarini kuzatishni yaxshi ko'rardi.
Bir necha marta bog'da men uning yo
o'rgimchak ini simmetriyasini, yoki daraxtlarda
yaltirab turgan shabnam tomchilarini zavq
bilan kuzatayotganini ko'rdim. Go'yo
hasharotlar, o'simliklar, hayvonlar unga kitob
va qo'l- yozmalardan qiziqarliroqday edi. Lekin
uni o'qishga qiziqishi yo'q ekan, deb o'ylagan
zahotim, qo'lida qalin kitob ushlab turganini
ham ko'rib qolardim. Keyin esa haftalab hech
nima o'qimay yuraveradi.
Men undan bu holatning sababini so'raganimda
u aqlni hamisha mamnunlik holatida saqlab
turish kerakligini va lekin uni buzib qo'ymaslik
uchun hamisha ehtiyot bo'lish kerakligini aytdi.
Bu uning qoidalaridan biri edi. «Tafakkur bilan
ishq turli matolardan to'qiladi, - der edi u. -
Tafakkur odamlardan chigallik to'qiydi va hech
nimasini boy bermaydi, ishq esa barcha
chigallarni yozadi va boru yo'g'ini boy beradi.
Tafakkur hamisha ehtiyotkor va har doim:
«Me'yorsiz zavqu shavqdan saqlanish»ni
maslahat beradi. Ishq esa «Oh, bu gaplar
behuda! Zahmatlar tubiga tushib boraver!»
deydi. Aqlni aldab bo'lmaydi, ishqni esa loyga
belash mumkin. Lekin ana shu loy ichiga
xazina jo bo'lishi mumkin. Pora bo'lgan yurak
xazinani o'zida saqlaydi.
Uni yaxshiroq bilib borar ekanman, undagi
jasurlik va aqlning o'tkirligi menga tobora
ko'proq yoqib borardi. Lekin men Shamsdagi
o'ziga xoslikning boshqa tomoni ham borligini
ko'rardim. Masalan, u qo'pollikka o'tib ketar
darajada dangalchi edi. Men o'z darvishlarimga
boshqalarning kamchiliklariga e'tibor
qaratishlarini va lekin shuning bilan birga
xotirjamlikni yo'qotmasdan, kechirimli
bo'lishlarini o'rgatardim. Shams esa xato qilgan
kishi kim bo'lmasin, buni o'tkazib yubormas
edi. Kishi xato qilganini ko’rgan zahoti darhol
va ochiqchasiga aytardi. Uning shartakiligi
ko'pchilikni xafa qilardi, shunga qaramay
odamlarning qitiq patiga tegish, keyin esa
jahllari chiqqanda ular o'zlarini qanday
tutishlarini kuzatish unga yoqardi.
Shamsni xo'jalik ishlariga jalb qilish qiyin
masala edi. Buning uchun unda toqat yetishmas
edi, ishga kirishgan zahoti qiziqishi so'nardi.
Mutaassiblik uni xunibiyron qilar, shunday
paytlarda xuddi qafasga tushib qolgan sherni
eslatardi. Agar suhbat ze-riktirsa yoki
suhbatdoshi unga o'rinsiz tanbeh beradigan
bo'lsa, bexuda vaqt o'tkazishdan qochib,
o'rnidan turardi va ketib qolardi. Oddiy
odamlar qadrlaydigan xavfsizlik, qulaylik
degan narsalar uning uchun ahamiyatsiz edi.
So'zlarning qimmatiga ishonchsizligi
shunchalik kuchli ediki, hatto bir necha kun
gaplashmay ham yuraverardi. Bu ham uning
qoidalaridan biri edi: «Insoniyat
muammolarining juda ko'pi o'zaro bir-birlarini
tushunmasliklaridan kelib chiqadi. So'zlarni
to'g'ridan-to'g'ri qabullab bo'lmaydi. Ishq
mintaqasiga kirilganida, tilni qo'llab bo'lmaydi.
Ishq tuyg'usini so'zlar bilan qamrab olib
bo'lmaydi, uni so'zsizlikda ifodalash mumkin,
xolos».
Keyinchalik men uning sog'lig'idan xavotirga
tusha boshladim. Dilimda o'zini bu qadar o'tga
ham, cho'g'ga ham qattiq uraveradigan odam
ertami-kechmi xatarli axvolga tushib qoladi,
degan gumon paydo bo'ldi.
Umrimiz nihoyasida biz o'zimizni Xudoga
topshiramiz, bizning qachon va qay tariqa bu
dunyodan ketishimiz faqat Uning O'zigagina
ayon. Men Shamsdagi jo'shqinlikni bir qadar
pasaytirishga va uni iloji boricha tinchroq
yashashga o'rgatishga qaror qildim. Muayyan
ma'noda bunga erishganday edim ham. Keyin
qish kirdi va bir kuni bizga uzoqdan xat olib
kelgan chopar keldi.
Bu xat hayotimizdagi barcha narsalarni ag'dar-
to'ntar qilib yubordi.
Maktub
Do'stlaringiz bilan baham: |