1243 yil. Fevral. Qaysariydan Bag'dodga.
Bismillohir rohmanir rahim!
Qadrli birodarim Bobo Zamon! Sizga hamisha
Xudoning roziligi nasib etsin!
Siz bilan oxirgi marta ko'rishganimizdan buyon
ancha vaqt o'tib ketdi, ammo bu xatim etib
borganida Siz sog' va omon bo'lgaysiz, degan
umiddaman. Sizning Bag'doddagi darvishlar
xonaqohingiz va u yerda darvishlarga
hikmatlardan, Ilohiy ishqdan berayotgan
ta'limingiz haqida ko'p go'zal fikrlar
eshitganman. Ushbu maktubni esa menga
tinchlik bermayotgan fikrlarni Siz bilan
bo'lishmoq istagida yozmoqdaman. Ruxsat
eting, hammasini bir boshidan aytay. Sizga
ma'lumki, sulton Alovuddin Qaykubod qiyin
davrlarda hukmronlik yuritgan ajoyib inson
edi. Uning orzusi shoirlar, hunarmandlar va
faylasuflar hamjihatlikda yashashlari va ijod
qilishlari mumkin bo'lgan shaharni qurish edi.
Salbchilar va mo'g'ullarning ustimizga ikki
tomondan bostirib kela boshlagani tufayli
vujudga kelgan boshboshdoqlik va o'zaro
nafratlar oqibatida sultonning bu orzusini
ko’pchilik amalga oshmas orzu deb hisoblar
edi. Biz ham bunga guvoh bo'lgan edik.
Xristianlar musulmonlarni o'ldirishar,
xristianlar xristianlarni o'ldirishar,
musulmonlar xristianlarni o'ldirishar,
musulmonlar musulmonlarni o'ldirishardi.
Dinlar, mazhablar, qabilalar, hatto aka-ukalar
bir-birlari bilan jang qilardilar. Lekin
Qaykubod o'z ahdida mustahkam edi. O'z
orzusini amalga oshirmoq uchun u Konya
shahrini tanlagan edi.
Balki eshitgandirsiz yoki eshitmagandirsiz,
hozir bizning davrimizda Konyada bir fozil
inson istiqomat etmoqda. Uning ismi Mavlono
Jaloliddin Rumiy, lekin odatda uni Rumiy
deyishadi. Men u bilan tanishmoq sharafiga
noil bo'lganman, nafaqat noil bo'ldim, balki
avvaliga unga ta'lim berdim, otasining
vafotidan keyin unga ustozlik qildim. U
shunchalar iqtidorli va aqlli ediki, ma'lum vaqt
o'tgach, u mendan emas, men undan ta'lim
oluvchi bo'ldim. Uning otasi ham buyuk fozil
inson edi. Ammo Rumiyda boshqa
mutafakkirlarda uchramaydigan noyob sifat
bor: unda boshqa inson qaysi dinga mansub
bo'lmasin, o'sha din qobig'i ostida qamalib
yotgan qalbining ichiga kira oladi, u erdagi
xazinalarni yuzaga chiqara oladi.
Siz faqat men bu fikrda emasligimni
bilishingizni istardim. Yosh Rumiy buyuk
sufiy, attor va ruhiyat bunyodkori Farididdin
Attor bilan uchrashganida,u «Hademay uning
qalbida dunyo qalbi o't olur, uning uchqunlari
Xaqiqat tashnalari yuragida alanga yoqur»
degan edi. Taniqli faylasuf, olim va sufiy Ibn
Arabiy ham otasi bilan birga yurgan Rumiyni
ko'rganida «Sharaflar bo'lsin, qul yonida
ummon odimlamoqda», deya xitob silgan edi.
Yigirma to'rt yoshida Rumiy Madrasa bosh
mudarrisi bo'ldi. Mana o'n to'rt yildan buyon
Konya ahli unda din peshvosini ko'radi, har
jumada shahar va uning atrofidagi aholi kelib,
suhbatlaridan bahra oladi. Rumiy falsafa,
ilohiyot, astronomiya, tarix, alkimyo va al-jabr
ilmlarini a'lo darajada biladi. Uning muridlari
o'n mingga yetgan, degan gaplar yurardi.
Izdoshlari har bir so'zini ilib olishga intilishadi
va unda butun dunyo tarixida bo'lmasa hamki,
aqalli islom tarixida burilish yasagan buyuk
ma'rifatparvarni ko'rishadi.
Rumiy menga o'z o'g'limday, men uning
otasiga uni o'z otalig'imga olishga va'da
berganman. Lekin men endi qaridim, vaqtu
soatim yetdi, shuning uchun Rumiy atrofida
o'ziga loyiq insonlar bo'lishiga ishonch hosil
qilishni istayman.
Rumiy hozir qanchalik mashhurlikka va ajoyib
marralarga erishgan bo'lmasin, menga bir
necha marta o'zi erishganlaridan
qoniqmayotganini aytdi. Uning hayotida
nimadir yetishmayapti - u na oila a'zolari va na
muridlari to'ldira olmaydigan qandaydir
bo'shliq borligini tuymoqda. Bir kuni men unga
qancha ko'p ishlyotgan bo'lmasin, negadir to'liq
yona olmayotganini aytdim. Uning dil qadahi
to'lib turipti, qalbidagi ishq oqib chiqmog'i
uchun uning ochilmog'ini istaydi. U mendan
buni qanday amalga oshirish mumkin deb
so'raganida men unga u bilan maslakdosh
hamsuhbat kerakligini aytdim, otasining
«Maslakdoshlar bir-birlariga ko'zgu bo'lib
xizmat qiladilar» degan gapini eslatdim.
Keyin bu haqida boshqa gaplashmadik, to
mening Konyadan ketar vaqtim bo'lmagunicha,
Rumiy mendan o'ziga tinchlik bermayotgan bir
tushining ma'nosini aytib berishimni so'rab
kelmagunicha, buni butkul esimdan chiqarib
yuborgan ekanman. U tushida Konyadan
uzoqdagi allaqanday g'ala-g'ovur katta
shaharda kimnidir izlab yurganini ko'rganini
aytdi. U yerdagi odamlar arab tilida
gaplashishar ekan. U yerda go'zal kun botarini
ko'ripti. U erda tut daraxtlari o'sar ekan, ipak
qurtlari o'z pillalari ichida Xudoning yorug'
olamiga chiqadigan vaqtlari kelishini kutib
yotgan emishlar. U yana o'zini, o'z uyi
hovlisidagi quduq yonida qulida chiroq tutib
o'tirgan va yig'lab o'tirgan holda ko'ripti.
Dastlab men bu tush nimani anglatishini
tushuna olmadim. Keyin nogahon ipak
matodan bo'yinbog' sovg'asini oldim, javob o'z-
o'zidan keldi. Jumboq yechilgan edi. Men
Sizning ipak matolarni yoqtirishingizni
esladim. Shuningdek, Sizning so'fiylik
xonaqohingizdagi ko'p ajoyib narsalar haqidagi
gaplarni esladim. Shundan keyin men Rumiy
shularni tushida ko'rganini angladim. Qisqasi
shuki, bundan buyon men o'zimga Rumiyning
suhbatdoshi bo'ladigan odam Sizning
xonaqoyingizda yashamayotganmikin, degan
savolni o'zimga bermoqdaman, birodarim.
Sizga bu maktubni shuning uchun ezdim.
Sizning darvishlaringiz orasida shunday odam
bor yo yo'qligini bilmayman. Lekin agar bor
bo'lsa, unga shuni ma'lum qilasizmi yoki
yo'qmi, bu Sizning ixtiyoringiz- da.
Men esa, agar biz Siz bilan bu ikki daryoni
birlashtirsak, ikkisining Haqda birlashmoqlari,
o’z suvlarini Muqaddas Ishq ummoniga olib
borib quymoqlari uchun nimadir qila
olganimizdan baxtiyor bo'lur edim.
Lekin e'tiborga olish kerak bo'lgan yana bir
narsa bor. Rumiyni ko’pchilik yaxshi kuradi va
hurmat qiladi, lekin bu unga tanqid ko'zi bilan
qaraydiganlar yo'q, degani emas. Ular bor. Boz
ustiga bunday ikki insonning bir bo'lishi
norozilik, nifoq, raqobat va dushmanliklar
keltirib chiqarishi mumkin. Rumiyning o'z
suhbatdoshiga bog'lanib qolishi uning oilasida
va umuman atrofdagilarda muammolar keltirib
chiqarishi mumkin.
Shularning hammasi Rumiyning suhbatdoshiga
hazilakam xavf keltirmasligi mumkin.
Boshqacha aytganda, Siz Konyaga yo'llaydigan
odam ortga qayta olmasligi mumkin. Shuning
uchun Sizdan aniq qarorga kelishingizdan va
bu maktubni kimgadir berishingizdan oldin,
yaxshilab o'ylab ko'rishingizni iltimos qilaman.
Sizni qiyin vaziyatga qo’yganim uchun uzr
so'rayman, lekin Alloh bandasiga o'zi ko’tara
oladiganchalik yukni berishini bilamiz. Sizning
javobingizni kutaman va Siz qanday qaror
qilmang, qaroringiz to'gri bo'ladi, deya umid
qilaman.
E'tiqod nuri Sizni va Sizning darvishlaringizni
aslo tark etmasin.
Ustoz Said Burxoniddin.
Shams
Do'stlaringiz bilan baham: |