2008 yil, 20 may, Nortgempton.
Devid uyga qaytmagan o'sha tunda Ella tushida
qorin raqsiga tushayotgan yalim yalang'och
ayollarni va darvishlarni ko'rdi; u yo'l bo'yidagi
karvonsaroyda ovqatlanayotgan jangari
askarlarni ham ko'rdi; ularga go'sht solib
pishirilgan somsalar va turli shirinliklar
solingan likoplar ketma-ket tashib keltirilar edi.
Keyin Ella o'zini ko'rdi. U allaqanday begona
mamlakatda goh g'ala-g'ovur bozorda, goh
qandaydir qo'rg'onda kimnidir izlar edi. Uning
atrofida ko'p odamlar asta harakatlanar edilar,
ular ham allaqanday eshitilmas musiqa ohangi
ostida raqs tushar edilar go'yo. Ella allanima
so'ramoqchi bo'lib, uzun mo'ylabli semiz
kishini to'xtatdi, lekin nima so'ramoqchi
bo'lganini esidan chiqarib qo'ygan edi. U kishi
tushunmay unga qarab qo'ydi va nari ketdi.
Keyin u yana kimlar bilandir gaplashmoqchi
bo'ldi, lekin hech kim unga javob bermas edi.
U avvaliga mahalliy tilni bilmaganim uchun
meni tushunishmayotgandir, deb o'yladi. Lekin
keyin qo'lini og'ziga olib borgach, dahshat
bilan o'zining og'zi yo'qligini bildi. Sarosimaga
tushib, o'zining qanchalik o'zgarganini ko'rish
va tushunish uchun hamma yoqqa qarab ko'zgu
izlay boshladi, lekin hech qaerda ko'zgu yo'q
edi. Keyin Ella yig'lab yubordi va g'alati
tovushlardan uyg'onib ketdi.
U ko'zlarini ochganida, Spirit (iti) zo'r berib
orqa eshikni tirmalayotganini ko'rdi. Biron
hayvon pillapoyaga chiqqan bo'lsa kerak. It
ayniqsa sassiqko'zanlarni yomon ko'rardi.
O'tgan yil qishda ulardan biri bilan to'qnashib
qolganini haligacha esidan chiqarmagan bo'lsa
kerak. O’shanda Ella bir necha hafta unga
o'rnashib qolgan sassiq hidni ketkazish uchun
itni cho'miltirgan bo'lsa ham, kuygan
rezinkanikiga o'xshagan bu hid sira ketmagan
edi.
Ella devorda osilib turgan soatga qaradi. O'n
besh minut kam uch. Devid hamon qaytmagan
edi va balki hech qachon qaytmas. Janet
qo'ng'iroq qilmadi. Qattiq umidsizlikka tushgan
Ella uning qachondir qo'ng'iroq qilishidan
gumonda edi. Eri va qizi undan yuz
o'girganlaridan dahshatga tushgan holda Ella
muzxona eshigini ochdi va bir necha daqiqa u
yerdagi masalliqlarga ko'z yugurtirdi. Vanilli-
olchali muzqaymoq egisi kelar edi, lekin
semirishdan qo'rqib, nafsini tiydi, muzxona
eshigini keskin yopib nari ketdi.
Qizil vinoli shishani ochdi. Bu yengil, unga
yoqadigan achchiq-chuchuk ta'mlar aralashgan,
yaxshi vino edi. Faqat ikkinchi qadahni
to'ldirayotganida Ella Devidning qimmatbaho
«Shato Margo 1996» bordosini ochishi ham
mumkinligini o'ylab qoldi. Nima qilishini
bilmay, noxushlik bilan shishaga qarab qoldi.
Kun bo'yi charchagan va yurgan yo'lida uyqusi
kelib turgan Ella elektron pochtasiga ham bir
nazar solib qo'ymoqchi bo'ldi. O'ndan ortiq
keraksiz xabarlar orasida Mishelning
qo'lyozmani o'qish bo'yicha ishlar qandayligi
haqidagi savoli va Aziz Z. Zaxaradan kelgan
xat bor edi.
Azizam Ella (Sizni shunday atashimga ruxsat
etsangiz, albatta)!
Xatingiz menga Gvatemalaning Monostenango
deb atalgan qishlog'idaligimda yetib keldi. Bu
odamlar hamon mayya kalendariga rioya etib
kelayotgan kamdan-kam joylardan biri. Men
qo'ngan mehmonxonaning naq ro'parasida
xilma-xil ranglardagi yuzlab mato parchalari
bilan bezangan xohish-istaklar daraxti ko'rinib
turipti. Uni bu yerda chilparchin bo'lgan
(parchalangan yuraklar) daraxti deb atashadi.
Yuraklari chil-chil bo'lgan odamlar, singan
yuraklariga shifo istab, iltijo qilgan holda
mato bo'lagiga o'z ismlarini yozishadi va
daraxt shoxlariga osib quyishadi.
Sizning e-mail ingizni o'qigach, mening shu
daraxt yoniga kelib, Siz bilan qizingiz yarashib
ketishingizni tilab, duo qilganim Sizga nisbatan
uncha katta behurmatlik bo'lib ko'rinmas,
degan umiddaman. Zero, muhabbatning biron
uchquni ham uvol ketmasligi kerak, chunki
Rumiy aytganidek, muhabbat - tiriklik
chashmasidir.
O'tmishda menga bir narsa yordam bergan edi.
Men atrofimdagi odamlarga ular o'zlari
istaganlariday yashashlariga xalal berishdan,
ularni o'zgartira olmaganimdan, ruhan
ezilishlardan o'zimni to'xtatdim. Agar ruxsat
etsangiz, Sizga (boshqa insonlar hayotiga)
aralashishdan ko’ra (boshga tushgan ishlarga)
rizolik vaziyatida bo'lishni maslahat bergan
bo'lardim.
Ba'zilar «rizolikni» (mo'minlikni) «zaiflik» deb
tushunar ekanlar, ular katta xatoga yo'l
ko'yadilar, vaholanki, zaiflikning bunga
mutlaqo aloqasi yo'q. Rizolik (mo'minlik)
insoniyat bir jamoa bo'lib yashashi shartlarini
tinchlik bilan (qarshiliksiz) qabullashi shakli
bo'lib, bunga biz hozirda o'zgartira
olmaydigan yoki tushuna olmaydigan barcha
vaziyatlar ham kiradi.
Mayya jadvaliga ko'ra, bugun yaxshi kun.
Astrologiyaviy o'zgarishlarning ko'pi endi
sodir bo'ladi va ular insonlarda yangi ong
shakllanayotganidan darak bermoqda. Men bu
xatni quyosh botmasidan oldin, ya'ni bugungi
kunning oxiriga qolmasdan yetkazishga
ulgurishim kerak.
Ishq kutmagan vaqtingizda va kutmagan
yeringizda Sizni tutib oladi.
Sizga samimiyat ila Aziz.
Ella butkul begona inson dunyoning boshqa
chekkasida turib unga ezgulik tilab duoi iltijo
qilganidan ta'sirlangan holda noutbukni yopdi.
Ko'zlarini yumib, istaklar daraxtiga bog'langan
matoga kimning ismi yozilganini va uning
shamoldagi varrak kabi silkinayotganini
tasavvur etdi.
Bir necha daqiqadan so'ng Ella oshxona
eshigini ochdi va hovliga chiqib, salqin esgan
shamol lazzatini tuydi. Mamnuniyat his
etmayotgan, notinch Spirit yonida turar va zo'r
berib havoni iskar edi. U oldin ko'zlarini qisdi,
keyin uzoqda qo'rqinchli bir nimani
ko'rayotganday, ko'zlarini ochdi va quloqlarini
ding qildi. Oy yorug'ida Ella va iti yonma-yon
turar va har ikkisi ham zim-ziyo qorong'ulikka
qarab, u yerda harakatlanayotgan narsadan va
noma'lumlikdan bir xilda qo'rqqanlaricha turar
edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |