Shams
1242 yil, mart, Samarqandga yaqin
shaharchadagi karvonsaroy.
Karvonsaroyning yuqori qavatida o'ndan ortiq
charchagan yo'lovchilar uyquga g'arq bo'lib
yotishipti. Men ter va mog'or isi kelib turgan
o'rog'liq o'rin-ko'r- palarim turgan joyga etib
borishim uchun allakimlarning qo'l yo
oyoqlaridan sakrab o'tishimga to'g'ri keldi.
Qorong'uda yotar ekanman, xayolimda kun
bo'yi sodir bo'lgan hodisalarni baholar, ular
orasida ilohiy ishora bo'lishi mumkin bo'lgan
hech nimani shoshqaloqlik yoki jaholat tufayli
o'tkazib yubormadimmikin, deya birma-bir
ko'zdan kechirardim.
Menga bolaligimdayoq turli hodisalar
namoyon bo'lgan va men ovozlar ham eshitar
edim. Men hamisha Xudo bilan gaplashardim
va U ham meni javobsiz qoldirmas edi. Goho
osongina yuqoriga, yettinchi osmonga
ko'tarilardim. Gohida esa bahaybat emanlar va
yer hidi kelib turgan joylar orasiga yashiringan
qandaydir chuqur chohga qulab tushardim.
Shunday vaqtlarda mening ishtaham yo'qolar
va ko'p kunlar taom yemay yura olardim. Meni
hech nima qo'rqita olmas edi va keyinchalik
o'zim kurgan narsalarni boshqalarga xuda-
bexudaga aytavermaydigan bo'ldim. Odamlar
odatda o'zlari tushunmaydigan narsalarga
beparvo munosabatda bo'ladilar. Va men eng
oldin ayni shuni esimda saqlab qoldim.
Menga namoyon bo'lgan narsalarni noto'g'ri
talqin etgan birinchi odam otam edilar. Men o'z
himoyachi-farishtamni har kuni ko'ra
boshlaganimda o'n bir yoshga to'lgan edim,
lekin soddaligimdan hammada shunday bo'ladi,
deb o'ylagan edim. Bir kuni otam meni
kelgusida duradgor bo'lishimni istab,
qarag'aydan sandiq yasashni
o'rgatayotganlarida, men unga o'z himoyachi-
farishtam haqida aytgandim.
- Sen xayolotga ko'p berilasan, o'g'lim, - degan
edi u quruqqina qilib. - Bu xayollaringni
hammaga aytaverma. Qo'ni-qo'shnilar e'tiborini
o'zingga tortishning hech keragi yo'q.
Gap shundaki, bir necha kun oldin
qo'shnilarimiz mening ota-onamga o'zimni
g'alati tutishimni, bu ularning bolalarini
qo'rqitayotganini aytib, shikoyat qilishgan edi.
- Men seni tushunmayman. Nima uchun o'z
ota-onangga o'xshab yurishni istamaysan? -
Hamma bolalar o'z ota-onalariga o'xshaydilar-
ku. Axar sening bizdan farqing yo'q.
O'shanda men garchi ota-onamni yaxshi
ko'rsam ham va ular meni yaxshi ko'rsalar ham,
biz mutlaqo har xil ekanimizni tushungan
edim.
- Ota, boshqa bolalaringizdan farqli o'laroq
men boshqa tuxumdan chiqqandekman. Men
xuddi tovuq tuxum bosayotganda, tovuq
tuxumlari orasiga solib qo'yilgan o'rdak
tuxumidan chiqqan kabiman. Men bir
tovuqxonada butun umrini o'tkazadigan uy
qushi emasman. Siz suvdan qo'rqasiz, menga
esa suv quvvat beradi. Sizdan farqim shuki,
men suzishni bilaman va suzaman ham.
Ummon - mening uyim. Agar men bilan bo'la
olsangiz, birga suzaylik. Aks holda menga
xalal bermang va tovuqxonangizda qolavering.
Otamning ko'zlari hayratdan katta-katta ochildi
keyin mendan chetlashayotganday ko'zlarini
qisdi.
- Sen hozir o'z otang bilan shunday
gaplashsang, - dedi u g'amgin ohangda, - katta
bo'lganingda, dushmanlaring bilan qanday
gaplashasan?
Katta bo'lgan sarim, turli hodisalar ko'z
o'ngimda namoyon bo'lishdan to'xtamas va bu
ota-onam dillarini vayron qilar edi. Aksincha,
ular ko'payib borar, ta'sir kuchlari ortib borar
edi. Men ota-onam qayg'uga botayotganini
tushunar, o'zimni aybdor his etar, ammo
ko'rayotganlarimni qanday to'xtatishni bilmas
edim. Bilgan taqdirimda ham, balki to'xtatmas
edim. Shundan keyin uydan butunlay ketdim.
Shundan buyon «Shams» so'zi mening
tilimdagi eng shirin, eng yoqimli, eng aziz
so'zga aylandi. Bolaligimdan xotira bo'lib faqat
uchta hid qoldi: kesilgan daraxt hidi, ko'knor
urug'i surtib yopilgan nonning hidi va yerdagi
yurganda g'irchillaydigan yupqa qor hidi.
Shundan buyon men darbadar kezuvchi
darvishman, hech erda bir kundan ortiq
tunamayman, hech qachon bir idishdan ikki
marta ovqat emayman va har kuni atrofimda
har xil odamlarning yuzlarini ko'raman. Och
qolmaslik uchun, odamlarning tushlari ta'birini
aytib, uch-to'rt tanga pul topaman. Shu alfozda
men Sharqu G'arbni kezib Xudoni izlab
yuraman. Men yashashga arzirli hayotni
izlayman va bilishga arzirli ilmni izlayman. Va
hech yerda qo'nim topa olmayman,
daydiganim-daydigan.
Sayohatlarim mobaynida ko'p yo'llarni bosib
o'tdim, barchaga ma'lum savdo-sotiq
yo'llaridan tortib, to ko'p kunlar odam oyoq
bosmaydigan yerlarga qadar- Qora dengiz
bo'ylaridan tortib Eronga qadar, Osiyoning
bepoyon cho'llaridan tortib Arabiston qum
uyumlariga qadar. Men qalin o'rmonlarni, yam-
yashil yaylovlarni va bo'z yerlarni kezdim;
karvonsaroylarda va mehmonxonalarda
bo'ldim; eski kutubxonalarda olimlar bilan
suhbatlashdim; maktablarda yosh bolalarni
o'qitayotgan ustozlarga quloq soldim;
madrasalardagi talabalar bilan tafsir xususida
olib borilayotgan bahslarda qatnashdim;
ibodatxonalarni, monastirlarni va muqaddas
joylarni ziyorat qildim; g'orda yashayotgan
tarkidunyochilar bilan birga ularning g'orlarida
muroqabalar qildim; darvishlar bilan birga zikr
tushdim; donishmandlar bilan birga ro'za
tutdim va bid'at ahli bilan tanovul qildim; oy
to'lgan kunda shomonlar bilan raqs tushdim.
Men barcha din, barcha yosh va barcha kasb
kishilari bilan birga bo'ldim; baxtsizliklar va
mo'jizalarni kuzatdim.
Men qashshoq qishloqlarni, yondirilgan, qop-
qora ekinzorlarni, talon-toroj etilgan, qon daryo
bo'lib oqqan va bironta tirik erkak yoki o'n
yoshdan katta bola qolmagan shaharlarni
ko'rdim. Men eng yaxshini ham, eng yomonni
ham ko'rdim. Va endi meni hech nima hayron
qila olmaydi.
Shu sinovlarning barchasidan o'tgach, men
hech qaysi kitobda yozilmagan narsa haqida
yozishga jazm etdim, zero bu narsa mening
qalbimda tug'ildi.
Bu men «Darbadar kezgan musulmon-
sufiylarning asosiy g'oyalari» deb atagan
g'oyalar ro'yxati edi. Men uchun ular xuddi
tabiat qonunlari kabi hamma jabhalarga
taalluqli, ishonchli va o'zgarmas g'oyalar edi.
Bular «Ishqqa oid 40 qoida» bo'lib, ular faqat
ishq orqali hayotga qo'llanishi mumkin edi.
Qoidalardan birida shunday deyiladi: «Haqqa
olib boruvchi yo'lni topish boshning emas,
yurakning ishi. Yurak senga yo'lboshchi
bo'lishi kerak! Bosh emas. Nafsni yurak
yordamidagina yengish mumkin. Shunda o'z
Haqiqiy «Men»ingni topasan va natijada
Xudoni topasan».
Bu qoidalarni aniqlash uchun menga ko'p yillar
kerak bo'lgan edi. Shu ishni yakunlagach, o'z
hayotimning yakuniy bosqichiga yetganimni
angladim. Lekin o’lish meni xafa qilmayotgan
edi, chunki o'lim hamma narsaning yakuni
emasligini bilar edim - men o'zimdan meros
qoldira olmayotganimdan xafa edim.
Yuragimda aytilishi kerak bo'lgan juda ko'p
narsa to'planib yotar edi. Men o'z ilmim va
g'oyalarimni ustoz bilan emas, shogird bilan
ham emas, boshqa bir inson bilan bo'lishishni
istar edim. O'zimga teng keladigan insonni -
suhbatdoshni izlardim.
- Yo, Tangrim, - shivirlar edim men qop-
qorong'u zax xonada yotar ekanman, - butun
umr dunyo kezib Sening yo'lingda yurdim.
Men har qanday insonni xuddi ochiq kitob,
jonli Qur'on kabi kabi o'qiydigan bo'ldim. Men
boshqa ko'plab ilm ahllari kabi fil suyaklari
ustiga qurilgan qal'alarda yashamadim, o'z
vaqtimni boshqalar bilan - jamiyatdan
chetlashtirilgan, qochqindagi va quvg'indagilar
bilan o'tkazishni afzal deb bildim. Endi esa
bardoshim tugadi. Sening hikmatlaringni to'g'ri
yo'ldagi insonga uzatmog'im uchun menga
yordam ber. Shundan keyin O'zing meni nima
qilsang qil.
Shu payt xona xuddi kunduzgiday yorishib
ketdi. Havo xuddi xonaning barcha oynalar
keng ochib qo'yilganday toza havoga to'ldi,
shamol esib uzoqlardagi bog'lardan lola va
yasmin gullarining iforini ufurdi.
- Bag'dodga bor, - himoyachi-farishtamning
ovozi eshitildi menga.
- Bag'dodda nima bo'ladi? - so'radim men.
- Sen suhbatdosh so'rab iltijo qilding,
suhbatdoshni topasan. Bag'dodda ustozni
uchratasan va u senga qayoqqa borishing
kerakligini aytadi.
Mening ko'zlarimdan minnatdorlik yoshlari
oqdi. Men endi ayonlikda ko'ringan inson o'z
suhbatdoshim, ruhiy birodarim ekanini bilib
olgan edim. Biz ertami yo kech uchrashishimiz
taqdir qilingan edi. Endi men bu insonning och
qo'ng'irrang mehrli ko'zlari nima uchun
hamisha g'amga to'liqligi sababini bila olaman
va nima uchun meni bahor tunida o'ldirishlari
sababini bila olaman.
Ella
Do'stlaringiz bilan baham: |