O‘tmish so‘zi kechmish, moziy so‘zlari bilan leksik sinonimiyani hosil qiladi. Bu so‘zlar o‘zaro o‘tgan vaqtning uzoqlik darajasi (moziy, kechmish), qo‘llanish o‘rni («kechmish» inson umriga nisbatan qo‘llanadi, «o‘tmish» turli kontekstlarda ishlatiladi), kitobiylik, eskirganlik kabi qo‘shimcha ma’nolar bilan farqlanadi. «O‘tmish» so‘zining «kelajak» so‘ziga antonim bo‘lishida «oldin» va «keyin» semalari katta ahamiyatga ega: kelajak – hozirgi paytdan keyin keladigan zamon, hayot; o‘tmish – hozirgi paytdan oldin o‘tgan zamon, hayot.
Hozir oti hozir ravishidan farqlanadi. Uni kelishik, egalik qo‘shimchalari olishidan bilish mumkin: hozirdan, hozirga kelib kabi.
«Kelajak» so‘zi, asosan, ikki qo‘llanishga ega. Uning «kelajak ko‘rsatadi», «kelajakda ma’lum bo‘ladi» birikmalarida vaqt semasi (qachon?) bo‘rtib turadi; kelajagi porloq, kelajakni o‘ylash kerak birikmalarida esa «hayot» semasi kuchaygan holatda bo‘ladi. «Kelajak» so‘zining ma’nosi «istiqbol» leksemasining ma’nosiga yaqin bo‘lib, istiqbol so‘zida «porloq» (hayot) semasi mavjud.
8. Muayyan ishning maqsadga muvofiq yoki o‘ziga xos ro‘yobga chiqish vaqtini ifodalovchi otlar. Fursat, mavrid, xonasi, mavsum leksemalari ma’lum bir ishni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan vaqtni nomlaydi. Bulardan fursat, mavrid, xonasi leksemalari ma’lum bir ishni amalga oshirishning qulay vaziyatini bildirib, sinonimik qator hosil qiladi. «Fursat» so‘zining semalari: vaqt, qulay, ish uchun; ta’rifi: biror ishni bajarish uchun qulay vaqt.
«Mavsum» leksemasi muayyan ishni amalga oshirishning qulay paytini emas, yilning ma’lum qismidagi aniq vaqtni bildiradi. Bu vaqt tasodifiy bo‘lmay, muayyan bir ish uchun har yili takrorlanuvchi, tabiatdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq holda amalga oshuvchi ish vaqtidir. «Mavsum» ko‘p ma’noli bo‘lib, bosh ma’nosi yuqoridagi sememani ifodalasa, ikkinchi ma’nosi bilan «fasl» leksemasiga sinonimdir. Birinchi sememaning semalari: yil, fasl. Ta’rifi: yil fasli. Ikkinchi sememaning semalar tarkibi quyidagicha: ish bajariladigan, vaqt, fasl; ta’rifi: yilning ma’lum faslida amalga oshiriladigan ish davri.
Vaqt bilan bog‘liq predmet, voqea-hodisa, holatlarni ifodalovchi otlarning semantik strukturasida «vaqt» semasining yetakchiligi kuzatilmaydi, qorishiq holda uchraydi. Vaqt bilan bog‘liq narsalarni nomlovchi temporal otlarni quyidagi mavzu guruhlarga ajratish mumkin:
1. Vaqt hisobini anglatuvchi otlar. Bunday leksemalar sirasiga sana, kalendar so‘zlarini kiritish mumkin. Bu so‘zlarning shakllanishiga «vaqt» semasi asos bo‘lgan. Mazkur so‘zlarning semantik mundarijasida «hisob» va «vaqt» semalari umumiy sema bo‘lib, ularni shu guruhga birlashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |