O‘zbek tilidagi «farzand» so‘zining ma’nosida ota va ona so‘zlaridagi vaqt semasiga nisbatan olinadigan vaqt belgisi (sema) mavjud. Farzandlarning oldin, keyin, oraliq vaqtlarda tug‘ilish belgilari ham ayrim so‘zlarning ma’nosining shakllanishiga ta’sir qilgan: kenja – farzand, tug‘ilmoq, eng keyin, ta’rifi: eng keyin tug‘ilgan farzand; to‘ng‘ich – farzand, tug‘ilmoq, eng oldin; ta’rifi: eng oldin tug‘ilgan farzand; o‘rtancha – farzand, tug‘ilmoq, to‘ng‘ich va kenja orasidagi; ta’rifi: to‘ng‘ich va kenja orasida tug‘ilgan farzand.
Qarindosh nomlari bo‘lgan leksemalarning semik strukturasida nisbatlanuvchi vaqtlar (yoshlar) ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aka – o‘g‘il, tug‘ishgan, katta yoshli; ta’rifi: bir ota-onadan tug‘ilgan katta o‘g‘il; uka – o‘g‘il, tug‘ishgan, kichik yoshli; ta’rifi: bir ota-onadan tug‘ilgan kichik o‘g‘il; opa – qiz, tug‘ishgan, katta yoshli; ta’rifi: bir ota – onadan tug‘ilgan katta qiz; singil – qiz, tug‘ishgan, kichik yoshli; ta’rifi: bir ota- onadan tug‘ilgan kichik qiz.
Qarindoshlik anglatuvchi so‘zlarning ko‘chma qo‘llanishida vaqt semasi bo‘rtib turadi: ota2 – erkak, ancha katta, hurmatli; ta’rifi: o‘zidan ancha katta hurmatli erkak; ona2 – ayol, ancha katta, hurmatli; ta’rifi: o‘zidan ancha katta hurmatli ayol.
9. Tabiiy va ijtimoiy hodisalar bilan bog‘liq muhim davrlarni ifodalovchi baynalminal otlar. Bularga paleolit, mezolit, patriarxat, matriarxat, feodalizm, kapitalizm, kaynazoy, besh yillik kabi so‘zlar kiradi. Masalan, paleolit – qa-dimgi tosh davri, mezolit – o‘rta tosh davri, patriarxat – ota urug‘i davri, matriarxat – ona urug‘i davri, feodalizm – feodallar va dehqonlar munosabatiga asoslangan ijtimoiy davr, besh yillik – besh yillik rejalarning bajarilish davri kabi.
10. Vaqt bilan bog‘liq musobaqa, tomoshalarning qismlarini ifodalovchi otlar. Bunday so‘zlarga start, final, taym, antrakt kabi baynalminal leksemalarni kiritish mumkin. Ular musobaqa, tomoshalarning vaqt bilan bog‘liq qismi va bo‘limlarini nomlaydi. Start – sport, boshlanish, payt; ta’rifi: sport musobaqalarining boshlanish payti; final – sport, tugash, payt; ta’rifi: sport musobaqalarining tugash payti; taym – futbol, yarim qism, 45 minut; ta’rifi: futbol o‘yinining 45 minutlik ikki yarmidan biri; antrakt – spektakl, konsert, tanaffus; ta’rifi: spektakl pardalari yoki konsert bo‘limlari orasidagi tanaffus.
11. O‘zbek tilida vaqt bilan bog‘liq holat bildiruvchi otlar ham mavjud bo‘lib, bularga -lik so‘z yasovchi affiks bilan hosil qilingan so‘zlar kiradi: bolalik, o‘spirinlik, yigitlik, qarilik, vaqtixushlik, vaqtichog‘lik, o‘rta asrchilik, qadimiylik, mangulik, abadiylik kabi. Ushbu so‘zlar yordamida biologik, ruhiy va temporallik bilan bog‘liq belgi-holatlar ifodalanadi. -lik qo‘shimchasi inson yoshining ma’lum bosqichlarini ifodalovchi so‘zlarga qo‘shilib, o‘sha yosh bilan bog‘liq inson umrining ma’-lum davrini va shu davrga xos bo‘lgan belgi-holatni ifodalaydi: go‘daklik, bolalik, o‘smirlik, yigitlik, qizlik, yoshlik, keksalik, qarilik kabi. Go‘daklik – go‘dak, davr; ta’rifi: go‘daklik davri; bolalik – kishi, voyaga yetmagan, bola, yosh, davr; ta’rifi: kishining hali voyaga yetmagan, bola vaqtidagi davri; o‘smirlik – o‘smir, yosh, davr; ta’rifi: kishining o‘smir yoshidagi davri; qizlik – ayol, yoshlik, davr; ta’rifi: ayollarning yoshlik davri; yigitlik – erkak, yosh, davr; ta’rifi: erkaklarning yoshlik davri; yoshlik – kishi, qarimagan, navqiron, davr; ta’rifi: kishining qarimagan davri; keksalik (qarilik) – kishi, umr, so‘nggi, zaif, davr; ta’rifi: kishi umrining zaiflashgan, so‘nggi davri.
Do'stlaringiz bilan baham: |