Kuz2 sememasi Kuz1 sememasidan hosil bo‘lgan. Bunda Kuz1 tarkibidagi «yil» «umr»ga, «fasl» «davr»ga aylangan. Kuz2 sememasiga izohli lug‘atda shunday ta’rif beriladi: «davrning, masalan, kishi hayotining, umrining oxirgi damlari». Bu yerda tabiatning xazonrezgi payti inson umrining qarilik davriga o‘xshatilmoqda. Ma’lumki, daraxt barglarining sarg‘ayib to‘kilishi, hayvonlarning tulashi, havolarning o‘zgarishi kabilar qarilikdagi fiziologik o‘zgarishlarga o‘xshaydi. Demak, Kuz2 sememasining semalari quyidagicha bo‘ladi: «umr», «so‘nggi», «davr».
Qish leksemasi bir ma’noli, monosemem leksemadir. Uning ma’nosi qish fasli, qish chillasi, qish sovug‘i kabi bog‘lanishlarda reallashadi. Semalar tarkibi: yil, fasl, kuzdan keyin, bahordan oldin, sovuq. Ta’rifi esa quyidagicha bo‘lishi mumkin: yilning kuzdan keyin, bahordan oldin keladigan eng sovuq fasli.
Xullas, bir yillik vaqtning tabiat o‘zgarishlariga bog‘liq holda tadrijiy o‘tish hodisasi asosida shakllangan fasl nomlari semantikasi muayyan miqdordagi birlashtiruvchi va ajratuvchi semalar majmuasidan iborat bo‘lib, ushbu semalardan ayrimlarining ma’lum munosabatlardagi bog‘lanishlaridan har bir fasl nomining leksik ma’nosi shaklangan. Shuningdek, semalarning metaforaga bog‘liq imkoniyatlari asosida ikkilamchi semantik sistema – ko‘chma ma’nolar tizimi vujudga kelgan.
7. Vaqtning o‘rnini ifodalovchi otlar. Ushbu guruhga ibtido, azal, intiho, nihoya, pirovard, oxir, yakun, poyon, so‘ng, ket, ora, o‘rta, o‘tmish, kelajak, tarix, istiqbol kabi so‘zlarni kiritish mumkin.
Ma’lumki, vaqt qaytarilmaslik, bir yo‘nalishlilik, cheksizlik, bo‘linuvchanlik, nisbatlanish, uch zamonga ajralish kabi xususiyatlarga ega. Ushbu xususiyatlar kishi ongida aks etishi va tushunchalar orqali temporal ma’nolarga aylanishi mumkin. Xullas o‘zbek tilida ham, boshqa tillarda bo‘lgani kabi, izchil lahzalarning ketma-ketligidan iborat bo‘lgan to‘g‘ri vaqt chizig‘ining turli o‘rinlarini har xil nisbatlar bo‘yicha nomlovchi so‘zlar mavjud. Muayyan davomlilikdagi vaqtning boshlanish nuqtasini ibtido so‘zi ifodalaydi. Semalari: vaqt, boshlanish, narsa, harakat, hodisaning boshi, boshlanish davri. Bu so‘z intiho so‘zining antonimi bo‘lib, kitobiylik bo‘yog‘iga ega. Ibtido so‘zining ma’nosida vaqtning faqat boshlang‘ich nuqtasi emas, balki kattaroq davomli yaxlit qismi ham ifodalanishi mumkin. Masalan, ibtidoiy jamoa tuzumi birikmasida shunday ma’no yuzaga chiqqan. «Azal» so‘zida «ibtido» sema kuchsizlangan bo‘lib, «qadim» semantik belgi bo‘rttib turadi. Semalari: vaqt, noma’lum, boshlanish, qadim; ta’rifi: boshlanishi noma’lum bo‘lgan qadimgi vaqt. Hozirgi o‘zbek tilida azal otining «qadim» semasi «azaliy» sifatida va muayyan darajada leksiklashgan «azalda», «azaldan» kabi ravishsimon so‘zlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Vaqt davomiyligidagi (to‘g‘ri chizig‘idagi) boshlanish va tugash nuqtalaridan teng uzoqlikdagi o‘rinni (markazni) «o‘rta» so‘zi ifodalaydi. Semalari: boshlanish, oxir, teng, uzoqlik; ta’rifi: boshlanish va oxiridan teng uzoqlikda bo‘lgan vaqt. Masalan, kunning o‘rtasi, oyning o‘rtasi kabi. «O‘rta» so‘zi faqat vaqt o‘rtaligi ma’nosi uchun ixtisolashmagan. U joy va munosabat o‘rtaligi kabi ma’nolar uchun ham qo‘llanishi mumkin: Toshkent bilan Qo‘qon o‘rtasi, aka bilan uka o‘rtasi kabi. Shuningdek, «ora» so‘zi boshlanish va tugash nuqtalari o‘rtasini (markazini) emas, balki har qanday ikki vaqt oralig‘ini ifodalay oladi. Qiyoslang:
Ibtido Intiho
ora o‘rta ora
«Ora» so‘zining semalari: vaqt, o‘rta, ikki hodisa (payt); ta’rifi: ikki voqea yoki payt o‘rtasidagi vaqt. Masalan, yoz bilan qishning orasi, kun ora kabi. «Ora» so‘zi ham joy, munosabat kabi ma’nolar uchun qo‘llana oladi: aka va uka orasi, qo‘shnilar orasi singari.
Davomli vaqt ko‘lamining oxirgi qismi yoki tugashi intiho, nihoya, pirovard, oxir, yakun, poyon, so‘ng kabi so‘zlar bilan ifodalanadi. Bu so‘zlarga xos bo‘lgan asosiy semalar: vaqt, oxirgi, chegara; ta’rifi: vaqtning oxirgi chegarasi. Bu so‘zlarga kitobiylik, eskirganlik, so‘zlashuv uslubiga xoslik, keng-tor qo‘llanish kabi konnotativ semalar xos. Bu so‘zlarning ko‘plari joy, narsa kabilarning so‘nggi chegarasini, tugashini ham anglata oladi.
To‘g‘ri chiziq ko‘rinishidagi vaqt ko‘lamini so‘zlovchi yashab turgan vaqtdan (hozirdan) ikki tomonga ajratish mumkin. Bunday tasnif asosida o‘tmish, hozir va kelajak otlari orqali ifodalangan vaqt ko‘lamlari ajratiladi. Bunda «o‘tmish» so‘zining semalari: vaqt, hozirdan oldingi; ta’rifi: hozirdan oldingi vaqt. «Hozir» so‘zining semalari: vaqt, o‘tmishdan keyin, kelajakdan oldin; ta’rifi: o‘tmish va kelajak oralig‘idagi vaqt. «Kelajak» so‘zining semalari: vaqt, hozirdan keyingi; ta’rifi: hozirdan keyingi vaqt.
Do'stlaringiz bilan baham: |