5. Inventarizatsiya o’tkazishni tashkil qilish. Inventarizatsiya muddatlari 1999 yil 2 noyabrda 833-son bilan Adliya Vazirligida ro‘yxatga olingan “Inventarlashni tashkil etish va o’tkazish” nomli 19-son buxgalteriya hisobining milliy andozasida belgilab berilgan:
1. Mol-mulk ijaraga berilganda, sotib olinganda, sotilganda, davlat korxonasi qayta shakllantirilganda yoki tassarufidan chiqarilgan paytda;
2. Tovar-moddiy qiymatliklar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 28.08.98 yilda 486-son bilan ro‘yxatga olingan buxgalteriya hisobining “Tovar-moddiy zahiralar” nomli 4-son milliy andozasiga binoan6 tovar-moddiy zahiralarni inventarlash (ro’yxatdan o’tkazish) tovar-moddiy zahiralarning amalda mavjudligini nazorat qilish va ularning sof sotish qiymatini tasdiqlash hamda ularning saqlanishini ta’minlash uchun bir yilda kamida bir marta amalga oshiriladi;
3. Asosiy vositalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 23.09.98 yilda 491-son bilan ro‘yxatga olingan buxgalteriya hisobining “Asosiy vositalar” nomli 5-son milliy andozasiga binoan ikki yilda kamida birmarta, kutubxona fondlari esa besh yilda bir marta yo‘qlama qilinadi;
4. Kassadagi pul mablag‘lari, pul hujjatlari, markalar, qat’iy hisobdagi blankalar, cheklar va qimmatga ega bo‘lgan boshqa boyliklar oyda bir marta;
5. Yonilg‘i-moylash materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari har chorakda bir marta, qimmatbaho materiallar tarmoq yo‘riqnomalariga muvofiq qayta ro‘yxatga olinadi;
6. Jamoaviy moddiy javobgarlik sharoitida qayta ro‘yxatga olish, jamoa rahbari o‘zgarganda, jamoadan, uning ellik foizdan ortiq a’zolari chiqib ketganda, shuningdek jamoa a’zolarining talabi bilan o‘tkaziladi;
7. Xo‘jalik subyeklarining rahbarlarini ixtiyori bilan.
Mavsumiy xarakterga ega bo‘lgan korxonalarda qayta ro‘yxatga olish moddiy qiymatliklarning eng kam qoldig‘i bo‘lgan davrlarda hamda quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
1. Asosiy vositalar, tovar – moddiy qiymatliklar qayta baholanganda;
2. Moddiy javobgar shaxslar almashganda;
3. O‘g‘rilik, suiiste’mol va moddiy qiymatliklarni buzilish holatlari aniqlanganda;
4. Tabiiy ofat (yong‘in, suv olish va boshqalar) yoki boshqa favqulodda holatlarda;
5. Korxona tugatilganda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
Inventarizatsiyani sifatli tashkillash va o’tkazish maqsadida hisobot yilining boshida korxona rahbarining buyrug‘iga binoan korxona rahbari yoki uning o‘rinbosari, bosh buxgalter, mutaxassislar (muxandis, iqtisodchi va boshqalar) va ichki audit vakillaridan iborat tarkibda doimiy harakatdagi inventarizatsiya komissiyasi tuziladi.
Doimiy harakatdagi inventarizatsiya komissiyasi a’zolari quyidagi vazifalarni bajaradilar:
Inventarizatsiya natijasida aniqlangan kamomat, ortiqcha va da’vo qilish muddatning o‘tkazib yuborilgan debetor qarzlari natijasida ko‘rilgan zarar summalari bo‘yicha mas’ul shaxslardan yozma tushuntirish xatlari oladilar;
Inventarizatsiya natijasida aniqlangan kamomat, nobudgarchilik, qiymatliklarning buzilishi va ortiqcha chiqishlarning sabablarini o‘rganadilar;
Inventarizatsiya natijasida topilgan tafovutlar (kamomat va ortiqcha chiqishlar) bo‘yicha o‘zining xulosasini va takliflarini protokol bilan rasmiylashtiradilar. Bu protokol keyinchalik kamomad va ortiqcha chiqqan summalarni buxgalteriya hisobida aks ettirishga asos bo‘ladi.
Inventarizatsiya rejasiga muvofiq qayta ro‘yxatga olish joyi bo‘yicha korxona rahbarining buyrug‘i tayyorlanadi. Buyruqda quyidagilar keltiriladi:
Inventarizatsiyaning maqsadi;
Inventarizatsiya joyi;
Inventarizatsiyani boshlash va tugatish vaqti;
Inventarizatsiya ishchi komissiyasi tarkibi.
Doimiy harakatdagi inventarizatsiya komissiyasi a’zolari tarkibidan qayta ro‘yxatga olish ishchi komissiyasi shakllantiriladi. Uning tarkibiga, mutaxasislar (buxgalteriya, moliya, iqtisod yoki texnika bo‘limi xodimi) va ichki audit vakili kiritiladi.
Inventarizatsiya ishchi komissiyasi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
1. Moddiy javobgar shaxsni korxona rahbarining qayt ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan tanishtirish;
2. Moddiy javobgar shaxsdan, uning moddiy javobgarligidagi qiymatliklarning butligi haqida tilxat olish;
3. Inventarizatsiya joyini obdan ko‘zdan kechirish va qo‘shimcha kirib-chiqish yo‘llarni muhrlab qo‘yish;
4. Xatlovni bevosita javobgar shaxs ishtirokida o‘tkazish;
5. Barcha o‘lchov asboblarini sozligini tekshirish;
Tovar-moddiy boyliklarning xaqiqatda mavjudligini tekshirishga kirishishdan oldin inventarizatsiya ishchi komissiyasi, yordamchi binolar, yerto‘lalar va boyliklar saqdanadigan omborlarning alohida kirish-chiqish eshiklari plombalaydi; og‘irlikni o‘lchaydigan barcha asboblar sozlanganini tekshiradi, zaruriyat bo‘lganda davlat standart organlari tekshiruvidan o‘tkazadi.
Inventarizatsiya, qiymatliklarning joylashgan o‘rnida va moddiy javobgar shaxslarning bevosita ishtirokida o‘tkaziladi. Bir moddiy javobgar shaxs tasarufidagi moddiy qiymatliklarni qayta ro‘yxatga olish uchun bir kishini birin - ketin ikki marta inventarizatsiya komissiyasiga rais qilib tayinlash mumkin emas.
Komissiya a’zolari har bir xo‘jalik obyektidagi mol-mulkni ro‘yxatga olishdan oldin moddiy javobgar shaxsdan 2-ilovada keltirilgan mazmunda tilxat oladilar.
1-ilova
Do'stlaringiz bilan baham: |