7-MAVZU: JISMNIY SHAXSLARNING YER VA MOL-MULKIGA SOLINADIGAN SOLIQ. Reja: Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni iqtisodiy mohiyati va mazmuni.
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni stavkalari, imtiyozlar va hisoblash tartibi.
Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘ining iqtisodiy mohiyati va mazmuni.
Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘ining stavkalari, imtiyozlar va hisoblash tartibi.
1. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lovchilari, soliq obyekti, bazasi, stavkalari va imtiyozlari Soliq kodeksiga ko‘ra, mulkida soliq solinadigan mol-mulki bo‘lgan jismoniy shaxslar, shu jumladan chet el fuqarolari, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo‘jaliklari jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq to‘lovchilaridir.
Agar ko‘chmas mulk mulkdorining joylashgan yerini aniqlash imkoni bo‘lmasa, bu mol-mulk qaysi shaxsning egaligida va (yoki) foydalanishida bo‘lsa, o‘sha shaxs soliq to‘lovchidir.
Jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan uy-joylari, kvartiralari, chorbog‘ va bog‘ uylari, garajlar va boshqa imoratlari, binolar va inshootlari qiymati soliq solish obyekti hisoblanadi.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan belgilanadigan soliq solish obyektlarining inventarizatsiya qiymati to‘lovchilar uchun soliq solinadigan bazadir. Soliq kodeksining 84-moddasiga asosan, Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar har yili 1 fevralgacha o‘zlari joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk, uning mulkdorlari (egalari) to‘g‘risida 1 yanvar holatiga ko‘ra ma’lumot berishi, shuningdek yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar yil davomida yuzaga kelganda — mazkur ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ma’lum qilishi shart1. Jismoniy shaxslarning mol-mulkini baholash bo‘yicha vakolatli organ tomonidan aniqlangan soliq solish obyektining bahosi mavjud bo‘lmagan taqdirda, mol-mulkning qonun hujjatlari bilan belgilanadigan shartli qiymati soliq solinadigan bazadir.
Bitta jismoniy shaxs bir nechta soliq solish obyekti bo‘yicha to‘lovchi bo‘lgan taqdirda, soliq solinadigan baza har bir obyekt bo‘yicha alohida-alohida hisoblab chiqiladi.
Agar jismoniy shaxslarning mol-mulkini bahosi tegishli vakolatli idoralar tomonidan aniqlanmagan bo‘lsa, bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan mol-mulkning shartli qiymati belgilanadi hamda o‘rnatilgan stavkalar asosida soliqqa tortiladi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan belgilanadi, ularni soliq to‘lovchilarga Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va uning quyi organlari tomonidan belgilangan tartibda bildiriladi. Soliq stavkalari har yili keyingi moliya yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risidagi Qarori asosida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Jismoniy shaxslar soliq solish obyektlaridan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalangan yoxud bu obyektlar yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilgan taqdirda, shuningdek jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq yuridik shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.
Jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan unda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, mol-mulk solig‘i jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.2 2016 yil 1 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli Qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘ining stavkalari quyidagicha belgilangan: