4.3. Ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolisning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolisning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar Jinoyat-protsessual kodeksining 78-moddasida belgilangan.
Unga muvofiq, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis quyidagi hollarda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va rad qilinishi lozim:
1) shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan bo‘lsa;
2) ushbu ishni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan biror mansabdor shaxsning yoki yuqorida ko‘rsatilgan o‘zga shaxslarning qarindoshi bo‘lsa;
3) uning xolisligiga va beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa;
4) ishda ishtirok etayotgan shaxslardan birortasiga xizmat yuzasidan yoki boshqa jihatdan tobe bo‘lsa. Xizmat yuzasidan tobelik deganda, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolisning jinoyat ishini yuritayotgan mas’ul mansabdor shaxsga xizmat yuzasidan qaramligi, u bilan bo‘ysunuv munosabatida ekanligi, mehnat shartnomasiga asosan, xizmat vazifasiga ushbu shaxsning xizmat yuzasidan beradigan topshiriqlarini bajarishi tushuniladi.
5) ekspert, mutaxassis, tarjimonning o‘z kasbiga noloyiqligi ayon bo‘lib qolsa, xolislar esa, ichki ishlar organi, davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, adliya yoki sud xodimi bo‘lsalar. O‘z kasbiga noloyiqligi deganda, ekspert, mutaxassis, tarjimonning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya tomonidan qo‘yilayotgan savollarga fikr yoki xulosa berishga, taqdim etilayotgan matnni yoki tarjima qilinishi lozim bo‘lgan tilni to‘g‘ri va aniq tarjima qilishga qobiliyatsizligi tushuniladi.
6) materiallari ishning qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan taftish yoki o‘zga idoraviy tekshiruv o‘tkazgan shaxs ushbu ishda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishga haqli emas. Jinoyat belgilari mavjudligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladi. Bunda materiallari ishning qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan taftish yoki o‘zga idoraviy tekshiruv o‘tkazgan shaxs tabiiyki o‘z tekshiruvining to‘g‘riligiga amin bo‘ladi hamda ayrim hollarda yo‘l qo‘ygan xatosini ko‘ra olmaydi yoki yopishga harakat qiladi. Shu bois ham qonun chiqaruvchi ushbu shaxslarning mazkur ish bo‘yicha ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |