1.Yuridik shaxslar pul mablag’larini taftishdan o’tkazishning asosiy maqsadi va vazifalari
Хo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kassa va kassa operatsiyalarini taftish qilishning asosiy maqsadi, ularning O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1998 yil 17 dekabrda №565 son bilan ro’yxatga olingan va O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan 1998 yil 24 yanvarda 1/16-son bayonnoma bilan tasdiqlangan 376-sonli «Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini yuritish qoidalari»ga qanday tartibda amal qilayotganligini nazorat qilishdan iborat. Soliq organlari tomonidan o’tkaziladigan yuridik shaxslarning hujjatli tekshiruvlari korxonada kassa hisob-kitoblarini tekshirishdan boshlanadi. Kassa faoliyatini to’satdan tekshirish natijasida soliq inspektorlari tomonidan xazinachi (kassir) ning ishida va uni nazorat qiluvchi mansabdor shaxslarning faoliyatidagi kamchiliklarning, aniqlanishi korxonaning pul mablag’larini, kassa va bank operatsiyalarini hamda shu bilan bog’liq korxonaning boshqa faoliyatlarini taftishdan o’tkazishda ma’lum darajada aniq maqsadga yo’naltiruvchi omil bo’lib xizmat qiladi. Korxonaning kassa va bank operatsiyalarini o’rganib chiqish, pul mablag’larining saqlanishini tekshirilishi soliq organlari hujjatli tekshiruvlarining eng muhim qismi hisoblanadi. Soliqchi mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshirilayotgan tekshiruv tajribalari shuni ko’satmoqdaki, ayrim korxonalarda aynan pul operatsiyalarini bajarishda kassa intizomining buzilishi oqibatida talon-tarojlik va suiqast kabi jiddiy huquqbuzarliklar sodir etilmoqda. Pul mablag’larini taftishdan o’tkazishning muhim vazifalari shundan iboratki, hujjatli tekshiruv kassa va bank operatsiyalarining to’g’ri bajarilishini to’liq asoslab berilishini talab qiladi. Bundan tashqari qator kirim va chiqim operatsiyalari bo’yicha korxonaning boshqa uchastkalaridagi hujjatlar bilan taqqoslama muqobil tekshiruvlar ham o’tkazilishi mumkin. Masalan, naqd pul tushumlarining kassaga kirim qilinishi tegishli bankdagi xisob raqamlaridagi chiqim, tovar moddiy qiymatliklar realizatsiyasi va xisob-kitob operatsiyalariga oid ma’lumotlar bilan solishtirib ko’riladi. Korxonaning kassa va bank operatsiyalarini tekshirish natijasida soliq inspektori tomonidan quyidagilarni aniqlash asosiy maqsad xisoblanadi: - kassada bo’lishi lozim bo’lgan naqd pul va boshqa qimmatli qog’ozlarning mavjudligini; - kassada saqlanayotgan pul va boshqa mablag’larni to’liq kirim qilinib rasmiylashtirilganligini; - pul mablag’larini mo’ljallangan maqsadga sarflanganligini; - kassadagi pul mablag’larining saqlanishi va sarflanishi bo’yicha qat’iy nazorat yuritilganligini; - amalga oshirilgan kassa va bank operatsiyalarning haqiqiyligini; - pul bilan bog’liq hisob-kitob hujjatlarini to’g’ri rasmiylashtirilganligini; - kassadagi pul mablag’lari harakatining tegishli bank xisob-kitob raqamlaridagi o’zaro bog’liq ma’lumotlarga to’g’ri kelishini; - chiqim qilingan pul mablag’lari harajatlarining to’g’ri va asoslangan holda rasmiylashtirilganligini. Bunda ayniqsa harajatlar schyotlari, ish haqi fondi va boshqa maxsus manba’lardan qilingan harajatlarga alohida e’tibor qaratilishi lozim. Pul mablag’lari, kassa va bank operatsiyalarining taftishi korxonaning xisob-kredit operatsiyalarining xisob-kitobini yurituvchi xizmatlarning faoliyatini, ishchi-xizmatchilar bilan ish haqi bo’yicha xisob-kitoblar, tovar moddiy qiymatliklarning realizatsiyasi, bajarilgan ishlar xajmi, harajatlar smetasi va boshqa sohalarning tekshiruvlari bilan uzviy bog’liqlikda o’tkazilishi kerak.