“Uzumzorlar egasi”ga aylanib qolgan moʻysafid iqrorlari keltiriladi. Uning qismati ogʻzidan chiqqan birgina soʻzi tufayli boshqa mohiyatga evrilib ketish hodisasi hikoya qilinadi. Yaʼni, bosh qahramonga tafakkur qilayotgan “bogʻbon” taqdirida mudom afsusdan boʻlak narsa yoʻq. U avval oʻziga toʻq toshkesar edi, soʻngra dehqonga aylandi, oqibatda uzumzor egasiga aylanishi taqdiri azal hukmi degan gʻoyani yuzaga keltirmoqda. Ozod tasavvuriga rahna solayotgan va uni hol tili bilan tushuntirishga ishora qilayotgan tasvir va talqinlarda – tole Lolasi tomon yaqinlashishga zamin yaratadi. Chunki taqdir Lolasidan bu moʻysafid benasib. Moʻysafidning “Pushaymon va afsus yomon narsa. U hech nimani oʻzartirmaydi” iqrorida Ozodning yanada borliqning inja sirlarini anglash lozim ekanligiga ishora mavjud. Roman voqealari bir-birini toʻldiruvchi mustaqil hikoyat va rivoyatlardan iborat ekanligini inobatga olsak, janr shakli oʻz-oʻzidan real mohiyat kasb etadi. Negaki, izchil bayon usuli adibga qulay vaziyatni tuhfa qilgan. Unda muhokama qilinayotgan voqelik zalvori oʻz-oʻzidan borliq konsepsiyasiga tutashadi. Asarda “fikr va his” tushunchasi muhim faktorlardan biri ekanligi, bular oʻz navbatida qahramon tabiatidagi evrilishlarni dalillash barobarida xarakter dramatizmini mustaqil boshqarib boradi.
Rus adabiyotshunosi A. Iezuitov qayd etishicha: “Xarakter – juda keng tushuncha (u oʻzida ruhiyatni ham mujassamlashtiradi) va shu bilan birga ruhiyatga nisbatan tashqi hodisadir. Xarakterdagi asosiy narsa – insonning amaliy faoliyati va bu faoliyatga turli-tuman ichki ragʻbatlar natijasining aniq koʻrinishdagi taʼsiridir. Ayni paytda, xarakter faqatgina ichki dunyo tasviri bilangina aniqlashmaydi, balki uni oʻrab olgan va harakatga undovchi tashqi muhit, sotsial-tarixiy sharoit bilan ham belgilanadi”. “Ozod” romanida timsollar rang-barangligi, ular orasidagi toʻldiruvchi vazifani bajaruvchi turfa predmetlar xarakterlar namoyishiga kuchli taʼsir oʻtkazadi. Yaʼni, poetik mushohada bosh qahramon atrofida uyushganini taqozo etadi. Bir tomondan, mavjudlik jumbogʻini anglashga talpingan qahramon mudom yovdan himoyalanish uchun tinimsiz ziddiyatga kirishadi. U yetti qavat yer tagida ham nimadir orom olayotganini qalb koʻzi bilan koʻra boradi. Bu adib uslubiga xos poetik shakl natijasida yuzaga kelgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |