Modernizm va modern yo‘nalishidagi she’riyat.
O‘zbek modern she’riyati namoyandalari sifatida shoirlarimizdan Rauf Parfi, SHavkat Rahmon, keyingi ijodkorlardan Abduvali Qutbiddin, Ikrom Otamurod, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad, Farida Afro‘z, Husniddin Sharipov Bektemir Pirnafasov kabilar nomlarini keltirishimiz mumkinki, bulardan Rauf Parfi, Ikrom Otamurod, Shavkat Rahmon, Bahrom Ro‘zimuhammad kabi ijodkorlar asarlarini deyarli to‘laligicha mana shu yo‘nalishda ijodkorlarni aytishimiz mumkin. Boshqalarining esa ayrim she’rlari mana shu yangiliklar borasida o‘zini sinab ko‘rish, ta’sirlanish tuyo‘usidan yuzaga chiqqan. Hozirgi o‘zbek modern she’riyati uchun juda ko‘p xususiyatlar xos. Ularning ayrimlariga quyidagilar:
1. Modern she’riyatda insonning ichki dunyosi taftish etishga harakat qilinadi. Inson qalbini esa real aks ettirishning yoki umuman, jo‘n qilib aytganda, ushlash, ko‘rish, eshitish imkondan tashqari holat bo‘lganligi sababli, uni ramzlar obrazli detallar, predmetlar vositasida reallashtirishga harakat qilindi. Yangilik bunday she’rlarning nomlanishidayoq ko‘zga tashlanadi. Kitobxon ularning nomini o‘qigan zahoti uyga toladi, “bu nima?”, “u qanaqa bo‘ladi?” kabi so‘roqlar og‘ushida qoladi. Masalan, Ikrom Otamurodning bir to‘plami «Tag‘azzul», Faxriyorning bir asari «Ayolg‘u» deb atalgan. Nima u ayolg‘u, yoki tag‘azzul. Eng avvalo kishini hayratga soladigan va qiziqishiga sabab bo‘ladigan holat mana shu paytdayoq yuzaga keladi.
2. Bunday she’rlarda holat, manzara tasviri chiziladi va u orqali inson holati, kayfiyati haqida so‘zlanadi. Xullas, modern she’riyat yuqorida aytilganidek, realizmga zid emas, balki aksincha, o‘ta ochiq hatto xayolot realizmidir.
3. Modern she’rlar o‘ta murakkabligi bilan xarakterlanadi. Ularda fikr, tuyg‘u to‘g‘ridan to‘g‘ri izohlarsiz bayon etib borilaveradi va kitobxon she’rni xuddi bir boshqotirma yechgandek o‘ylab, tushunib-tushunib, mag‘zini chaqib-chaqib o‘qib borish majburiyatini o‘zida his etadi. Aks holda, ya’ni she’rni boshidanoq biroz bo‘lsa-da e’tiborni susaytirib o‘qishnig o‘zi uning davomini anglashni qiyinlashtirib qo‘yishi, shoir aytmoqchi bo‘lgan fikr, ifoda etmoqchi bo‘lgant tuyg‘udan uzoqlashishga, u idrok etgan dardni his eta olmaslik, uning holatiga kira olmaslikka olib kelishi mumkin. Masalan, Faxriyorning kattagina hajmga ega bo‘lgan «Yoziq» she’rini olaylik. Unda inson, xalq, millat va uning taqdri, yozig‘iga ibtilgan bitiklar, millatimiz tarixi, kechmishi, o‘tmishdoshlarimizning boshidan kechirgan ko‘rgiliklari to‘o‘risida gap ketadi, biroq she’rni tushunish uchun kitobxonda baribir ma’naviy bilim, salohiyat kerak bo‘ladi.
Modern she’rlarda vazn, qofiya, turoq kabilar o‘rnida qo‘llangan taqdirda ham, aytish mumkinki, ularni aynan zamonaviy yoki mumtoz she’riyatimiz janrlarida yozilganligiga shubha tug‘iladi. Balki ular g‘arb she’riyati janrlari va yaqin o‘tmishimizda amalda bo‘lgan bugungi she’riyatimiz xususiyatlarining omuxtalashgan bir shakli deb qarash mumkin. Ko‘proq bunday shoirlar g‘arb she’riyatining xokku, tanka, sonet janrlarida ijod qilishdi. Masalan, Faxriyor she’rlarining ko‘pchiligi sonet janrida. Rauf Parfi, Tursun Ali, Husniddin Sharipov kabi ijodkorlar esa xokkuning janriy talablariga mos bo‘lgan uchliklar shaklidagi asarlar yozishdi. Ular uchliklari zamirida kitobxonga aytilishi kerak bo‘lgn falsafiy-ijtimoiy, axloqiy-psixologik qarashlar yotadi. Qolavarsa, uchliklardagi qaydlar zohiriy qarashda o‘ta tarqoq fikrlarga o‘xshab taassurot qoldiradi. Ammo ularni o‘qigan sari kitobxon chuqur mushohadaga toladi.
Modern she’riyat mustaqilik tufayli erkka erishgan xalq dardining ohanglari sifatida dunyoga kelishi bilan bir qatorda, istiqlolga erishgan millatning tashvishi, kelajagi uchun qayg‘uruvchi jonkuyar shoirlarimizning shu xalq dunyoqarashi, ongi, tafakur olami, intellektual salohiyatini ko‘tarish, fikrlash darajasini o‘stirishga intilish istagidan kelib chiqdi. Jo‘n, oldi-qochdi mayda gaplardan tuzilgan adabiyot deb ataluvchi asarlar xalq ma’naviyatini nainki o‘stirmasligi, aksincha, ularni tor doirada oson fikrlashga o‘rgatib qo‘yishidan qayg‘urish tuyg‘usidan yuzaga keldi va aytish mumkinki, bunday she’rlar an’anaviy she’riyatimiz saviyasining ko‘tarilishiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |