Kurs ishi mavzusini tanlash, uning rejasini tuzish, adabiyotlar to‘plash va ulardan foydalanish
Makroiqtisodiy tahlil va prognozlash fanidan kurs ishi mavzusini tanlab olish va uning rejasini tuzish talabaning mustaqil ravishda bajaradigan ilmiy ishining dastlabki bosqichidir. Ishning darajasi va sifati ko‘p jihatdan mavzuni to‘g‘ri tanlashga bog‘liqdir. Binobarin, bu ishga jiddiy, ma’suliyatni sezgan holda yondashish zarur. Talaba kurs ishi mavzusini tanlashda dastlab shu fan bo‘yicha professor-o‘qituvchining ma’ruzalarini diqqat bilan tinglab, hozirgi zamon makroiqtisodiy muammolariga bag‘ishlangan adabiyotlarni, shu jumladan, SH.Mirziyoevning Prezidentlik lavozimiga kirishish oldidan qilgan ma’ruzasida YAngi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi yo‘nalishlari, 2022 yil – “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat dasturida ko‘zda tutilgan vazifalar hamda Prezident SH.M.Mirziyoev asarlarini, kurs ishi mavzusi bo‘yicha maxsus adabiyotlar va internet saytlarini chuqur o‘rganib chiqishi lozimdir.
Talaba kurs ishi mavzusini tanlaganda, quyidagi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yishi kerak. Tadqiq etilayotgan mavzusini katta qiziqish bilan o‘rganishi, o‘zining bilim darajasini kengaytirishi va uni kelajakda mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash uchun amaliyotga tatbiq qila olish imkoniga ega bo‘lishi muhim hisoblanadi. Ayniqsa, talaba mavzuni o‘z qiziqishlari va mutaxassisligi yo‘nalishiga qarab tanlasa, bu ishning muvaffaqiyatli bajarilishi va ijobiy baholanishida alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.
Kurs ishi mavzusi talaba tomonidan tanlanadi. Uning hajmi 30-35 bet (kompyuterda terilganda,standart yozuv qog‘ozi bo‘yicha) yoki 45-50 bet (qo‘lda yozilganda, standart yozuv qog‘ozi bo‘yicha) ga mo‘ljallanadi. Bu mavzuni har tomonlama chuqur o‘rganib, o‘z qobiliyatini, fanni o‘zlashtirishdagi harakati va intilishini ifodalash imkoniyatini beradi:
- kurs ishi mavzusi faqat darslik doirasida emas, balki qo‘shimcha adabiyotlar, shu mavzu bo‘yicha jurnal, gazetalardagi maqolalardan foydalanib, yoziladi;
- kurs ishida ilmiy izlanish unsurlari, nazariy qoidalar, tajribalar yoritiladi;
- ish bo‘yicha reja tuziladi, reja tarkibi: kirish, asosiy qism (yoritish kerak bo‘lgan masalalar), xulosadan iborat bo‘ladi;
- kurs ishi rasmiy qabul qilingan shaklda bo‘lishi kerak, ya’ni biron-bir muallifning fikri keltirilsa, jumlalar o‘zgartirilmay, qanday bo‘lsa, shunday ko‘chiriladi va qo‘shtirnoq ichiga olinadi, izoh beriladi. U sahifaning eng tagiga raqamlangan holda berilib, manba ko‘rsatiladi. Unda havola qilingan muallif, asar yoki maqolaning, nashriyotning nomlari, nashr qilingan yili va beti beriladi;
- matn mustaqil yoziladi. Talaba kurs ishi yozishda o‘rganayotgan adabiyotlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirmay, avval o‘qib chiqib, tushunib, boshqalari bilan taqqoslab, so‘ngra o‘zining fikrini bayon qilmog‘i lozim.
Kurs ishi rejasini o‘qituvchidan maslahat olib tuzish maqsadga muvofiq. Reja – kirish qismidan, mavzuning iqtisodiy mazmuni va mohiyatini ochib beruvchi 4-5 ta savollardan va xulosa qismidan iborat bo‘ladi. Rejadagi savollar mantiqan bir-birlari bilan bog‘langan bo‘lishi, har bir keyingi savol o‘zidan oldingi savolning mantiqan davomi bo‘lib, bir butunni tashkil etishi kerak.
Ishning kirish qismida tanlangan mavzuning ahamiyati, fanni o‘rganishda tutgan o‘rni, ko‘rilayotgan masalaning dolzarbligi, amaliy ahamiyati ko‘rsatiladi. Kirish qismida tanlangan mavzu bo‘yicha nima maqsad qo‘yilgani qisqacha bayon qilinishi kerak. Xulosa qismida mavzu bo‘yicha chiqarilayotgan asosiy xulosalarni aniq ifodalash va ishda tahlil qilingan masalalarni hal etish bo‘yicha muallifning tavsiyalari berilishi kerak. Ular qisqa va lo‘nda, ish mavzusidan kelib chiqqan holda tushunarli tilda bayon qilinishi lozim.
Kurs ishida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha matndan kelib chiqib, bildirilgan asosiy xulosalar ishning qadr-qimmatini oshiradi. Talabaning mavzuni chuqur o‘zlashtirganidan, yaxshi bilimga ega ekanligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |