Kurs ishiga qo‘yilgan bosh talab – fanni chuqur o‘rganish, ilmiy izlanishlar olib borish hamda to‘plagan bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini hosil qilishdir
Kurs ishiga qo‘yilgan bosh talab – fanni chuqur o‘rganish, ilmiy izlanishlar olib borish hamda to‘plagan bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini hosil qilishdir. Talabalarda kurs ishi mavzusini o‘rganishga ijodiy yondashish, dastlabki ilmiy izlanishlar olib borish kurtaklarining hosil bo‘lishida kurs ishi rahbari muhim rol o‘ynaydi. Kurs ishi rahbari asosiy va qo‘shimcha adabiyotlarni tanlash, ular ichidan eng muhimlarini ajratish, reja tuzish va tanlangan mavzuni to‘la ochib berish uchun nimalarga diqqat qaratish kerakligi haqida maslahat beradi.
Kurs ishining xomaki nusxasini yozayotganda talaba tushunmagan savol yoki maslahat uchun ilmiy rahbarga murojaat qiladi. Mavzu bo‘yicha ayrim adabiyotlarni to‘liq o‘qib chiqish, zarur bo‘lsa, ayrimlarini mavzu bo‘yicha u yoki bu bobi yoki sahifalarini o‘qib, o‘rganishga to‘g‘ri keladi.
Kurs ishida qo‘yilgan savollar o‘rganilayotgan mavzuning mazmunini yoritishga xizmat qilishi zarur. Savollar ko‘p bo‘lmasligi, mantiqiy ketma-ket bo‘lishi lozim. Rejada qaysi adabiyotlar bilan ishlash aniq ko‘rsatiladi.
Kurs ishlarining tematikasi (1-ilova) kafedra o‘qituvchilari tomonidan butun kursni qamrab oluvchi mavzular ketma-ketligi tartibida tuziladi. Bunda guruhdagi har bir talabaga kamida 4-5 ta mavzu to‘g‘ri kelishiga e’tibor qaratiladi, chunki talaba kurs ishi mavzularini tanlay olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun talabalar ismi-shariflarining birinchi harfiga, yoki jurnal bo‘yicha tartib raqamiga mos keladigan, yoki xohishiga ko‘ra, mavzulardan birini tanlaydi. Bunda professor-o‘qituvchilarning asosiy vazifasi talabalarga kurs ishi bo‘yicha mustaqil ishlashlarining yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatish va kurs ishini yozish bo‘yicha umumiy tasavvur olishga qaratilgan umumiy maslahatlar berishdan iboratdir. Kurs ishini har bir talaba xohishiga ko‘ra, o‘z husni xati bilan yoki kompyuterda yozishi mumkin.
Talabalar kurs ishi mavzusini tanlagandan so‘ng, mavzuga tegishli bo‘lgan adabiyotlarni, ilmiy maqolalar va turli xil manbalarni qidirib topib o‘rganishlari kerak. SHuningdek, talaba kurs ishi mavzusiga tegishli bo‘lgan rus tili va boshqa xorijiy tillardagi adabiyot hamda materiallardan mustaqil ravishda keng foydalanishlari lozim. To‘plangan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda talabalar kurs ishi mavzusini to‘liq yoritib berishga qaratilgan kurs ishi rejasini tuzishlari kerak va shu reja asosida kurs ishining mohiyatini yoritishlari zarur. Kurs ishi rejasi namuna sifatida ilova qilinadi (2a, 2b-ilovalar). Kurs ishini yozish bo‘yicha tavsiya etilgan yo‘riqlarga rioya qilish mavzu mazmunini to‘g‘ri yoritib berish va uning mohiyatidan chetga chiqmaslik imkonini beradi.
Talabalarga kurs ishi mavzularini kursning boshida e’lon qilish maqsadga muvofiqdir. CHunki kafedra professor-o‘qituvchilari kurs ishi ustida har bir talaba bilan mustaqil ishlashlari kerak. Qisqa davrda berilgan mavzularni kurs ishi sifatida bajarish mazmun jihatidan talabga javob bermaydi. Bunday holatda tegishli adabiyotlardan, avvalgi yillarda ijobiy baholangan kurs ishlaridan ko‘chirib kelishlik holatlari yuzaga kelishi mumkin. Kurs ishining hajmi kompyuterda terilganda o‘rtacha 30-35 bet, qo‘lda husnixat bilan yozilganda 45-50 bet hajmda bo‘lishi kerak.
Talabalar kurs ishini oq qog‘ozga ravon tarzda qo‘lda yoki kompyuterda yozishlari kerak. Sahifalarga tartib bilan raqam qo‘yiladi. Kurs ishi titulini rasmiylashtirish 3-ilovada keltirilgan.
Kurs ishining birinchi betiga kurs ishi rejasiga tegishli savollarning sahifalari qo‘yiladi. Undan keyingi varaqlarda kurs ishining matni bayon qilinadi va mavzudagi har bir savolning nomi hamda unga tegishli betlari alohida ko‘rsatiladi. Kurs ishi sahifasi faqat varaqning o‘rtasiga yoziladi va sahifalar tartib raqami bilan belgilanadi.
Kurs ishining oxiriga talaba o‘z imzosini qo‘yib, unga bajargan vaqtini ko‘rsatishi zarur. Kurs ishlari himoyasi hay’at a’zolari, ya’ni kafedra fan professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda qabul qilinishi kerak.