1-rasm. Pul oqimi tahlilining kamchiliklari9
Korxonalarda pul oqimi tahlilining inflyatsiya darajasi, moliyaviy hisobotlarni tuzish davriyligining uzoqligi, hisobga olish va kassali usulning muvofiq kelmasligi, pul oqimi to‘g‘risidagi analitik ma’lumotlarni olish imkoniyatlari cheklanganligi, axborotlarning ishonchligidagi muammoli jihatlar singari kamchiliklari bo‘lishiga qaramay, korxona faoliyati moliyaviy holatini bilish uchun tashqi va ichki foydalanuvchilarga pul oqimi ko‘rsatkichlari va undagi ma’lumotlar muhim. Shuningdek, pul oqimini tahlil qilish orqali shu korxonaga investitsiya kiritish, uni mijoz sifatida kreditga layoqatliligi hamda korxonaning moliyaviy barqarorligi bo‘yicha savollarga javob topishimiz mumkin.
Korxona pul oqimi tahlilining o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, ular haqida mazkur paragrafda suhbatlashamiz. Ulardan birinchisi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida, xo‘jalik jarayonlarida doimo pul mablag‘lari va ularning ekvivalentlariga zaruriyat sezishi pul oqimi tahlilining katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Bunga sabab esa barcha munosabatlar ushbu oqim harakati bilan boshlanadi va tugaydi.
Pul mablag‘lari harakatini tahlil qilish moliyaviy ahvol va moliyaviy natijalarni tahlil qilish o‘rtasidagi tahliliy ish hisoblanadi. Pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotdagi umumlashtirish obyekti korxonaning bank schyotlari va kassadagi pul mablag‘lari hisoblanadi. Pul mablag‘lari va ularning ekvivalentlarining muomalaga kirib kelishi va chiqib ketishi korxonaning operatsion, investitsion va moliyaviy faoliyatdagi pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotda ochib beriladigan pul oqimlarini tashkil qiladi.
Pul oqimlarining shakllanishi va ularning ishlatilishidagi umumiy jihatlar bilan bir qatorda albatta har bitta korxonaning ularning harakati, tezligi yuzasidan o‘ziga xos jihatlari mavjud. Masalan: pul va pul ekvivalentlarining harakati savdoda, umumiy ovqatlanishda, qurilishda, sanoatda, qishloq xo‘jaligida bir-biridan tubdan farq qiladi. Bu tarmoq va bo‘g‘inning, korxona faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi.
Bank sohasidagi pul oqmining tahlilini misol sifatida oladigan bo‘lsak, pul oqimi mijozning o‘z xarajatlarini qoplash va qarzlarini o‘z resurslari hisobidan to‘lash qobiliyatini ifodalovchi o‘lcham sifatida qaralib, pul oqimi tahlili (mijoz so‘ragan muddat davrida) pul oqimidagi chiqim va kirimni taqqoslashga asoslanadi. Bank tizimida pul oqimini tahlil qilishda kamida o‘tgan uch yil bo‘yicha ma’lumotlar olinishi lozim. Agar mijoz faoliyatida pul oqimining kirim qismi chiqim qismidan ustuvor o‘sishda bo‘lsa, bu holat mijozning kreditga layoqatliligini, moliyaviy barqarorligini bildiradi. Aks holat esa mijozning reytingi pastligi va moliyaviy barqarorligining zaifligidan dalolat beradi. Bundan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, pul oqimini tahlili barcha (bank, qurilish, sanoat, ishlab chiqarish va boshqa) sohalarda muhim rol o‘ynaydi va korxonaning kelgusidagi faoliyatni belgilab beradi. Bu ham pul oqimi tahlilining o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir.
Endilikda pul oqimi tarkibi bilan tanishamiz. Korxona pul mablag‘larining oqimini ta’riflovchi asosiy ko‘rsatkichlar sifatida quyidagilarni keltirishimiz mumkin: 1) pul mablag‘larining kelib tushishi va sarflanishi summasi; 2) kelib tushgan va sarflangan pul mablag‘larining tuzilmasi; 3) kelib tushgan va sarflangan pul mablag‘larining o‘zaro saldosi; 4) kelib tushgan va sarflangan pul mablag‘lari nisbatining koeffitsiyenti (pul mablag‘lari oqimi koeffitsiyenti).
Shuningdek, pul mablag‘lari oqimini ta’riflovchi asosiy ko‘rsatkichlar yordamida uni quyidagi chizma orqali tasvirlash mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |