Korxonada pul oqimi va uning tasniflanishi
Jahonda yuz berayotgan iqtisodiy-moliyaviy munosabatlar, turli mamlakatlarning korxona yoki tashkilotlaridagi innovatsion oʻzgarishlar shuni koʻrsatadiki, har bir rivojlanayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida pul mablagʻlari hamda pul oqimini samarali tashkil etish va uning tahlilini izchillik bilan olib borish barqaror rivojlanish koʻrsatkichlariga erishishning omillaridan biridir. Chunki, korxonalar faoliyatining uzluksiz davom etishini ta’minlash uchun soliqlarni hamda davlat byudjetidan tashqari fondlar uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, mehnatga haq toʻlash, zaruriy ishlab chiqarish zaxiralari sotib olish, raqobatli bozor sharoitida oʻz mavqeyini saqlash maqsadida innovatsion gʻoyalar ustida ishlash va joriy qilishga sarflar, zamonaviy mehnat vositalari va texnikalar sotib olish uchun va shu kabi xarajatlarga har doim yetarli pul mablagʻlari va pul oqimini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish talab qilinadi.
Yuqori oʻrinlarda pul oqimi va uning korxona faoliyatidagi ahamiyati haqida gaplashgan boʻlsak, endilikda pul oqimi oʻzi nima, qanday turlari mavjud kabi savollarga javob beramiz.
Pul oqimining ta’rifi qaysi soha tomondan yondashishga qarab mazmun jihatdan oʻzgarmasada, ta’riflanishi biroz farq qilishi mumkin. Masalan, bank tizimi boʻyicha qaraladigan boʻlsa, pul oqimi mijozning o‘z xarajatlarini qoplash va qarzlarini o‘z resurslari hisobidan to‘lash qobiliyatini ifodalovchi o‘lcham hisoblanib, mijozning kreditga layoqatliligini baholashda qo‘llaniladigan usullardan biri sanaladi3. Umuman olganda pul oqimi to‘g‘risida quyidagi ta’riflarni keltirishimiz mumkin: 1) bu korxona, muassasa yoki jismoniy shaxsda mavjud bo‘lgan pul miqdorining ko‘payishi yoki kamayishi; 2) bu biror biznesda bir oy ichida harakatlanadigan (oqayotgan) pul; 3) pul mablag‘lari hamda ular ekvivalentlarining oqimi (tushumi) va chiqimi (sarflanishi, chiqishi) va hokazolar.
O‘zbekiston Respublikasi Buxgaltyeriya hisobi milliy standarti 9-son “Pul oqimi to‘g‘risidagi hisobot”iga muvofiq “pul oqimlari - pul mablag‘lari hamda ular ekvivalentlarining oqimi (tushumi) va chiqimi (sarflanishi, chiqishi)dan iborat”4. Demak, yuqoridagi ta’riflarni umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, pul oqimi bu manbalaridan qat'iy nazar korxonaning tadbirkorlik faoliyati natijasida hosil bo‘lgan pul mablag‘larining taqsimlangan vaqt tushumlari (tushishi) va to‘lovlari (chiqib ketishi) to‘plami hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, pul oqimi harakati vaqt, xavf va likvidlik omillari bilan bog‘liq bo‘lgan, ko‘rib chiqilayotgan vaqt oralig‘ining alohida intervallari bo‘yicha taqsimlangan, uning tadbirkorlik faoliyati natijasida hosil bo‘lgan tushumlar va to‘lovlarning yig‘indisini anglatadi.
Majoziy ma’noda, pul oqimi korxonaning iqtisodiy organizmining “moliyaviy qon aylanishi” tizimi sifatida ifodalanishi mumkin. Korxonaning samarali tashkil etilgan pul oqimlari uning “moliyaviy salomatligi”ning eng muhim alomati boʻlib, uning yuqori yakuniy natijalariga erishish uchun zarur shartdir.
Pul oqimlarini tasniflanishi xususida gaplashar ekanmiz, uning bir qancha tasniflari mavjudligini ta’kidlash muhim. Chunki pul oqimlarni turli asoslarga koʻra tasniflash mumkin. Pul oqimiga iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq har xil oqim turlari kiradi. Buxgalteriya hisobining xalqaro standartlariga muvofiq faoliyat turiga qarab pul oqimlari quyidagilar bilan ajralib turadi: operatsion, investitsiya va moliyaviy faoliyat5. Ya’ni, Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot, hisobot davri mobaynida operatsion, investitsiya yoki moliyaviy faoliyat natijasida yuzaga kelgan korxonadagi pul oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.
Operatsion (joriy) faoliyat bu asosiy maqsad sifatida foyda olishga intilayotgan yoki faoliyatning predmeti va maqsadlariga muvofiq foyda keltiradigan tashkilotning faoliyati hisoblanib, u tashkilotga asosiy daromad va asosiy pul oqimlarini olib keladi. Operatsion faoliyatdan keladigan oldingi pul oqimining ayrim qismlari to‘g‘risidagi axborotdan operatsion faoliyatdan bo‘lajak pul oqimlarini prognoz qilish uchun axborotning boshqa turlaridan qo‘shib foydalanish mumkin bo‘ladi.
Operatsion faoliyatdan keladigan pul oqimi asosan tashkilotning daromad keltiradigan asosiy faoliyatidan kelib chiqadi va sof foyda (zarar)ni aniqlashning tarkibiy qismi boʻlgan operatsiyalar va voqealar natijasidir. Odatda xo‘jalik yurituvchi subyektning asosiy faoliyati mahsulotni sotishga, ishlarni bajarishga yoki xizmat ko‘rsatishga qaratilgan bo‘ladi.
Operatsion faoliyatdan keladigan pul oqimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tovarlarni sotish va xizmat ko‘rsatishdan tushgan pul;
xodimlarga va xodimlar nomidan to‘lovlar;
tovarlar va xizmatlar uchun ularni yetkazib beruvchilarga pul to‘lovlari;
royalti, badallar, vositachilik haqi va o‘zga yo‘llar bilan pul mablag‘lari tushumi;
sug‘urta kompaniyasining sug‘urta polislari bo‘yicha mukofotlari, talablari, yillik va o‘zga to‘lovlari bo‘yicha pul tushumlari va to‘lovlari;
savdo yoki dilyerlik maqsadlarida tuzilgan bitimlar bo‘yicha pul tushumlari va to‘lovlari;
soliqlar bo‘yicha pul to‘lovlari yoki uning o‘rnini bosuvchi to‘lovlar (agar ular investitsiya va moliya faoliyatiga taalluqli bo‘lmasa) va boshqalar.
Investitsiya faoliyatida kompaniyaning asosiy vositalarni, nomoddiy aktivlarni va boshqa aylanma aktivlarni sotib olish, shuningdek ularni sotish bilan bogʻliq kapital qoʻyilmalar bilan bogʻliq faoliyati koʻrib chiqiladi. Bu faoliyatdan keladigan pul oqimlariga asosiy vositalarni, nomoddiy va o‘zga uzoq muddatli aktivlarni xarid qilishga pul to‘lovlarini va ularni sotishdan olingan pul tushumini, boshqa subyektlarning aksiyalari yoki qarz majburiyatlarini hamda qo‘shma korxonalarda ishtirok etish huquqini sotib olishga doir pul to‘lovlari va bularni sotishdan kelgan pul tushumlarini, boshqa taraflarga berilgan bo‘naklar va kreditlar hamda boshqa taraflarga berilgan bo‘naklar va ssudalar qaytarilishidan pul tushumlarini, shuningdek, fyuchyers va forvard bitimlari, opsion bitimlar va svop bitimlar bo‘yicha to‘lovlar va pul tushumlarini kiritishimiz mumkin. Umuman olganda, investitsiya faoliyati bu pul mablag'lari bilan bogʻliq boʻlmagan uzoq muddatli aktivlar va moliyaviy investitsiyalarni sotib olish va sotishdir.
Moliyaviy faoliyat korxona qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni amalga oshirish, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni chiqarish, qarzlarni jalb qilish va qaytarish bilan bogʻliq faoliyat hisoblanadi. Moliyaviy faoliyat oʻz mablagʻlari va qarz mablagʻlari hajmi va tuzilishidagi oʻzgarishlarga olib keladi. Moliyaviy faoliyatdan keladigan pul oqimi qoʻshimcha ulush va aksiyadorlik kapitalini jalb qilish, uzoq va qisqa muddatli ssudalar va qarzlarni olish, dividendlar toʻlash va mulk egalari depozitlari boʻyicha foizlarni toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan mablagʻlarning kelib tushishi va toʻlovlarini tavsiflaydi. Shunday qilib, moliyaviy faoliyatdan keladigan asosiy pul oqimlariga quyidagilar kiradi:
subyektlar aksiyalarining haqini to‘lash yoki sotib olish uchun ularning egalariga to‘lovlar;
aksiyalar yoki o‘z mablag‘i bilan bog‘liq boshqa vositalarni chiqarishdan keladigan pul tushumlari;
ta’minlanmagan obligatsiyalar emissiyasidan, moliya korxonalari tomonidan berilgan ssudalardan, garovga qo‘yilgan va boshqa qisqa hamda uzoq muddatli zayomlardan pul tushumlari va zayomlarni to‘lash;
moliyaviy lizing bo‘yicha majburiyatlarni qisqartirish uchun ijarachilarning to‘lovlari va boshqalar.
Pul oqimi pul mablag‘lari va pul ekvivalentlari moddalari o‘rtasidagi harakatni o‘z ichiga olmaydi, chunki ular operatsion, moliyaviy yoki investitsiya faoliyatiga kirmaydi yoki xo‘jalik yurituvchi subyektning pul mablag‘larini boshqarishga taalluqlidir.
Korxonalarda pul oqimlarini tasniflash xususiyati bo‘yicha yana bir qancha turlari mavjud bo‘lib, bu korxonada har xil turdagi pul oqimlarini hisobga olish, tahlil qilish va bashoratlashni maqsadli ravishda amalga oshirishga imkon beradi. Pul oqimlarini turli mezonlarga ko‘ra tarkiblanishi haqida quyida keltirilgan jadval orqali aniqroq tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |