O’rta Osiyoda arablarga qarshi olib borilgan xalq qo’zg’olonlari
720 - 722 yillarda-Sug’diyonada G’urak va Divashtich boshchiligida;
725 - 729 yillarda- Samarqand, Buxoro, Xuttolonda;
736 - 737 yillarda-Tohariston va Sug’dda;
746-749 yillarda-Xuroson va Movarounnahrda Abu Muslim boshchiligida;
769-783 yillarda-Muqanna qo’zg’oloni;
806-809 yillarda-Rafi ibn Lais qo’zg’oloni.
720-722 yillarda So’g’diyonada yuz bergan G’o’rak (Sug’d ixshidi-ya’ni hukmdori) va Divashtich (Panjikent hokimi) boshchiligidagi qo’zg’olon arablar hukmronlikligiga qarshi yo’nalgan dastlabki shiddatli xalq harakatlaridan biri bo’lgan. Unda arablar siyosati va zulmidan g’azabga kelgan o’n minglab mahalliy xalq vakillari ishtirok etgan. 721 yilda Xurosonning yangi tayinlangan noibi Said Xarashiy katta muntazam harbiy kuch bilan mazkur qo’zg’olonni shafqatsizlik bilan bostirishga muvaffaq bo’ladi. Qo’zg’olon rahbarlaridan biri-Divashtich ham ushlanib qatl etiladi. Bundan so’ng 400 sug’d savdogari Xitoy jo’nab ketadi.
725-729 yillar davomida xalifalikning og’ir soliq siyosatiga qarshi Samarqand, Buxoro, Xuttalon viloyatlarida qo’zg’olonlar ko’tarilgan. Qo’zg’olonchilarning ancha qismi arab ma’murlari olib borgan siyosatiga (ayniqsa, xiroj masalasida) norzilik bildirib, islom dinidan chiqadilar. Qo’zg’olonchilar besh yil davomida arablarning hukmronligiga katta zarba berildi.
736-737 yillarda Toxariston va Sug’dda yangidan ko’tarilgan kuchli qo’zg’olon o’z safiga aholining turli ijtimoiy qatlamlarini jalb etgandi. Faqat Xuroson va Movarounnahrning yangi xukmdori Nasr ibn Sayyor (738-748)ning olib borgan tadbirlari tufayligina qo’zg’olon harakatlari bartaraf etildi. Bunda u mahalliy aholiga, ayniqsa, uning nufuzli qatlamiga ma’lum darajada yon berishga majbur bo’ldi. Xususan, u arablarning mahalliy aholi bilan qon-qardoshlik aloqalarini kuchaytirishga intildi. Shu maqsadda o’zi ham Buxorxudot Tog’shodaning qiziga uylandi. Islomni qabul qilgan kishilar juzyadan ozod etilib, barcha musulmonlar huquqiy jihatdan tenglashtirildi. Xiroj solig’i to’lash barcha uchun baravar deb e’lon qilindi.
Ma’lumki, VIII asrning 40-yillarida Arab xalifaligida umaviylar bilan abbosiylar o’rtasida toju-taxt uchun kurash boshlanadi. Abbosiylik g’oyasi harakatini tashviqot va targ’ibot qilish maqsadida bu guruhning eng ishonchli va sodiq vakillari xalifalikning barcha hududlariga yuborildi. Shu maqsadda 746 yil abbosiylarning targ’ibotiga rahbarlik qilish uchun Xurosonga Abu Muslim (asli ismi Abdurahmon ibn Asad, taxminan 727-755 yillar) yuboriladi. Abu Muslim Xurosonga yetib kelgach o’zining qarorgohi qilib, Marv shahridan uch farsah g’arbda Harkon arig’i sohilidagi bo’yidagi mustahkamlangan Safizanj qishlog’ini tanlaydi. Abbosiylarning tamg’asi tim qora rang bo’yog’i bo’lganligidan Abu Muslim va uning tarafdorlari o’z kiyimlarini ana shu Safizanj qishlog’ida qora rangga bo’yab oladi7. Shuning uchun ularni «Qora kiyimlilar» deb atashgan. Abu Muslim olib borgan targ’ibot tez orada Xuroson va Movarounnahrga keng yoyildi. U 747 yil dekabr - 748 yil yanvarida Xuroson noibi Nasr ibn Sayyorni yengib, Marv shahrini egalladi. 748 yilda esa Abu Muslim Nishopur va Tusni zabt etadi. U 749 yil xalifalik poytaxti Damashqqa yurish qildi. Poytaxtni egallashi natijasida umaviy Marvon II taxtdan ag’dariladi. 749-750 yillarda umaviylar hokimiyat tepasidan ketdi. Abbosiylar xalifalik xokimiyatini egalladilar. 750 yilning boshida Abu Muslim qo’shini Katta Zab daryosi bo’yida umaviylar ustidan hal qiluvchi g’alabaga erishdi. Xalifalik taxti abbosiylar sulolasiga o’tdi. Taxtga bu sulola xonadonidan Abul Abbos Saffoh ko’tariladi. Biroq abbosiylar davrida ham mehnatkash aholining ahvoli yaxshilanmadi. Abu Muslim abbosiylarni xalifalik taxtiga olib kelgan bo’lishiga qaramasdan, abbosiy xalifalar undan asosiy taxt da’vogari sifatida qo’rqar edilar. Shu boisdan ham 755 yilda xalifa Abu Ja’far Davonaqiy-Mansur (754-775) Makkaga yo’lga otlangan Abu Muslimni xilla yo’li bilan qo’lga olib, uni qatl ettiradi.
Abu Muslimning o’chini olish uchun 755 yilda Reyda Sunbod boshchiligida (70 kun davom etgan), Movarounnahrda Ishoq rahbarligida, 722 yilda Xurosonda Ustoz Sis boshchiligida va 782 yilda Jurjonda qo’zg’olonlar bo’lib o’tgan.
769-783 yillarda arab istilochilari istibdodiga qarshi Movarounnahrda bo’lib o’tgan eng katta qo’zg’olon – «Oq kiyimlilar» (chunki qo’zg’olonchilarning asosiy jangovar guruhi oq rangdagi kiyim kiygan edilar) yoki qo’zg’olon rahbarining nomi bilan – Muqanna qo’zg’oloni deb yuritiladi. Bu qo’zg’olon deyarli butun O’rta Osiyo hududlariga tarqaldi. Muqanna ism emas, balki laqabdir. Bu so’z «niqobdor», «pardali» ma’nolarini anglatadi. Muqannaning asli ismi Hoshim ibn Hakim bo’lib, uning ismi va shaxsi to’g’risida yozma manbalarda turlicha ma’lumotlar mavjud. Jumladan, Ya’qubiyning tasvirlashicha, Muqannani Hoshim ul-a’var, ya’ni bir ko’zli Hoshim deb ham ataganlar.
Ibn Xallikan esa Muqannaning ismi Ota bo’lgan, deydi. Muqannani yomon ko’rgan tarixchi Narshaxiy o’zining «Buxoro tarixi» asarida u haqida quyidagi ma’lumotlarni beradi: «Hoshim ibn Hakimni Muqanna deyishlariga sabab shu ediki, u juda xunuk, boshi kal va bir ko’zi ko’r bo’lganidan hamisha boshi va yuziga ko’k parda tutib yurardi».
Muqanna Abu Muslim (750-755) qo’shinida kichik lashkarboshi edi va Abduljabbor Azdiy davrida (757-759) esa vazirlik darajasigacha ko’tarilgan. U Mazdak g’oyalarining ilhomchisi sifatida faoliyat ko’rsatgan, ijtimoiy tenglik va erkin hayot da’vatini targ’ib etgan. Muqanna o’zini payg’ambar deb e’lon qilgan. Shu bois uni xalifa Mansur qamoqqa olib, yangi qurilgan Bag’dod zindoniga tashlaydi. Narshaxiyning ma’lumotiga qaraganda Muqanna ancha vaqt zindonda yotib, so’ng qochib Marvga keladi va 776 yilda xalifaga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonga rahbarlik qiladi.
Tez orada Muqanna Amudaryodan o’tib, Kesh viloyatiga yo’l oladi. Buxorxudod Tug’shod uni qo’llab-quvvatlay boshlaydi. Muqanna Kesh yaqinidagi Som (Sanam) qal’asini o’ziga qarorgoh qilib oladi. Butun Qashqadaryo vohasi qo’zg’olonchilar qo’liga o’tadi. Muqanna ta’limoti umumiy mulkiy tenglik va arablarni O’rta Osiyodan haydab chiqarish g’oyalarini targ’ib etar edi. Muqanna ta’limoti So’g’d, Eloq (Ohangaron), Shoshda ham yoyila boshladi.
Qo’zg’olonga zarba berish uchun xalifa Abu Ja’far 776 yilda Jabroil ibn Yahyo boshliq qo’shinni Movaraunnahrga yuboradi. Biroq Jabroil qo’zg’olonchilarga yengiladi. U katta talofatlar berib, Samarqandga yetib keladi. Jabroilga yordam berish uchun yuborilgan Uqba ibn Salim boshliq 14.000 kishlik qo’shin Termiz yaqinida qo’zg’olonchilar tomonidan qirib tashlandi. Natijada Naxshab va Chag’oniyon vohalari qo’zg’olonchilar qo’liga o’tadi.
Qo’zg’olon markazi Narshaxda, Buxoro atrofida joylashadi. Shu yili Narshax yaqinida Buxoro hokimi Xusayn ibn Muvoz va Samarqand noibi Jabroilning birlashgan qo’shini o’rtasida 4 oy jang bo’ladi. «Oq kiyimlilar» bu jangda qo’llari avval ustun keladi, keyinchalik son jihatdan ko’p bo’lgan arablar Narshax qal’asi devor ostidan uzunligi 50 gazli chuqur qazib, uni qulatib qal’aga kiradilar. Narshax qal’asi arablar tomonidan egallanadi. Kesh va Samarqand endilikda qo’zg’olonning asosiy markazlariga aylanib qoladi.
777-778 yillar davomidagi urush harakatlari chog’ida buxorolik bir kishi tomonidan iste’dodli sarkarda Sug’diyonning o’ldirilishi «oq kiyimlilar» uchun juda katta yo’qotish bo’lgan. Shundan so’nggina arablar Samarqandni ishg’ol qilganlar.
780-783 yilarda qo’zg’olon harakatlari so’nggi hal qiluvchi pallaga kiradi. Bu davrda Muqannaning asosiy kuchlari Qashqadaryoning Kesh vohasida to’plangan edi. Muqanna qarorgohi bo’lgan Som (Sanam) qal’asini qamal qilishHirot amiri Sayd ibn Xoroshiyga topshiriladi. 783 yilda Som (Sanam) qal’asi qamal qilinadi. Uzoq vaqt qamaldan so’ng muqannachilar taslim bo’ladilar. Lekin istilochilarga taslim bo’lishni istamagan Muqanna o’zini olov yonib turgan tandir ichiga tashlab, halok bo’lgan.
O’z davrining eng qudratli davlati bo’lgan xalifalikni larzaga solgan Muqanna boshchiligidagi qo’zg’olon shu tariqa tugaydi. Bu qo’zg’olonning yengilishiga bir necha sabablar bor edi. Avvalo, qo’zg’olonchilar uyushqoqlik bilan harakat qila olmadilar. Mahalliy zodagonlar alohida guruhni tashkil etib, keyinchalik umumiy xiyonat yo’liga kirib arablar tomoniga o’tib ketdilar. Uzoq davom etgan ko’rashlar ko’zg’olonchilarni holdan toydirdi, ularning iqtisodiy ahvolini noChor ahvolga keltirgan edi.
Muqanna rahbarligidagi «oq kiyimlilar» qo’zg’oloni yengilgan bo’lsa-da, biroq u Movarounnahrda Arab xalifaligining mustamlakachilik ildizlariga bolta urdi. Istilochilarga qarshi mahalliy xalq harakati to’la to’xtab qolmadi. 806 yilda Rofe ibn Lays boshchiligida xalifalikka qarshi yana qo’zg’olon ko’tarildi. Ushbu qo’zg’olon Samarqandda boshlanib, Shosh, Farg’ona, Buxoro, Narshax, Xorazm va boshqa hududlarga ham tarqadi va xalifalikni larzaga soldi. Xuroson noibi Ma’mun mahalliy zodagonlar-Somonxudot, uning nabiralari Nuh, Ahmad, Yahyo va Ilyoslar yordami bilangina qo’zg’olonni bostira oldi.
Arablarga qarshi olib borilgan kurashi behuda ketmadi. Asta-sekin xalifalikning hukmronligi zaiflashi, uning ta’sir doirasi qisqarib bordi. Bu hol Movarounnahr aholisining ozodlikka erishuvida muhim ahamiyat kasb etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |