3. TAQSIMLASH, ALMASHTIRISH VA ISTE’MOL SOXASIDAG IIQTISODIY MUNOSABATLAR.
Insonning turli faoliyatlari ichida eng asosiysi, insoniyatning yashashi va uning kamol topishini ta'minlaydigani moddiy va ma'naviy ne'matlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko'rsatishdan iborat bo'lgan iqtisodiy faoliyatdir.
Cheklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanib, kishilarning yashashi, kamol topishi uchun zarur bo'lgan hayotiy vositalarni ishlab chiqarish va iste'molchilarga yetkazib berishga qaratilgan, bir-biri bilan bog'liqlikda amal qiladigan turli-tuman faoliyatlar yaxlit qilib, bir so'z bilan, iqtisodiy faoliyat deb ataladi.
Iqtisodiyot – mulkchilikning turli shakllariga asoslangan xo'jaliklardan, xo'jaliklararo, davlatlararo birlashmalar, korporatsiyalar, kontsernlar, qo'shma korxonalar, moliya va bank tizimlaridan, davlatlar o'rtasidagi turli iqtisodiy munosabatlardan iborat o'ta murakkab ijtimoiy tizimni anglatadi.
Ushbu cheklangan iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanib, aholining to'xtovsiz o'sib boruvchi ehtiyojlarini qondirish maqsadiga erishish, resurslar va mahsulotlarni to'g'ri taqsimlash yo'llarini topish iqtisodiyotning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Iqtisodiyot qamrov darajasiga qarab turlicha bo'lishi mumkin: jahon iqtisodiyoti, milliy iqtisodiyot, tarmoq iqtisodiyoti, mintaqa va hudud iqtisodiyoti, korxona yoki firma iqtisodiyoti, oila iqtisodiyoti. Ba'zan ularni yaxlitlashtirib, makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot deb ataladi. Iqtisodiyotning bu turlari, darajalari, shakllari qanday bo'lishidan qat'iy nazar ularning hammasi bir maqsadga bo'ysungan: u ham bo'lsa insoniyatning yashashi, ko'payishi va kamol topishi uchun shart-sharoit yaratib berish, turli xil hayotiy vositalarni yaratib, ularning ehtiyojlarini qondirib borishdan iboratdir.
Shunday ekan, iqtisodiyot inson hayotining asosini, uning poydevorini tashkil etib, uning o'zi ham insonsiz, uning faoliyatisiz mavjud bo'lmaydi va mazmunga ham ega emas. Inson tomonidan yaratilgan tovarlar va xizmatlarning, resurslarning harakati bo'yicha takror ishlab chiqarish quyidagi fazalar birligidan iboratdir:
1) ishlab chiqarish jarayoni;
2) taqsimlash jarayoni;
3) ayirboshlash jarayoni;
4) iste'mol qilish jarayoni.
Ishlab chiqarish – kishilik jamiyatining mavjud bo'lishi va rivojlanishi uchun zarur bo'lgan hayotiy ne'matlarni yaratish jarayoni. Barcha tovar va xizmatlar ishlab chiqarish jarayonida yaratilishi sababli, u takror ishlab chiqarishning eng asosiy va boshlang'ich fazasi hisoblanadi. Agar ishlab chiqarilmasa, taqsimlanadigan, ayirboshlanadigan va nihoyat, iste'mol qilinadigan narsalar bo'lmaydi.
Misol uchun, odamlarning non mahsulotiga bo'lgan ehtiyojini qondirish uchun eng kamida quyidagi asosiy jarayonlarni amalga oshirish lozim: ekin maydonlarini haydash va ularga ishlov berish; yerga urug' qadash va unib chiqib, to hosil yetishguncha parvarishlash; g'allani o'rish va don omborlariga joylash; donni tegirmondan chiqarib, un mahsuloti olish; undan non zavodlari yoki nonvoyxonalarda non tayyorlash.
O'z o'rnida, har bir jarayon uchun kerakli bo'lgan mehnat vositalarini ham ishlab chiqish kerak bo'ladi.
Masalan, ekin maydonini haydash uchun traktorlar, omochlar; urug' qadash uchun seyalkalar; g'allani o'rish uchun kombaynlar; omborga tashish uchun yuk mashinalari; donni yanchish uchun tegirmonlar; non yopish uchun tandirlar va hokazo.
Agar bu vositalarning birortasi bo'lmasa, yo ishlab chiqarish jarayoni to'xtaydi yoki samaradorligi pasayib ketadi. Taqsimot – ishlab chiqarish omillari va uning natijalarini iqtisodiyotning turli qism va sub'ektlari o'rtasida taqsimlash jarayoni. Bu bosqichda, eng avvalo, ishlab chiqarish vositalari, kapital, ishchi kuchi va boshqa resurslar turli tarmoqlar, sohalar, hududlar va nihoyat, korxonalar o'rtasida taqsimlanadi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish natijasi bo'lgan tovar va xizmatlar, ularning pul holidagi ko'rinishi bo'lgan daromadlar ham taqsimlanadi. Bizning misolimizdagi non mahsulotini ishlab chiqarish uchun ham ushbu faoliyat sohasiga kerakli resurslar – traktorlar, omochlar, seyalkalar, kombaynlar, yuk mashinalari, tegirmonlar va tandirlar; ularni ishga soluvchi traktorchi, haydovchi, dehqon, ishchi va nonvoylar – barchasi taqsimot jarayonidan o'tadi. Ular aynan mehnat taqsimoti va ixtisoslashuv tufayli turli-tuman faoliyat va jarayonlar bo'yicha o'z o'rnilarini topadilar.
Shuningdek, tayyor bo'lgan non mahsulotini sotishdan olingan daromad ham turli kasb egalari – traktorchi, haydovchi, dehqon, ishchi va nonvoy o'rtasida, mulk egalari o'rtasida taqsimlanadi. Ular mahsulotdagi o'z ulushlarini ish haqi yoki foyda, foiz, renta ko'rinishida oladilar. Taqsimot qancha adolatli va to'g'ri bo'lsa, ishlab chiqarishning yuksalishiga shuncha ijobiy ta'sir ko'rsatadi, uni rag'batlantiradi. Ayirboshlash – jamiyat a'zolarining iqtisodiy faoliyat turlari yoki ishlab chiqarish natijalari bo'yicha ma'lum bir o'lcham (masalan, qiymat miqdori) asosida o'zaro almashish jarayoni. Mehnat taqsimoti natijasida ayrim guruh kishilar tovar va xizmatlarning ma'lum turlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashadilar.
Har bir tovar turini ishlab chiqaruvchi o'z tovarini sotib, o'ziga kerakli bo'lgan boshqa tovar yoki xizmatlarni sotib oladi. Jumladan, bizning misolimizdagi nonvoy ham o'z mahsuloti – nonni sotib, tushgan puliga qassobdan – go'sht, dehqondan – sabzavotlar, do'kondordan – kiyim-kechak va boshqa zarur tovarlarni sotib oladi. Natijada turli xil yo'nalishdagi ishlab chiqaruvchilar yoki xizmat ko'rsatuvchilar o'rtasida iqtisodiy aloqa – ayirboshlash, pul orqali oldisotdi jarayoni sodir bo'ladi. Iste'mol – ehtiyojlarni qondirish maqsadida mahsulot va xizmatlarning ishlatilishi, foydalanilishi jarayoni. Iste'mol takror ishlab chiqarishning oxirgi fazasi bo'lib, bu jarayon orqali jamiyat a'zolarining turli-tuman ehtiyojlari qondiriladi.
Iste'mol ikki turda bo'ladi: ishlab chiqarish (unumli) iste'moli va shaxsiy iste'mol. Ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchidan ishlab chiqarish jarayonida foydalanish unumli iste'mol deyiladi.
Nonvoy ishlatgan un, ko'mir yoki tabiiy gaz, o'simlik moyi – bularning barchasi unumli iste'mol hisoblanadi. Chunki, bularning barchasi mahsulot ishlab chiqarishga yo'naltirilgan bo'ladi. Iste'mol buyumlarining ehtiyojlarni qondirish maqsadida o'z ahamiyati bo'yicha pirovard ravishda ishlatilishi shaxsiy iste'mol deyiladi. Nonvoy tayyorlagan nonning odamlar tomonidan sotib olinib, iste'mol qilinishi shaxsiy iste'molni anglatadi.
Mahsulot va xizmatlar shaxsiy iste'molidan so'ng, ular o'rniga yana yangisini ishlab chiqarish zarurati paydo bo'ladi. Shunday qilib, tovar va xizmatlar, resurslar harakati doimo to'xtovsiz takrorlanib turadigan jarayondir. Bu jarayonni quyidagi 3.1-chizma orqali tushunish osonroq bo'ladi.
3.1-chizma
Tovarlar, xizmatlar va resurslarning takror ishlab chiqarish fazalaridagi harakati
Iqtisodiyotning doimiy va bosh masalasi – ehtiyojlarning cheksizligi va iqtisodiy resurslarning cheklanganligidir. Bu masalani to'g'ri tushunish uchun, eng avvalo, ehtiyojning mohiyatini, uning turlarini bilish zarur. Insonning yashashi va kamol topishi, umuman insoniyatning rivojlanishi uchun kerak bo'lgan hayotiy vositalarga bo'lgan zarurati iqtisodiyot nazariyasi fanida ehtiyoj deb ataladi. Barcha hayotiy ehtiyojlar (iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma'naviy, siyosiy ehtiyojlar) ichida ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar alohida o'rin tutadi.
Bu ehtiyojlar kishilarning yashashi, mehnat qilishi va hayot kechirishi uchun turli ne'matlar hamda xizmatlarga zaruratdan iborat bo'ladi. Shu jihatdan olganda ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar moddiy va ma'naviy ehtiyojlarni o'z ichiga oladi.
Moddiy ehtiyojlar – bu moddiy ko'rinishdagi ne'matlar vositasida qondiriluvchi zaruratdir. Bular iste'mol uchun zarur bo'lgan ko'plab hayotiy predmetlarni (ishlab chiqarish va transport vositalari, oziq-ovqat, kiyimkechak, turar-joy va h.k.) va zeb-ziynat buyumlarini (taqinchoq, atir-upa, turli bezaklar va h.k.) o'z ichiga oladi.
Ma'naviy ehtiyojlar – bu insonning shaxs sifatida kamol topishi, dunyoqarashi va ma'naviyatining shakllanishi uchun taqozo etiladigan nomoddiy ne'mat va xizmatlarga bo'lgan zaruratdir. Ular kishilarning bilim va dam olish, madaniy saviyasini oshirish, malaka-mahoratga ega bo'lish, turli ma'naviy yo'nalishdagi xizmatlardan bahramand bo'lish kabi ehtiyojlardan iborat bo'ladi.
Ehtiyojlarni iste'mol qilish tavsifiga ko'ra shaxsiy va ishlab chiqarish ehtiyojlariga ajratish mumkin.
Shaxsiy ehtiyojlar – kishilarning pirovard iste'moli uchun mo'ljallangan mahsulot va xizmatlarga bo'lgan zarurat. Masalan, oziqovqat, kiyim-kechak, uy-ro'zg'or buyumlari, shaxsga ko'rsatiladigan turli xizmatlar shaxsiy ehtiyojlarni namoyon etadi.
Ishlab chiqarish ehtiyojlari – mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko'rsatishni amalga oshirish maqsadida ishlatiluvchi turli iqtisodiy resurslarga bo'lgan zarurat. Ishlab chiqarish ehtiyojlariga xomashyo (neft`, paxta va h.k.), materiallar (po'lat, yog'och, tola va h.k.), asbob-uskunalar, ish mashinalari (yuk mashinasi, ekskavator, bul`dozer va h.k.), ishchi kuchi va boshqalarni kiritish mumkin.
Shuningdek ehtiyojlarni yakka tarzda va birgalikda qondiriluvchi ehtiyojlar; birlamchi va ikkilamchi ehtiyojlar; yakka, guruhiy, hududiy, umumjamiyat ehtiyojlari kabi turlarga ajratish mumkin. Insonning shaxsiy manfaati, qiziqishlari va turmush tarziga moslab qondirilishi mumkin bo'lgan ehtiyojlar yakka tarzda qondiriluvchi ehtiyojlar deyiladi.
Ularga ovqatlanish, kiyinish kabilarni misol qilish mumkin. Xatto ovqatlanish jarayoni birgalikda (oilaviy yoki bir necha kishilar bilan) amalga oshirilgan taqdirda ham, har bir kishining ovqatga bo'lgan ehtiyoji alohida, yakka tarzda qondiriladi.
Odatda kishilarning turli darajalardagi guruhi (oila, jamoa, mamlakat fuqarolari va h.k.) tomonidan birgalikda namoyon etiluvchi ehtiyojlar birgalikda qondiriluvchi ehtiyojlar deyiladi.
Masalan, ta'lim olish binolari, kasalxonalardan, dam olish joylaridan bahramand bo'lish, sport o'yinlari va ko'ngilochar tomoshalarni birgalikda ko'rish, mamlakat mudofaasi va tinchligini saqlash kabilar shular jumlasidandir. Birlamchi ehtiyoj – bu insonning hayotiy faoliyatida zarurlik darajasi nisbatan yuqori bo'lgan va, shu sababli, birinchi navbatda qondiriladigan ehtiyoj. Inson hali bilim olishi, san'at bilan shug'ullanishi, madaniy hordiq chiqarishidan ilgari oziq-ovqat, kiyimkechak, uy-joyga bo'lgan ehtiyojlarini qondirishi lozim. Ikkilamchi ehtiyoj – bu birlamchi ehtiyojlar qondirilib bo'lgandan so'ng namoyon bo'ladigan va qondiriladigan ehtiyoj. Bu turdagi ehtiyojlar odatda ijtimoiy tavsif kasb etib, ularga bilim olish, malaka oshirish, san'at bilan shug'ullanish, dam olish va h.k.larni kiritish mumkin.
Yakka ehtiyoj – bu alohida shaxsning ijtimoiy-iqtisodiy mavqei, dunyoqarashi va boshqa xususiyatlari ta'sirida shakllanuvchi ehtiyoji. Jamiyatdagi kishilar soni qanchalik ko'p bo'lmasin, ular o'z ehtiyojlarining tarkibi, darajasi va qondirilish vositalari jihatidan ozmi-ko'pmi farqlanadilar.
Masalan, katta yoshdagi odamlar va bolalar, erkaklar va ayollar, oliy ma'lumotlilar va ma'lumotsizlar, sportchilar va spirtli ichimliklarga moyil kishilar va hokazolarning yakka ehtiyojlari tarkibi o'zaro farq qiladi. Xattoki, bir jinsdagi, o'zaro teng va boshqa belgilari bo'yicha o'xshash insonlarning yakka ehtiyojlari ba'zi bir jihatdan farq qilishi mumkin. Guruhiy ehtiyoj – bu ma'lum guruh yoki jamoalarga birlashgan kishilarning birgalikdagi ehtiyoji. Bir oilaning ehtiyoji boshqa biridan, bir mehnat jamoasining ehtiyojlari boshqasidan o'z tarkibi va darajasi jihatidan farq qiladi.
Masalan, faraz qilaylik, Komilovlar oilasi besh kishidan iborat bo'lsin. Ota – shifokor, ona – o'qituvchi, ikki o'g'il – talaba, qiz – maktab o'quvchisi. Zokirovlar oilasi esa olti kishidan iborat: buva va buvi – nafaqada, ota – injener, ona – uy bekasi, qiz – talaba va o'g'il – maktab o'quvchisi.
Har ikkala oilaning tarkibi va faoliyat turlari bir-biridan farq qilganligi sababli, ularning oilaviy ehtiyojlari ham o'z tarkibi va darajasiga ko'ra farqlanadi. Xuddi shuningdek, mebel` ishlab chiqaruvchi korxona mehnat jamoasi ehtiyoji tarkibi va darajasi jihatdan tikuvchilik fabrikasi mehnat jamoasinikidan boshqacha bo'ladi. Hududiy ehtiyoj – bu muayyan hududlarda istiqomat qiluvchi kishilarning birgalikdagi ehtiyoji. Inson muayyan hududda istiqomat qilganliklari sababli, uning ba'zi bir ehtiyojlari mazkur hududda istiqomat qiluvchi barcha insonlarning umumiy ehtiyojlari sifatida namoyon bo'ladi.
Masalan, har bir mahalla o'zining guzari, unda joylashgan savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari, bolalar bog'chasi, dam olish joylari, istirohat bog'lari va boshqa inshootlarga ehtiyoj sezadi.
Umumjamiyat ehtiyojlari – bu jamiyat miqyosidagi barcha kishilar uchun umumiy bo'lgan ehtiyoj. Har bir mamlakatning fuqarolari ham barcha uchun umumiy bo'lgan ne'matlarga ehtiyoj sezadilar.
Masalan, mamlakat chegarasining daxlsizligi, uning mudofaa qobiliyatining mustahkamligi, yurt farovonligi, ijtimoiy-madaniy tadbirlar, huquq-tartibot ishlarining yuqori darajada amalga oshirilishi va boshqalar. Jamiyat ehtiyojlariga quyidagi bir qator omillar ta'sir ko'rsatadi:
a) jamiyatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi;
b) jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy tuzum;
v) tabiiy-geografik sharoitlar; g) tarixiy-milliy an'analar va urf-odatlar; d) aholi sonining o'sishi, uning tarkibidagi o'zgarishlar;
ye) xalqaro, davlatlar, millatlar va mintaqalar o'rtasidagi aloqalar. Ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, moddiy ehtiyojlarni to'liq qondirish mumkin emas. Jamiyatda har bir ma'lum davrda ko'plab qondirilmagan ehtiyojlar mavjud bo'ladi.
Vaqt o'tishi bilan yangi buyumlarning paydo bo'lishi, keng reklamaning ta'siri va savdoning rag'batlantirishi natijasida ehtiyojlar o'zgaradi va ko'payib boradi. Shunday ekan, jamiyatning, ya'ni uni tashkil qiluvchi shaxslar, muassasa va korxonalar ehtiyojlarining cheksizligi, ularning to'xtovsiz yangilanib va o'sib borishi tabiiy bo'lib, uni o'ziga xos qonun orqali ifodalash mumkin. Ehtiyojlarning ishlab chiqarish va yetkazib berishga nisbatan miqdoran o'sib, tarkib va sifat jihatidan takomillashib borishi ehtiyojlarning ustuvor darajada o'sib borish qonuni deyiladi. Bu qonun ishlab chiqarish bilan ehtiyojlar o'rtasidagi uzviy, to'g'ridan-to'g'ri bog'liqlikni aks ettiradi. Ehtiyojlarning o'zi ham bir-birini taqozo qiladi. Bir ehtiyoj o'z orqasidan boshqa bir ehtiyojni keltirib chiqaradi. Masalan, komp`yuter texnikasiga ehtiyojning paydo bo'lishi, o'z navbatida uni ishlatishni o'rganish, unga xizmat ko'rsatish, dastur tuzish kabi ehtiyojlarni keltirib chiqaradi. Ehtiyojlarning o'sib borishi, uni qondirish vositalari darajasi bilan chegaralanadi.
Chunki ehtiyojlar cheksiz o'zgargani holda uni ta'minlash uchun kerak bo'ladigan iqtisodiy resurslar cheklangan bo'ladi. Iqtisodiy resurslar deganda tovar ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish jarayonlarida foydalanish mumkin bo'lgan barcha vosita va imkoniyatlar majmui tushuniladi. Iqtisodiy resurslarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
1) tabiiy resurslar (yer, yer osti boyliklari, suv, o'rmon va biologik resurslar);
2) ishchi kuchi resurslari (kishilarning aqliy va jismoniy qobiliyatlari);
3) kapital (foyda olish maqsadida ishlatiladigan binolar, stanoklar, mashinalar, asbob-uskunalar, inshootlar, qurilmalar, sotishga tayyor tovarlar, pul mablag'lari va boshqalar);
4) tadbirkorlik qobiliyati (kishilarning ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish jarayonlarini tashkil etish va boshqarish qobiliyatlari). Iqtisodiy resurslarning ishlab chiqarish omillaridan farqi shundaki, ularga ishlab chiqarishda bevosita qatnashadigan ishchi kuchi, tabiiy resurslar va ishlab chiqarish vositalaridan tashqari hamma moddiy resurslar, tovar va pul zaxiralari ham kiradi.
Resurslarning cheklanganligi ehtiyojni qondirishning muhim yo'li bo'lgan ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham cheklab qo'yadi. Bu imkoniyatlar darajasi doimo bir xil bo'lib turmaydi, balki yangi texnikalar va texnologiyalarning yaratilishi va ishga solinishi ishlab chiqarish imkoniyatlarini, uning chegaralarini kengaytirish imkonini beradi. Iqtisodiy resurslar, ishlab chiqarish va ehtiyojlarni qondirish darajasi o'rtasidagi doimiy va mustahkam aloqadorlikni quyidagicha ifodalash mumkin (3.2-chizma):
3.2-chizma
I qtisodiy resurslar va ehtiyojlarning qondirilish darajasi o'rtasidagi bog'liqlik.
Cheklangan iqtisodiy resurslardan unumli foydalanib, ishlab chiqarish imkoniyatlarini va binobarin ehtiyojlarni qondirish darajasini oshirish zarurligi iqtisodiyot oldiga quyidagi muammolarni qo'yadi:
1) ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatishning optimal variantlarini (eng zarur va tejamli turlarini) tanlab olish va resurslarni ko'proq ishlab chiqarishga jalb qilish;
2) mavjud resurslarning har bir birligidan tejab-tergab, samarali foydalanish;
3) fan-texnika yutuqlarini va yangi texnologiyalarni joriy qilib, yangi energiya, material, xomashyo turlari, ularning manbalarini topib, foydalanishga jalb qilish, resurslar unumdorligining oshishiga erishish. Bu muammolarni hal qilish zaruriyati kishilardan chuqur iqtisodiy bilimlarga ega bo'lishni taqozo qiladi.
4. IQTISODIYOTDAGI TARKIBIY OʻZGARISHLAR JARAYONIDA YANGI IQTISODIY MUNOSABATLARNI VUJUDGA KELISHI VA TAKOMILLASHIB BORISHI.
Oʻzbekiston hayotida soʻnggi yillarda olamshumul, keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Oʻz navbatida, xalqaro hamjamiyat mamlakat iqtisodiyotining liberallashtirilishi, yaqin va qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro ishonchning mustahkamlanishi yoxud mintaqada barqaror taraqqiyot kafolati boʻlgan Afgʻonistonni Markaziy Osiyo keng makoni iqtisodiy hayotiga faol integratsiyalashuvini taʼminlashdagi amaliy qadamlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bogʻliq ekanini qayd etmoqda.
Bugun BMT, Inson huquqlari boʻyicha xalqaro tuzilmalar minbarlaridan Oʻzbekistonda inson huquqlari va ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash, majburiy mehnatga chek qoʻyish hamda ochiq siyosat yuritish boʻyicha erishilayotgan natijalar haqli eʼtirof etilmoqda.
Yangilanayotgan O‘zbekiston o‘z oldiga bugun shunchaki rivojlanishni emas, balki jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida eng kuchli davlatlar qatoridan o‘rin olishni asosiy marra qilib qo‘ygan. Buni oldindan ko‘ra bilgan, his qilgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yildagi parlamentga Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shartligi, bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini berishi, zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib borayotganligiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishi, biroq qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishishimiz zarurligi, shu bois raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish – kelgusi besh yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri sifatida belgilab berildi. Chunki raqamli texnologiyalar mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, eng og‘ir illatlardan biri – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy soha rivojlanishiga xizmat qilishi qatorida odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkinligini o‘tgan qisqa fursat ko‘rsatib berdi.
Bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan so‘nggi ikki yil ichida bir qator yo‘nalishlarda kompleks ishlar olib borildi.
XXI asrda raqamli texnologiyalar insonlarni har tomondan o‘rab oldi. Ulardan inson mehnatini kamaytirish orqali yanada ko‘proq natijaga, samaradorlikka erishish maqsadida foydalanilmoqda.
Raqamli iqtisodiyot — raqamli texnologiyalarga asoslangan elektron biznes va elektron tijorat bilan chambarchas bog‘liq iqtisodiy faoliyat hamda shu faoliyat natijasida ishlab chiqariladigan va sotiladigan raqamli tovarlar, xizmatlar yig‘indisi.
Raqamli iqtisodiyot izchil rivojlanishining birinchi va eng muhim omili — zamonaviy AKT-infratuzilmasini yaratish hisoblanadi. Bu bo‘yicha mamlakatimizda bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi.
O‘tgan yil boshidan bugungi kungacha respublika bo‘yicha internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlarining umumiy soni 2,2 mln.ga yetkazildi, 7,8 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 44,4 ming km.dan oshdi.
Shundan 7,3 km. optik tolali aloqa liniyalari 9410 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga tortilishi natijasida 4 786 ta maktab, 2 895 ta maktabgacha ta’lim va 1 729 ta sog‘liqni saqlash muassasasini tezkor internetga ulash imkoniyati yaratildi. Bu o‘z navbatida yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Bu borada investorlar va mahalliy tadbirkorlar ham faol qatnashayotgani e’tiborga molik. Masalan, Jizzax erkin iqtisodiy zonasida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda loyiha qiymati 11 mln. dollarga teng optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilib, yiliga 50 ming km. optik tolali kabel tayyorlash quvvati yaratildi.
Bu esa, o‘z navbatida, internet tezligining keskin oshishida muhim omilga aylandi. Gap shundaki, “Ookla” kompaniyasining Speedtest.net servisi internet tezligi bo‘yicha 2020 yil iyun oyi natijalariga ko‘ra yangi ma’lumotlarni e’lon qildi va ushbu Speedtest Global Index reytingida O‘zbekiston keskin o‘sishni namoyon etdi.
Internet tezligi bo‘yicha reytingda O‘zbekiston hozirgi kunda 94-pog‘onani egallab turibdi, bir yil ichida 36 pog‘onaga ko‘tarilish kuzatildi. Umuman, oxirgi yil natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda simli internet tezligi 2,5 barobarga o‘sdi.
Qolaversa, telekommunikatsiya xizmatlari uchun tarif narxlari arzonlashmoqda. 2019 yil davomida provayder va operatorlar uchun tashqi kanalga ulanish tariflari narxi 1 Mbit/s. 17 foizga arzonlashtirilgandi. 2020 yilning 1 yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 34 foiz arzonlashtirildi. E’tiborli jihati shundaki, bozor iqtisodiyoti talablariga ko‘ra, tizimli ravishda internet xizmatlari narxlari kamaytirilib borilmoqda.
Joriy yilda «O‘zbektelekom» AK tomonidan yirik xorijiy IT-kompaniyalarining server uskunalari va ko‘plab xizmatlari mahalliylashtirildi. Bu butun O‘zbekiston uchun muhim voqeadir. Mazkur yangilik ushbu xizmatlar tomonidan taqdim etiladigan audio hamda videokontentlarni, dasturiy ta’minot va boshqa kontentlarni yuklab olish tezligini oshirishga yordam beradi. O‘z navbatida xalqaro internet kanalini sezilarli darajada yengillashtirishi ham muhim mezonlardan biridir. Bu O‘zbekistonning barcha operator hamda provayderlariga abonentlar uchun yanada arzon va tezkor takliflarni taqdim etish imkonini beradi.
Mobil aloqa sohasini rivojlantirishda ham keng miqyosda ishlar olib borilmoqda. Mazkur davr mobaynida 6 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatildi va respublika aholi maskanlarini mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 97 va mobil internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 70 foizga yetkazildi.
Aytish joizki, shu kunga qadar asosan telefon xizmatlarini ko‘rsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish vazifasi bajarilgan bo‘lsa, hozir tarmoqning qamrovini oshirish bo‘yicha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yo‘naltirilmoqda. Xususan, shu yilning o‘zida 2200 ta 3G/4G baza stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan.
2020 yil - «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlanish yili»ning birinchi yarmida mobil aloqa operatorlari tomonidan jami 1375 ta mobil aloqa tayanch stansiyasi o‘rnatilib, aholi maskanlarining mobil aloqa hamda keng polosali mobil internet tarmog‘iga ulanish darajasi oshirildi.
Oldimizda turgan eng asosiy vazifa — o‘z ichiga barcha soha va tarmoqlarni qamrab olgan hamda O‘zbekiston iqtisodiyotini to‘liq va kompleks ijobiy o‘zgartirishga hamda raqobatbardoshlikni oshirishga yo‘naltirilgan.
Yana bir muhim vazifa — davlat rahbarining “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashimiz zarur. Mazkur hujjatga asosan tasdiqlangan «Raqamli Toshkent» kompleks dasturida ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, kommunal sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb qilgan holda O‘zbekiston poytaxtining qiyofasini to‘liq ijobiy o‘zgartirish maqsad qilib qo‘yilgan.
“Raqamli Toshkent” konsepsiyasi «Xavfsiz shahar» yirik loyihasi bilan bevosita bog‘liq. Mazkur loyihani 2019 — 2023 yillarda bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy etilishi belgilangan. Birinchi bosqichda 2019 — 2020 yillarda Toshkent shahrida loyihaning yagona texnologik platformasini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yildagi 28 aprel kuni qabul qilingan «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra 2023 yilga borib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 hamda ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish nazarda tutilgan.
Qolaversa, 2020 — 2022 yillarda elektron hukumat, telekommunikatsiyalar va dasturiy mahsulotlar, axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, qishloq hamda suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha jami 268 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Shulardan kelib chiqib, IT-Park rezidentlari sonini 450 taga hamda ular tomonidan ko‘rsatilgan eksport hajmini 25 mln. dollarga yetkazish maqsadida tegishli infratuzilma kengaytirilmoqda.
Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab hududida IT-Park Toshkent filialini ishga tushiriladi hamda qo‘shimcha 700 ta ish o‘rni yaratiladi.
O‘z navbatida «5 muhim tashabbus»ning uchinchisi doirasida yil yakunigacha qo‘shimcha 72 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etildi, ularda axborot texnologiyalari sohasida 15 mingdan ortiq yoshlar o‘qitildi.
Barcha hududdagi yoshlar markazlarida yoshlarni «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatishga qaratilgan kurslar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, umumta’lim maktablari o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qitish orqali loyihaga jalb qilinganlar soni 100 mingtaga yetkaziladi.
«O‘zbektelekom» AK ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi sig‘imini 5 baravarga (5 Petabaytgacha) kengaytirish ham ko‘zda tutilyapti. Ayni chog‘da 600 ming portli keng polosali ulanish qurilmalarini o‘rnatish orqali umumiy portlar soni 2,8 mln.taga, 5,5 ming km. optik kabel liniyalari qurish orqali respublika bo‘yicha umumiy optik aloqa liniyalari uzunligini 50 ming km.ga yetkaziladi. Qolaversa, 1 052 ta mobil aloqa baza stansiyasini o‘rnatish va ularning umumiy sonini 28,3 mingga yetkazish orqali respublika aholi yashash maskanlarining keng polosali mobil tarmoq bilan qamrov darajasi oshiriladi.
Eng muhimi, 2700 ta maktabgacha ta’lim hamda 1740 ta sog‘liqni saqlash ob’ektining to‘liq, 2160 ta xalq ta’limi muassasasini yuqori tezlikdagi internetga ulash imkoniyati ham yaratiladi.
Agrar sohada ham raqamli texnologiyalar keng joriy qilinadi
Bugungi kunda, yer munosabatlari, qishloq va suv xo‘jaligi resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida raqamli hamda geoaxborot texnologiyalari tizimini joriy etish yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga ham aniq vazifalar qo‘yilgan.
Respublikamizda geoaxborot texnologiyalarini rivojlanirish maqsadida sohada yetuk tajribaga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarning tajribasi o‘rganildi.
Hozirgi kunda xorijiy kompaniyalarning yerni masofadan zondlash yo‘ldoshlari olgan kosmik suratlarni respublikamiz hududida qabul qilish va ularga ishlov berish uchun “virtual” qabul qilish stansiyasi (geoaxborot markazini)ni tashkil etish loyihasi bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda.
Mazkur loyiha - geoaxborot texnologiyalarini transfer qilish va mahalliy mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlashni ham o‘z ichiga qamrab oladi.
Buning natijasida kosmik suratlarni qabul qilish hamda ularga ishlov berish orqali geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishlari, noqonuniy qurilishlarning oldini olish ishlari samaradorligi ta’minlanadi.
Shuningdek, qishloq hamda suv xo‘jaligi, tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ekologiya, arxeologiya, shaharsozlik hamda yo‘l qurilishi, chegara nazorati, xavfsizlik va mudofaa sohalaridagi ayrim masalalarni hal etish tizimi ham yaratiladi.
Yer hamda ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish yo‘nalishida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bugungi kunda 8 ta elektron davlat xizmatlari joriy qilingan bo‘lib, 50 mingga yaqin arizalar kelib tushgan.
Mazkur yo‘nalishda aholiga qo‘shimcha qator qulayliklarni yaratish, eng asosiysi mazkur yo‘nalishda “inson omili”ni cheklash maqsadida joriy yil yakuniga qadar 5 ta davlat xizmatlari takomillashtiriladi.
Qishloq xo‘jaligi yerlari va ularda yetishtiriladigan ekinlar holatini tezkor va aniq baholash maqsadida kosmik ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha Andijon viloyatida tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Andijon viloyatining maydonlari vektor formatida “Monterra” onlayn platformasiga kiritilmoqda.
Mazkur platforma hozirgi kunda Davergeodezkadastr qo‘mitasining “Yer axborot” tizimi bilan o‘zaro integratsiya qilindi.
Loyiha sentyabr oyida ishga tushadi va Andijon viloyatidagi barcha ekin maydonlarining tahliliy ma’lumotlari shakllantirilib, yer egalariga taqdim etish imkoniyati yaratildi.
21 iyul kuni Prezidentimiz yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda vazirligimiz oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi.
Jumladan, yig‘ilishda, kadastr idoralari zimmasiga yerning hisobi va balansini yuritish, yil yakuniga qadar yer turi, konturi, chegarasi va foydalanuvchisi haqidagi ma’lumotlar jamlangan axborot tizimini ishga tushirish vazifasi yuklandi. Endi yer ajratish to‘g‘risidagi qaror mazkur tizimga kiritilsagina haqiqiy hisoblanadi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh kanallarini ijaraga olish va signallarni qayta ishlash tizimini tashkil etishga ko‘rsatma berildi. Bu esa kosmosuratlarni yillar bo‘yicha taqqoslash orqali hosildorlikni tahlil qilish, yerlarning meliorativ holatini muntazam o‘rganishda qo‘l keladi.
Yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi maydonlarini elektron tanlov va auksion asosida ajratish tartibini joriy qilish, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yer toifalarini optimallashtirish borasidagi ishlar o‘z vaqtida bajarilishida vazirligimiz boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar bilan yaqindan hamkorlikda ish olib boradi.
Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
XULOSA
Ma’lumki,har bir davlat boshqa davlatlar bilan mahsulot ayirboshlashni yo’lga qo’ymasdan turib, iqtisodiy faoliyat yurita olmaydi.
Tovar ishlab chiqarishning vujudga kelishi va rivojla-nishi xalqaro savdo munosabatlarini keltirib chiqardi. Ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiy etishi, bir tomondan, ishlab chiqa-rish hajmini kengayishga olib kelgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, mamlakatlararo xo’jalik aloqalarining yanada chuqurlashuviga imkon tug’dirdi. Bu, o’z navbatida, yoqilg’i, turli xildagi xom ashyolarga, mashina, asbob-uskunalarga bo’lgan talabni keskin oshirib, tashqi savdo-sotiqni rivojlantirish, mahsulotlar ayirboshlashni muhim ekanligini taqozo qiladi hamda xalqaro iqtisodiy munosabatlarda qatnashishni zaruriyatga aylantiradi.
Hozirgi sharoitda tashqi iqtisodiy munosabatlar yanada muhim ahamiyatga ega bo’lib bormoqda. Fan-texnika taraqqiyoti iqtiso-diyotdagi strukturaviy o’zgarishlar rivojlangan mamlakatlarda yangi tarmoqlar, ishlab chiqarishlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Bu esa ba’zi xom ashyo turlari, yoqilg’i-energetika mahsulotlari importini ko’payishiga, mahsulotlar sotish bozorlarini milliy chegaralardan ko’ra kengaytirishga olib keldi.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki har bir davlatning o’z iqtisodiy tizimi bor masalan, rivojlangan davlatlar aralash iqtisodiy tizim o’tib bo’lgan, bizning mamlakatimiz bozor iqtisodiyotida.Bizning mamlakatimiz ham yanada rivojlanib, aralash iqtisodiy tizimga o’tadi. O’zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatini belgilab beruv chi huquqiy normalar yaratildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat to’g’risida qabul qilingan qonunlar, xalqaro pakt va bitimlar, ularning O’zbekiston tomonidan imzolanishi mamlakatimiz tashqi aloqalarining rivojlanishi tarixida yangi sahifa ochdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |