Aholining yosh-jinsiy tarkibi va mehnat resurslarining shakllanishi
Aholining yosh-jinsiy tarkibi unga xos belgilar ichida eng muhimi hisoblanadi.
Chunki yoshga qarab aholining jamiyatda tutgan o’rni va ahamiyati baholanadi.
Butun jahonda erkaklarning soni ayollarnikiga nisbatan qariyb 30 mln.ga ko’proqdir. Lekin ayrim materiklar, regionlarda erkaklar bilan ayollar soni o’rtasidagi farq sezilarli tusga ega. Bolalar yoshlarida barcha materiklar va regionlarda o’g’il bolalarning ustunligi ko’zga tashlanadi. Dunyoda 0-14 yoshda har ming qizga 1040 o’g’il bola to’g’ri keladi. Ushbu ko’rsatkich Yevropada (1060), Osiyoda(1050) hamda Avstraliya va Okeaniyada (1059) undan ham yuqori. Faqat Afrika (1008) va Amerika (1029)da nisbatan past daraja bilan ifodalanadi. Bolalar sonidagi farqning kelib chiqishida tug’ilgan har ming go’dakning 520tasi o’g’il bolalardan iborat bo’lishligi omili hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Aholining asosan mehnatga layoqatli yoshdagi qismidan tashkil topgan 15-65 yoshida dunyo bo’yicha har ming ayolga 1020 ta erkak to’g’ri keladi. Yevropada erkaklar soni ayollar soniga teng, Osiyoda har ming ayolga 1049ta erkak, Avstraliya va Okeaniyada esa 1039 erkak to’g’ri keladi. Mazkur ko’rsatkich Afrika (979 erkak) va Amerika (990 erkak)da aksincha, ayollar ustunligi bilan ifodalanadi.
Yuqoridagi yosh guruhlarida erkaklar bilan ayollar o’rtasida mavjud bo’lgan farqlar juda ko’p omillar ta’sirida shakllangan. Bunda dunyo va region hamda mamlakat doirasidagi urushlar, erkaklar bilan ayollarning jamiyatda tutgan o’rni va ularning o’rtacha umr davridagi farqlar va boshqa omillarning ro’li juda kattadir. Xitoy, Hindiston va boshqa qator mamlakatlarda erkaklar sonining ustunligi ayollarning jamiyatda tutgan murakkab, ba’zi hollarda ayanchli o’rni hamda mazkur mamlakatlarda oilada o’g’il bolani ko’rishga bo’lgan juda katta intilish va ana shu maqsadga erishishda har qanday choraga, hatto endi tug’ilgan qizni o’ldirishgacha
borishga tayyorligi bilan bog’langan. Aholi jinsiy tarkibining shakllanishida jahonni ayrim regionlar va mamlakatlari miqiyosida bo’lib turuvchi migratsion aloqalarning ro’li ham kattadir. (Yevropa va Shimoliy Amerika emigrantlarni qabul qiluvchi, Osiyo va Afrika emigrantlarni yetkazib beruvchi hisoblanadi).
Jahon aholisining yosh tarkibi ham katta hududiy farqlarga ega. Bunda tug’ilish va o’lim ko’rsatkichlari dinamikasi hal qiluvchi ro’l o’ynaydi. Quyidagi jadval ma’lumotlaridan dunyo aholisining yosh tarkibiga xos hususiyatlar va nisbatlarni ko’rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |