Hukumatning siyosati yana bir muhim omil hisoblanib, investorlarning faoliyatiga turlicha ta’sir o’tkazishi mumkin. Albatta, hukumat olib borayotgan iqtisodiy siyosat bevosita yoki bilvosita biznes, savdo va investitsiyalash jarayoniga o’z ta’sirini o’tkazadi. Bunda uch jihatga alohida e’tibor berilishi zarur: xorijiy investorlarning loyihalarda qatnashish darajasi. Xorijiy investorlarni o’z biznesining qanday qismiga egalik qilishlari qiziqtiradi. Bu esa loyiha turiga bog’liq: a) agar investitsiya loyihasi eksportga yo’naltirilgan, hamda xomashyoning asosiy qismi chetdan keltirilayotgan bo’lsa, investor biznesning maksimal darajada katta qismiga (ba’zida 100%iga) egalik qilishga da’vogar bo’ladi; b) agar investitsiya loyihasi eksportga yo’naltirilgan, hamda xomashyoning asosiy qismi mamlakatning ichki xomashyosi bo’lsa, investor huddi shunday biznesning qo’shni mamlakatlardagi shart-sharoitlariga qarab ish tutadi; v) agar investitsiya loyihasi mahsulotni ichki bozorda sotishga mo’ljallagan bo’lsa, ko’pgina TMKlar sherikchilik asosida ish yuritishga harakat qiladilar, aks holda boshqa raqobatchilar ulardan oldin bozorni egallab olishlari mumkin. Xorijliklarning mehnati. Xorijiy investorlar o’z biznesi va daromadlarini hamyurtlari nazorati ostida bo’lgani ma’qul, deb fikralashadi. Ammo ishga juda ko’p xorijliklarni jalb etish xarajatlarni oshirib yuboradi. Valyuta muomalasini tartibga solish. Xorijiy investorlarni mamlakatga mablag’ olib kirish, uni sarflash imkoniyatlaridan tashqari biznesdan topilgan daromadni konvertirlangan valyutaga ayirboshlash, chetga olib chiqish, valyuta hisob raqamiga ega bo’lish imkoniyatlari nihoyatda qiziqtiradi.
Keyingi omil infratuzilma holati bo’lib, u mamlakatdagi yuqoridagi sanab o’tilgan omillarning mavjud bo’lishidan keyingi muhim omillardandir. Unda ishlab chiqarish uchun er maydonlaridan foydalanish, erni ijaraga olish shartlari va muddati, avtomobil va temir yo’llarning sanoat hududlarini asosiy transport bo’g’inlari (portlar, aeroportlar) va bozorlar bilan bog’langanligi, elektr energiyasining mavjudligi, suv ta’minoti darajasi (ba’zi hollarda ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi), telekommunikatsiyaning rivojlanish darajasi, telefon, faks, teleks aloqalarining mavjudligi, kompyuter orqali aloqa o’rnatish masalalari muhimdir.
Ishchi kuchi. Ko’pincha xorijiy investitsiyalarni kiritishning asosiy sababi qilib qabul qiluvchi mamlakatda ish kuchining arzonligi ko’rsatiladi. Lekin, investitsiyalarni jalb qilishga savodxonlik, ishchi kuchining malaka darajasi, mehnat qilish etikasi, mehnat unumdorligi darajasi, turli ijtimoiy harakatlarning ishlab chiqarish jarayoniga ta’siri va boshqalar ham o’z ta’sirini ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |