Interfaol grafik organayzerlar: “Baliq skeleti”, “BBB”, “Konsteptual jadval”, “Venn diagrammasi”, “T-jadval”, “Insert”, “Klaster”, “Nima uchun?”, “Qanday?” va b. Interfaol grafik organayzerlarni ajratishda bunday mashg’ulotlarda asosiy fikrlar turli grafik shakllarda yozma ko’rinishda ifodalanishiga asoslaniladi. Aslida bu grafik organayzerlar bilan ishlash ham ko’proq jihatdan interfaol ta’lim metodlariga tegishli bo’lib, ularning orasida boshqa farqlar yo’q.
Interfaol ta’lim metodlarini ko’pincha turli shakllardagi o’quv mashg’ulotlari texnologiyalari bilan bir vaqtda qo’llanmokda. Bu metodlarni qo’llash mashg’ulot ishtirokchilarining faolliklarini oshirib, ta’lim samaradorligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan yuqoridagi tasnif bo’yicha hozirgi ayrim interfaol ta’lim metodlarining turli shakllardagi o’quv mashg’ulotlari texnologiyalari bilan qo’llash uchun qulayligi shartli ravishda quyidagi 8-jadvalda keltirildi.
Bu jadvaldagi ayrim interfaol ta’lim metodlarining turli shakllardagi o’quv mashg’ulotlari texnologiyalari bilan qo’llash uchun qulayligi bir muncha shartli va aslida muayyan o’quv mashg’ulotlari texnologiyalari bilan boshqa yana ko’p interfaol metodlarni aniq maqsadlar yo’lida qo’llash mumkin ekanligini alohida ta’kidlash zarur
Eng jiddiy didaktik muammolardan biri ta’lim metodlarini tanlash nimalarga bog’liq, degan masaladir.
Didaktikaga oid adabiyotlarda ta’lim metodlarini to’g’ri tanlash va ularni qo’llash samaradorligining turli omillar bilan bog’liqliklari quyidagicha qayd qilinadi:
birinchidan, o’quv mashg’ulotlarining didaktik maqsadlari va vazifalariga bog’liq;
ikkinchidan, bayon qilinadshan materialning harakteriga bog’liq;
uchinchidan, ta’lim oluvchilarning bilimi va rivojlanish darajasiga bog’liq;
to’rtinchidan, o’quv jarayonida o’rganilayotgan fan asoslarining muayyan (hozirgi) davrdagi metodlariga bog’liq;
beshinchidan, oliy o’quv yurti yoki kafedraning sharoitlariga bog’liq;
oltinchidan, o’quv jarayonining moddiy-texnik ta’minoti bilan bog’liq;
yettinchidan, o’qituvchining pedagogik mahorati, uning tayyorgarligi va o’quv jarayonini tashkil etish darajasi hamda o’qituvchining hozirgi zamon metodlari bo’yicha bilimlariga bog’liq.
Shunday qilib, oliy ta’lim muassasalaridagi kasbiy ta’lim jarayoni o’qitishning zamonaviy shakl va metodlariga muvofiq tashkil etiladigan ko’pqirrali yaxlit tizim doirasida amalga oshiriladi. Bunda har bir shakl o’z oldiga qo’ygan vazifalarni bajaradi, lekin shakl va metodlar to’plami yagona didaktik majmuani hosil qiladi. Bu didaktik majmuaning amalga oshirilishi esa, o’quv jarayonining psixologik-pedagogik qonuniyatlari bilan belgilanadi.
Yurtimizda ta’lim mazmuniga alohida e’tibor qaratilib, Davlat ta’lim standarti o’quv dasturlarining yangi tahrirdagi variantlari tajriba sinovdan o’tkazilmoqda, pedogogik texnologiyalar asosida o’quv jarayonining samaradorligi oshirish maqsadida pedagogik texnologiyalardan, axborot komminikatsiya vositalaridan foydalanilmoqda.
Boshlang’ich sinf o’quvchilarini o’qitishda o’quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish, bilimlarni keng va oson o’zlashtirish maqsadida pedagogik texnologiyalarning usul, vosita va shakllarini to’g’ri tanlab, ulardan foydalanish muhim sanaladi. O’qish darslarini tashkil etishda pedagogik texnologiyalarning ko’pgina metodlaridan foydalaniladi.
Bola hayotida bog‘chadan so‘ng maktabning dastlabki davrlari muhim o‘rin tutadi. Shu bois boshlang‘ich ta’lim davri ta’lim jarayonidagi eng mas’uliyatli davrdir. Bu paytda bolaning savodi chiqishi bilan birga, uning dunyoqarashi shakllanadi, tafakkur qilish malakasi rivojlanadi.
Bu davrda bolaning zehnini o‘stirishga qaratilgan har bir mashg‘ulot bola aqlining tarkib topishi va rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham bu davrda, avvalo, ta’lim jarayonini qiziqarli, ta’sirli qilib tashkil etishga, motiv hosil qilish va uni rivojlantirishga e’tibor qaratish lozim. Chunki bu muddat bolaning o‘yin faoliyatidan aqliy faoliyatga, ya’ni o‘quv faoliyatiga o‘tganligi bilan xarakterlanadi.
Bolaning o‘quv faoliyatini rivojlantirishda turli o‘yinlardan foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. Bolalar o‘yin orqali o‘z bilimlarini mukammallashtiradilar va uni chuqur o‘zlashtiradilar. Shu jihatdan qaraganda, ta’lim jarayonida qo`llanadigan didaktik o‘yinlarning roli beqiyosdir. Didaktik o‘yinlar ta’lim jarayoni samaradorligini oshiradi, ta’lim jarayonida o‘quvchilar faolligini, o‘qish motivlarini rivojlantiradi. O‘qish motivlari ta’lim jarayonini pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etishda ham muhim o‘rin tutadi.
Hozirgi davrda pedagogik texnologiyalar asosida ta’limni tashkil etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Pedagogik texnologiya o‘quvchilar qobiliyati, imkoniyati va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ta’lim shakllarini amalga oshirish uchun ko‘zlangan natijaga erishishda eng qulay yo‘l va usullarning tanlash va ishlab chiqish mahorati ekan, u haqiqatdan ham ta’lim jarayoni unumdorligini oshiradi, o’quvchilarning mustaqil fikrlash jarayonini shakllantiradi, o‘quvchilarda bilimga ishtiyoq va qiziqishni oshiradi, bilimlarni mustahkam o‘zlashtirish, ulardan amaliyotda erkin foydalanish ko‘nikma va malakalarini shakllantiradi.
Boshlang‘ich sinf o’qituvchilarining har bir darsni tashkil etish uchun turli didaktik o‘yinlardan foydalanishlari yaxshi samara beradi.
Chunki 6-7 yoshli bolalar hayotida maktab davri ancha murakkab davr bo‘lib, bolalar oldida jiddiy sinov turadi. Bola yangi hayot - maktab hayotiga kirib boradi. Endi u yangi jamoaning a’zosi ekanligini his etishga, intizomga bo‘ysunishga, yangi rejimga moslashishga majbur bo`lmaydi. Bola yosh bo‘lishiga qaramay, endi uning maktabda oqish, uy vazifalarini bajarish, murakkab materiallarni o‘rganish kabi zarur yumushlari ko‘p. Muhimi, o‘yindan maktabga, kundalik majburiy va davomli mehnatga o‘tish bola hayotida tub burilishdir. Hatto maktabgacha tarbiya muassasalaridan kelgan bolalar uchun ham bu oson kechmaydi. Uydan maktabga kelgan bolalarga esa yana ham qiyin. Ayniqsa, sinfda 40-45 daqiqalik darsda o‘tirish, tinglash va topshiriqlarni bajarish, uzoq aqliy mehnat bolani tez toliqtiradi. Bola maktabdan, o‘qishdan sovib ketishi mumkin. Shuning uchun ham o‘qituvchilar bolalarning maktabdagi hayotini qiziqarli tashkil etishga intilishlari, motiv hosil qilish va uni rivojlantirishga harakat qilishlari lozim. Motiv o‘z-o‘zidan hosil bolmaydi. Uni bolalar yoshiga va psixologik xususiyatlariga mos didaktik o‘yinlar va mustaqil ishlar vositasida hosil qilish mumkin.
Ayniqsa boshlang‘ich ta’lim jarayonida pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda darslarni qiziqarli olib borish natijasida o’quvchilarni darsga jalb etish samarali bo‘ladi. Shunday darslarda bolalar diqqati to’liq jalb etiladi, xotirasi yaxshi ishlaydi. Motivlar o‘quvchilarning bilimlarini chuqur egallashlariga yordam beradi. Shuning uchun ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ta’lim jarayonini qiziqarli motivlar asosida tashkil etishga e’tibor qaratishlari zarur.
Hikoya usuli boshlang'ich sinflarda ko`p qo`llaniladi. Ta'lim mazmuni o`quvchiga qisman tanish bo`lsa suhbat usuli qo`llaniladi. Og`zaki bayon qilish usulida har ikkala faoliyatning o`qituvchining bayon qilishi va o`quvchilarning shu bayon qilingan bilimlarini diqqat bilan tinglab ongli va mustahkam o`zlashtirishlari birligiga amal qiladi.
Hikoya maktab ta'lim tizimida eng ko`p qo`llanadigan usul bo`lib, u hamma sinflarda barcha fanlarni o`qitishda, maktab ta'limining hamma bosqichlarida qo`llaniladi. Boshlang`ich sinflarda bu ancha qisqa va aniq bo`ladi, sinflarning o`rta guruhiga kеlib hikoya ancha kattaroq hajmda va davomli bo`ladi.
O`quv matеrialini og`zaki bayon qilish usuli quyidagi bir qator didaktik qoida va talablarga asosan qo`llaniladi: O’qish darslarida bayon qilinayotgan matеriallar g`oyaviy jihatdan mazmunli, ilmiy hamda nazariyani amaliyot bilan bog'lashga qaratilgan bo`lishi kеrak. Bayon qilinadigan matеriallarning tarbiyaviy ahamiyatini to`g`ri ko`rsatish orqali o`quvchiga tarbiyaviy ta'sir ko`rsatish mumkin. Oqish darslarini tashkil etishning qanday hollarida suhbat usuliqo`llaniladi? Uni qo`yishda qanday qoidalarga amal qilish lozim? Suhbat usuli – savol-javob usuli dеb ham yuritiladi.
O`quvchilar darsga yetarli darajada tayyor bo`lsa o`qituvchi rahbarligida muammoli savollarga javoblarni o`zlari axtarib topadigan suhbatlar maqsadga muvofiqdir. Bunday suhbatlar evritsik izlanish, ahtarib topish haraktеrida bo`ladi.
Suhbatlar, ayniqsa, o`qitishning tarbiyalovchilik haraktеrida dunyoqarash, e’tiqodni tarkib toptirishda qo`l kеladi. Suhbatlar butun sinf hamda o`quvchilarning ayrim guruhlari bilan ham o`tkaziladi.
O’qish darslarini pedagogik texnologiyalar asosida qurish o’quvchilar bilimini oshirish, og’zaki nutqini o’stirish maqsadida “Reklama” metodidan foydalandik. Bu metod boshlang’ich sinf o’qish darslarida qo’llanilsa o’quvchilarning kitob o’qishga bo’lgan ishtiyoqi, og’zaki nutqi shakllanadi, so’z boyligi oshadi, har bir mavzuga savol tuza olishga, erkin va mustaqil fikrlashga o’rganadilar. Ushbu metod orqali o’quvchilar ertaklarni, badiiy asarlarni reklama qiladilar. Reklama qilish jarayonida ertak, asar qahramonlariga xos sifatlarni ochib beradilar. Ya’ni asarni o’qib, asardagi voqea-jarayonlarni reklama qiladilar.
Xulosa qilib aytganda boshlang’ich sinf o’quvchilari boshqarishga moyil, qiziquvchan, ta’sirchan bo’lganliklari uchun ham o’qituvchidan o’quvchilarning yosh xususiyatlariga mos bo’lgan, darsni oson o’zlashtirishlarini, bilimlarni mustahkam o’rganishni kafolatlaydigan metodlarni tanlashi va foydalanishi talab etiladi.
Pedagogik texnologiyalardan foydalanishda ta`limning mazmunini belgilash, ta`lim-tarbiyaning shakllari va vositalarini tayyorlash, o’quvchilarning bilimlarni keng egallashi va ma`naviy fazilatlarni o’zlashtirishga yo`naltirilgan topshiriqlar tizimini ishlab chiqish, ta`limning natijasi va o’zlashtirish darajasini aniqlash ularni ob`ektiv baholash uchun test vazifalarini tayyorlash kabilar tashkil qiladi. Ta’lim, ilim berish – tarbiyani ham o’z ichiga oladi. Ta’lim ishi – Respublikamizni aql – zakovat va ilm borasidagi kuch quvvatini rivojlantirish, jamiyat, davlat va oila oldidagi o’z mas’uliyatini anglaydigan har jihatdan barkamol, erkin shaxslarni shakllantirishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi. Boshlang’ich sinf o’quvchilarining pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etilgan o’qish darslari jarayonida erkin va mustaqil fikrlash qobiliyati shakllanadi. Mustaqil fikrlash qobiliyatining shakllanishi natijasida, o’quvchilar atrof olamdagi, jamiyatdagi qonunlarni, shuningdеk, asardagi ijobiy va salbiy qahramonlar orqali ular insoniy fazilatlarni anglash, bilimlarni chuqur o’rganish, keng fikrlash, tеgishli qarorlar qabul qilish ko’nikmalari shakllanadi. Har bir darsga ko’rgazmali qurollar tayyorlash ulardan darsda unumli foydalanish, darsni jonli, qiziqarli olib borishga zamin yaratadi. Ma’lumki boshlang’ich sinf o’quvchilari sahna ko’rinishlarini juda qiziqib tomosha qilishadi. Ayniqsa shu sahna ko’rinishlarida o’quvchilarning o’zlari rollarda ishtirok etishni sevadilar. Bu esa ularning mavzuni tez o’zlashtirishiga, og’zaki nutqni o’stirishga, kishilar bilan muomala qilishni o’rganishga yordam beradi.
Interfaol ta`lim sifat kafolati
Ta`lim qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, “Maktab ta`limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi”ni ta`lim jarayoniga tatbiq etish bilan ta`limda sifat va samaradorlikka erishish va shu orqali modernizaciya qilingan ta`lim standartlari to`liq bajarilishi ta`min etish davri boshlanadi.
Davlatimiz tomonidan yangi maktablar qurilishi, minglab maktablarni yangitdan rekonstrukciya qilish, joriy ta`mirlash ishlari jadal sur`atlar bilan olib borilmoqda.
Maktablarni yangi jihozlar. Asbob- uskunalar, takomillashtirilgan dasturlar, modernizaciya qilingan, tajriba- sinovdan o`tgan standartlar, darsliklarni yangi avlodi bilan (ijara tariqasida) ta`minlash, komp`yuterlashtirish Davlat umummilliy dasturi asosida izchil amalga oshirilmoqda.
endi o`quv jarayonini yangilangan dastur va standart talablariga javob beradigan zamonaviy darslar asosida tashkil etish davri keldi.
Boshqacha qilib aytganda zerikarli darslar o`rniga darslarni tashkil etishga mas`uliyat bilan yondashadigan, kasbiy bilimdon, metodik mahoratga ega, mas`uliyatli, zamonaviy, interfaol pedagogik texnologiyani mukammal o`zlashtirib olgan, innovaciyalar asosida ta`limni tashkil eta oladigan o`qituvchilarga talab oshib bormoqda. Ta`limda moddiy baza, standart, o`quv rejalar, dastur va darsliklar qanchalik takomillashtirilmasin, kutilgan asosiy natijaga erishish, chuqur va puxta bilim berish, yuqori sifatdagi o`zlashtirishga erishish bevosita nazariy va amaliy mashg`ulotlarni olib boruvchi o`qituvchining ijodkorligi, izlanuvchanligi, malakasiga pedagogik mahoratiga bog`lanib qolaveradi, o`quv- biluv markazida esa o`quvchi turmog`ini taqozo etadi.
Har qanday ta`lim o`quvchi shaxsiga, uning qiziqish, xoxish istagiga ehtiyojiga qaratilmog`i kerak. Ya`ni ta`limni individuallashtirishga qaratilmog`i talab etiladi. endi ta`limni individuallashtirish nima? Degan savolga javob beraylik:
ta`lim jarayonini individuallashtirish shunday o`qitish usuliki, bunda har bir o`quvchi o`quv jarayonida faol ishtirok etib, o`quv biluv jarayoniga shaxsiy hissa qo`shishi hisobga olinadi;
ta`lim jarayonini tashkil etishda o`qituvchining uslubiy yondashuvi, tezkorligi, o`quvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olinadi;
o`quv-metodik, psixologik, pedagogik tashkiliy boshqaruv ishlarini olib borishda o`quvchi shaxsi o`quv biluv markazida bo`ladi.
Individual yondashuv nima?
Guruhlarda ishlaganda, o`quv tarbiyaviy ishlarni tashkil etganda har bir o`quvchi bilan yakkama-yakka ishlaganda ularning shaxsiy xususiyatlari doimo o`qituvchi diqqat markazida turmog`i, hisobga olinmog`i kerak.
O`quvchi bilan muloqot olib borganda ham, uning o`ziga xosliklari diqqat e`tiborda tutilishi kerak.
ta`lim jarayonida ham, uning qobiliyati, imkoniyatlari nazarda tutilishi kerak.
pedagogik psixologik jarayonlarni olib borishda o`quvchining shaxsiy rivojlanish darajasini ko`zda tutish zarur.
Individuallashgan ta`lim principlari
Individuallashtirish – o`quv jarayonining bosh strategiyasidir.
O`quv jarayonini individuallashtirish orqali – shaxsni rivojlantirish ta`minlanadi.
Har bir o`quv predmetini o`qitishni individuallashtirish bilan integraciyalash sharoiti yaratiladi.
Individuallashgan ta`lim – o`quv jarayonini sifat va samaradorligini ta`minlaydi.
Individuallashgan ta`limda ko`nikma, malaka, bilim olish o`quvchining qiziqishi asosida kechadi.
Mustaqil ishlay olish o`quvchining umumo`quv ko`nikmasini rivojlantiradi, taraqqiy ettiradi.
Demak, ta`lim-tarbiya sifati va samaradorligi o`quvchining o`quv mazmunini o`zlashtirishga yo`naltirilgan mustaqil mutolaa bilan samarali shug`ullanishi, mustaqil fikr yuritishi va tafakkur faoliyati bilan bog`liq.
Interfaol metodlarda dars jarayonini olib borishda o`quvchilarda quyidagi xususiyatlarning rivojlanishini ko`rsatish mumkin.
O`quvchi o`qitilmaydi, uni mustaqild o`qish, o`rganish ishlashga o`rgatiladi.
Bunda o`quvchilar mustaqil ravishda tahlil qilish orqali o`zlashtirishga, ijodiy mulohaza yuritishga, shaxsiy xulosalar asosida erkin fikr yuritishga o`rgatiladi. Bizga yod fikrlarga qarshi fikr yurita olish, o`z poziciyasini himoya qila olish ko`nikmalari shakllantiriladi.
O`quvchiga bilimlar tayyor holda berilmasdan, bilimlarni darsliklardan, internetdan, turli boshqa manbalardan izlash, topish, qayta ishlash orqali uning bilim olish malakasi shakllantiriladi. Olgan bilimlari orqali ijodiy mushohada yuritish, imkoniyati yaratiladi. O`quvchini darsliklar bilan ishlash, o`qish, o`rganish, konspekt yozish, qo`shimcha adabiyot, spravochniklardan foydalanib mustaqil o`zlashtirish ko`nikmalarini egallashga o`rgatiladi.
Sinfdagi barcha o`quvchilarning o`z qobiliyatlari darajasida albatta o`zlashtirishlari kafolatlanadi. Bunda o`quvchining o`zlashtirganligi olgan bilimlarini hayotda, amaliy faoliyatda foydalana olish ko`nikma va malakalari bilan belgilanadi.
Barcha o`qituvchi-o`quvchilar interfaol metodlar asosida ishlashni o`rganib, uni o`z o`quv-biluv faoliyatlariga olib kira olsalar barcha o`quvchilar bir xil natijalarga erisha oladilar.
Interfaol asosda dars jarayonini tashkil etilganda:
O`quvchining o`zaro faolligi oshadi, hamkor, ijodkorlikda ishlash ko`nikmalari shakllanadi.
O`quv reja, dastur, darslik, standart me`yor, qo`llanmalar, mavzu mazmuni bilan ishlash malakalari shakllanadi.
Ta`lim mazmunini, matnini mustaqil mutolaa qilish, ishlash, o`zlashtirish kundalik shaxsiy ishlariga aylanadi.
O`quvchi erkin fikr bildirish, o`z fikrini himoya qilish, isbotlay olish, tasdiqlay olishga odatlanadi.
eng muhimi o`quv jarayonida didaktik motivlar vujudga keladi. Ya`ni o`quvchining ehtiyoj, xohish, istagi qondiriladi. O`quv-biluv jarayonida o`quvchining manfaatdorligi oshadi. Bu holat o`quvchini o`quv maqsadlariga erishishda yuqori bosqichga ko`taradi.
Darsni interfaol metodlarda tashkil etishning
qanday afzalliklari mavjud
O`qitish mazmuni yaxshi o`zlashtirishga olib keladi.
O`z vaqtida o`quvchi-o`qituvchi-o`quvchilar orasida ta`limiy aloqalar o`rnatiladi.
O`qitish usullari ta`lim jarayonida turli xil ko`rinishlarda kechadi. (yakka, juft, guruh, katta guruhlar).
O`quv jarayoni o`quv ehtiyojini qondirish bilan yuqori motivaciyaga ega bo`ladi.
O`zaro axborot berish, olish, qayta ishlash orqali o`quv materiali yaxshi esda qoladi.
O`quvchida o`zaro muloqotga kirishish, fikr bildirish, fikr almashinish ko`nikmalari shakllanadi.
O`quv jarayonida – o`quvchining o`z-o`ziga baho berishi, tanqidiy qarashi rivojlanadi.
O`quvchi uchun dars qiziqarli o`qitilayotgan predmet mazmuniga aylanadi, o`qish jarayoniga ijodiy yondashuv, ijobiy fikr namoyon bo`ladi.
Har bir o`quvchining o`zi mustaqil fikr yurita olishga, ishlanishga, mushohada qilishga olib kladi.
Interfaol usulda o`tilgan darslarda o`quvchi faqat ta`lim mazmunini o`zlashtiribgina qolmay, balki o`zining tanqidiy va mantiqiy fikrlashini ham rivojlantiradi.
Albatta interfaol darslarni tashkil etishning ham o`ziga yarasha kamchiliklari mavjud.
O`quv-bluv jarayoni ko`plab vaqt sarflashni talab qiladi.
Interfaol mashg`ulotlarida barcha o`quvchilarni keraklicha nazorat etib borishning imkoniyati bo`lavermaydi.
Juda murakkab materiallar o`rganilayotganda o`quvchilar muammoni to`laqonli, aniq echa olmaydilar, bunday sharoitlarda o`qituvchining roli past bo`lishi hollari kuzatiladi.
Guruhlarda o`quv jarayoni kechayotgan kuchsiz o`quvchilarning ishtiroki tufayli kuchli o`quvchilar ham past ball yoki baho olish hollari kuzatiladi.
Xulosa shuki, bunday sharoitda o`qituvchi yuksak rivojlangan fikrlash qobiliyatiga, muammolar bo`yicha mushohada yuritishga, muammolarni o`z vaqtida echa oladigan qobiliyatga ega bo`lishi kerak.
Interfaol usullarda darsni tashkil etishda o`quvchi shaxsini rivojlantirishni o`ziga-o`zi zamin yaratishda boshlash kerak.
Ya`ni o`quvchi:
o`zi mustaqil mutolaa qilish, o`qish asosida bilim olishga;
o`zini-o`zi anglab etishga, anglab tarbiya topishga;
o`z kuchi va imkoniyatlariga ishonch bilan qarashga;
o`quv mehnatiga ma`suliyat hisi bilan qarashga;
o`z faoliyatini mustaqil tashkil eta olish, har bir minutni g`animat bilishga;
o`quv mehnatiga o`zida xohish istak uyg`ota olishga;
har qanday vaziyatda faollik ko`rsata olishga;
ayniqsa, hozirgi tezkor axborot manbalaridan unumli foydalani olishni asosiy bosh maqsad qilib olishga o`rganmog`i zarur.
Shuning uchun ham hozirgi kunda o`quvchining o`z-o`zini rivojlantirish texnologiyasini yaratish pedagogika, didaktika fani oldida o`z echimini kutayotgan dolzarb muammolardandir.
Keyingi vaqtlarda o`qituvchilar orasida shaxsga qaratilgan ta`lim nima, interfaol usulida o`qitish nima uchun zarur? Bu usul qachondan o`quv jarayoniga kirib kelgan? Uning qanday turlari mavjud? Tarkibiy tuzilishi qanday? Uni o`quv jarayoniga qanday olib kirish kerak, uni avvalgi usullardan farqi nimada kabi savollarga duch kelamiz.
Buning uchun shu kunlarda maktablarimizda olib borilayotgan an`anaviy darslarni yana bir marotaba eslab o`tish joizdir. An`anaviy o`qitish XVII asrda Chex pedagogi Yan Amos Komenskiy tomonidan taklif etilgan.
U o`qitishning yagona klassik tizimini ishlab chiqib, uni sinf- dars sistemasi deb yuritadi. Keyinchalik bu sistema pedagogikada keng tarqalgan. An`anaviy maktab sinf- dars tizimi nomini olish u quyidagicha o`ziga xos an`analarga ega:
Taxminan bir xil yoki yaqin yoshli bolalar tayyorgarlik darajasi yaqin bolalar sinfini tashkil etadi.
Sinf yagona reja, dastur, dars jadvali asosida ishlaydi.
Asosan mashg`ulot turi yagona dars hisoblanadi.
Dars ma`lum o`quv predmeti, temaga bir xil material ustida ishlaydi.
O`quvchilar faoliyatini o`qituvchi boshqaradi, har bir o`quvchining bilim darajasini baholaydi, yil oxirida o`quvchini sinfdan- sinfga ko`chirishni ham u hal qiladi.
Darsliklar asosan uy ishini bajarishda, uyda qo`llaniladi.
An`anaviy dars sxemasi quyidagicha ko`rinishga ega.
Yangi mavzuni --------Mustahkamlash------- Nazorat-------- Baholash
O`rganish
An`anaviy darsning konceptual holati
Ilmiylik
O`quvchi tabiatiga mosligi
Ketma-ketlik, tizimliligi
Tushunarligi
Mustahkamligi
Anglash va faollik
Ko`rgazmalilik
Nazariyaning amaliyot bilan bog`liqligi, amalda qo`llay bilish.
An`anaviy darsning kamchiliklari :
- Darsning bir qolipdaligi, bir xilligi;
- Boshlang`ich malumot berilib, uni o`zlashtirish jarayoni uyga reja, vazifa orqali amalga oshadi;
- O`quvchilar passiv eshituvchi va mustaqilligi yo`q;
- O`quvchilar bir-biri bilan fikr almashadilar, nutqiy fikr almashuv amalga oshmaydi;
- Qayta aloqalar yo`lga qo`yilmaydi;
- Har bir faoliyat o`rtacha o`quvchiga yondashuv asosida kechadi;
- Ta`lim mazmuni asosan o`qituvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Umumta`lim maktablarida o`quv jarayoni quyidagicha yo`nalishlarda, usullarda olib boriladi.
Passiv usul
O`quvchi o`qituvchining so`zidan, aytib berishi, ma`ruzasi, og`zaki tushuntirishi, bayon etishidan o`quv materiallarini o`zlashtiradi. Uy vazifalarni qo`llanma, darsliklardan o`qib o`rganadi. Bu jarayonda o`quvchi bilan o`qituvchi orasida aloqalar tizimi o`rnatilmagan. O`quvchi o`z darajasida – qobiliyati, qiziqishi, istagi, xohishi darajasida o`zlashtiradi. Unda ta`lim mazmunini o`zlashtirish kafolatlanmaydi.
Faol usul
An`anaviy usulda keng foydalaniladi. O`qituvchi ta`lim mazmunini bayon etish bilan bor kuchini, mahoratini ishga solib dalil, ko`rgazmali qurol, didaktik tarqatma materiallar yordamida yaxshilab tushuntirishga harakat qiladi. O`qituvchi o`quvchilar bilan mavzu yuzasidan fikr almashinadi. Ijodiy ishlar berish orqali mashqlar echadi. Uy ishlarini ham mustaqil ishlash, takrorlash orqali amalga oshiradi. Ta`lim mazmunini bir muncha o`zlashtirishga erishadilar.
Inter (o`zaro)faol usul
O`quvchilarga dars jarayonini yaxshi tashkil etishga qulay muhit yaratiladi. O`quvchilarning o`zaro fikr almashishlariga imkon beriladi. O`zaro axborot olish va berish uchun sharoit tug`diriladi. Echimini kutayotgan masalalarni hamjihatlikda muhokama etadilar, echadilar. Vaziyatdan chiqishda hamkorlikda echim topadilar. Olgan axborotlari asosida bilimlarini bir-birlariga namoyish etadilar. Bir-birlaridan ilxomlanib, ruhiy qoniqish hosil qiladilar. Bir-birlarini tushunib, balki qiziqish paydo bo`lib, vaqt o`tganini bilmay qoladilar. Har bir ishtirokchi ta`lim mazmunini mualliflardek his etadilar. Ta`lim mazmunini to`la o`zlashtirishga erishadilar.
Interfaol metod nima yoki nimani anglatadi?
Interfaol metodlar – shunday metodlarki u o`quvchilarning o`zaro muloqot va o`zaro ta`siridagi dars jarayonini amalga oshiruvchi usul – “interaktiv” so`zi ingliz so`zidan olingan bo`lib, “Interakt”, ya`ni Inter – bu “o`zaro”, “akt” – “harakat, ta`sir, faollik” ma`nolarini beradi.
Interfaol usullardagi dars o`quvchini ijodiy fikrlashga, olingan axborotlarni faollikda hal etishga, fikrni erkin bayon etishga, tashabbuskorlikka, guruhlarda masalalar echimini topishga, hamkorlikda ishyuritishga, fikrni yozma ravishda bayon etishga chorlaydi.
Interfaol metodlarda ish yuritish, an`anaviy usullardan voz kechish degani emas. Balki mazmunni o`zaro faollikda haml eta olish demakdir. Interfaol ta`limini quyidagi sxemada keltiramiz.
Endi interfaol metodlarga batafsil to`xtalamiz
Hozirda yangicha metodlarni yoki innovaciyalarni ta`lim jarayoniga tadbiq etish haqida gap borganda interfaol usullarning o`quv jarayonida qo`llinilishi tushuniladi.
Interfaollik bu o`zaro ikki kishi faolligi, ya`ni bunda o`quv-biluv jarayoni o`zaro suhbat tariqasida, dialog shaklida (komp`yuter aloqasi) yoki o`quvchining o`zaro muloqotiga asosan kechadi.
Interfaollik – o`zaro faollik, harakat, ta`sirchanlik, u o`quvchi va o`qituvchi muloqotlarida sodir bo`ladi. Interfaol usulning bosh maqsadi o`quv jarayoni uchun eng qulay vaziyat yaratish orqali o`quvining faol, erkin fikr yuritishiga muhit yaratishdir. U o`zini intellektual salohiyatini, imkoniyatlarini namoyon etadi va o`quv sifati va samaradorligini oshiradi, ta`min etadi.
Interfaollik asosida o`tgan darsni tashkil etish shunday kechadiki, bu jarayonda birorta ham o`quvchi chetda qolmaydi, ya`ni ular ko`rgan, bilgan, o`ylagan fikrlarini ochiq-oydin bildirish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
O`quvchilar hamkorlikda ishlashda mavzu mazmunini bilish o`zlashtirishda o`zlarining shaxsiy hissasini qo`shish imkoniyatiga ega bo`ladilar. O`zaro bilimlar, g`oyalar, fikrlarni almashish jarayoni sodir bo`ladi. Bunday holatlar o`zaro samimiylikni ta`minlaydi, yangi bilimlarni olish, o`zlashtirishga xavas ortadi, shu jarayonda bir-birlarini qo`llab-quvvatlash, o`zaro do`stona munosabatlar vujudga keladi. Buning tarbiyaviy ahamiyati katta.
Dialog asosida kechgan o`quv jarayonlarida o`quvchi tanqidiy fikrlashga, murakkab masalalarni tahlil asosda echimini topishga, shunga yarasha axborotni izlash, ayrim al`ternativ fikrlarni o`zaro munozalarda erkin bayon qilishga o`rganadi va shunday ko`nikmalar shakllanadi.
Interfaol darslarni tashkil etishda o`quv jarayonida yakka tartibda, juft bo`lib ishlash, guruhlarda ishlash, izlanishga asoslangan loyihalar, rolli o`yinlar, hujjatlar bilan ishlash, axborot manbalari bilan ishlash, ijodiy ishlashdan foydalanish mumkin.
Interfaol usullar nimalarni o`z ichiga oladi? Hozirgi kunda metodistlar, amaliyotchi o`qituvchilar tomonidan turli shakl-formalar taklif etilgan.
Ulardan:
juftlikda ishlash;
korusel`;
kichik guruhlarda ishlash;
akvarium;
tugallanmagan gaplar;
aqliy hujum;
Broun harakati;
Daraxt echimi;
O`z nomimdan so`zlayman;
Fuqarolar eshituvchi;
Rolli o`yinlar;
Press metod;
O`z poziciyasini egallash;
Munozara;
Debantlar;
Katta davra.
Yuqoridagilardan foydalanishda qandaydir bir maqsadni ko`zda tutib, muammoni keltirib, o`quvchilarni shu jarayonda ishlashga tayyorlab, uni ma`lum malakalarga ega bo`lgan holatlarda qo`llanilsa kutilgan natijalarni olish mumkin.
Qo`yilayotgan muammo juda puxta o`ylangan keng qamrovli diqqatni tortadigan holda bo`lgani ma`qul.
Umuman yuqorida keltirilgan biror formada ish yuritish, darsni tashkil etish uchun har bir mashg`ulotning koncepsiyasini yaratilishi, shu asosda uning ketma-ketligi, reglamenti, ish tartibi, maqsad, vazifalari kutilayotgan natijalar oldindan belgilab olinishi va undan o`quvchilar boxabar etilishi kerak.
Interfaol o`qitishda o`qitish muhiti tashkil etiladi, qulay muhit yaratiladi, yaxshi tashkil etilgan o`qitish muhiti:
O`qish va tadqiqotlarga ko`maklashadi;
Turli tadqiqotlar olib borish uchun materiallarga ega bo`ladi;
Ijodkorlik qobiliyatlariga rag`bat beradi;
Ijtimoiy va kommunikativ ko`nikmalarni rivojlantiradi;
Fikrlar va axborotlar almashinuviga imkon yaratadi;
Nutqiy rivojlantirishni rag`batlantiradi;
Ma`lumotlarni mustaqil olish ko`nikmalarini shakllantiradi;
Uzluksiz ta`lim olish ko`nikmalarini rivojlantiradi;
Turli usullar bilan ma`lumot olish uchun resurslarni o`z ichiga oladi;
Ma`lumotnomalar, lug`atlar, enciklopediyalar, geografik xaritalar, komp`yuter, tajriba o`tkazish uchun turli asboblar, materiallar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo`ladi.
O`quv material mazmuni, nimaga o`rgatilishi tahlili motivaciyasi o`qituvchi o`quvchi ketma-ketlikdagi harakatlari ko`zda tutiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Karimov I.A. O’zbеkiston XXI asrga intilmoqda.- T.: O’zbеkiston, 2000.
2. Avliyoqulov N.X., Musaеva N. Pеdagogik tеxnologiyalar. Toshkеnt-2008.
3. Avliyoqulov N.X. Zamonaviy o’qitish tеxnologiyalari – Toshkеnt, 2001.
4. Boshlang’ich ta’lim jurnallari.
5. Alpomish. O’zbеk xalq qahramonlik eposi. Akadеmiknashr. T.: “Fan”, 1999.
Do'stlaringiz bilan baham: |