Intellektual mulk agentligi bosh direktori A. Fayzullaevning "Intellektual mulk agentligining faoliyati va sohadagi rivojlanish tendensiyalari" to'g'risidagi matbuot anjumanidagi ma'ruzasi
O'zbekistonda Milliy patent tizimi yaratilish tarixiga nazar soladigan bo'lsak, 1992-2011 yillar - intellektual mulk ob'ektlari muhofazasi bilan shug'ullanuvchi vakolatli organlar Davlat patent idorasi va Mualliflik huquqi agentligi tashkil etildi, jahon patent tizimi amaliy ish tajribasini o'rganish va iqtisodiy oyoqqa turish yillari bo'ldi. Ushbu davrda bevosita intellektual mulk ob'ektlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi qonunlar qabul qilindi, bular: Tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to'g'risida"gi, "Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to'g'risida", "EHM uchun dasturlar va ma'lumotlar bazalari to'g'risida", "Seleksiya yutuqlari to'g'risida", "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida", "Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to'g'risida".
Shuningdek, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) ga va intellektual mulk sohasidagi 10 dan ortiq xalqaro shartnomalarga a'zo bo'ldi, hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 24 maydagi "O'zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligini tashkil etish to'g'risida"gi Qarori bilan Davlat patent idorasi va Mualliflik huquqi bazalarida O'zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tashkil etildi. Natijada xalqimizning ilmiy-texnikaviy ijod erkinligidan samarali foydalanishi uchun yanada kengroq sharoitlar yaratildi. Intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, yagona yondashuvni ta'minlash, mamlakatimizning ushbu sohadagi xalqaro shartnomalarini tayyorlash va hayotga tatbiq etish bo'yicha yaxlit tizim vujudga keldi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 20 oktyabrdagi PQ-2637-sonli "O'zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi tarkibiy tuzilmasi hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 24 noyabrdagi 394-sonli qarori bilan O'zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi to'g'risidagi Nizomi tasdiqlandi.
Ushbu qarorning asosiy maqsadi intellektual mulk ob'ektlarini xalqaro norma va standartlarga muvofiq huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, unga xos bo'lmagan va umrini o'tab bo'lgan vazifalarni bekor qilish, shuningdek O'zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi faoliyatiga zamonaviy interfaol davlat xizmatlarini joriy etishdan iborat bo'lib, quyidagilar O'zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligining asosiy vazifalari va faoliyati yo'nalishlari etib belgilandi:
intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni ta'minlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari hamda boshqa intellektual mulk ob'ektlarini huquqiy himoya qilish;
ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob'ektlarini ekspertizadan o'tkazish, ro'yxatga olish va hisobga qo'yishni tashkillashtirish;
Davlat patent fondi va intellektual mulkning rasmiy ro'yxatga olinganligi to'g'risida ma'lumotlar bazasini shakllantirish va olib borish, iqtisodiyotning real sektorining xo'jalik yurituvchi sub'ektlari, ilmiy tashkilotlar, olim va mutaxassislarning ma'lumotlardan samarali foydalanishi uchun ularning saqlanishi va foydalanish qulayligini ta'minlash;
intellektual mulk sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, tadbirkorlik sub'ektlari va aholiga "bir darcha" tamoyili asosida interfaol davlat xizmatlarini ko'rsatish;
milliy intellektual mulk ob'ektlarini chet elda huquqiy himoya qilishni ta'minlash bo'yicha korxonalar va tashkilotlarga konsultativ va amaliy ko'mak berish, shuningdek intellektual mulk sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish;
intellektual mulk sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda Agentlik tomonidan 2017 yilning yarim yilligi mobaynida (yil boshidan 28 iyunga qadar) intellektual mulk ob'ektlariga 3939 (3324) ta talabnoma qabul qilindi, 2016 yilning shu davriga nisbatan o'sish 18,5 % tashkil etdi.
Ushbu davrda 4163 (3922) ta intellektual mulk ob'ektlariga talabnomalar bo'yicha davlat ekspertizasi o'tkazildi va o'tgan yilga nisbatan ushbu ko'rsatkich 6,1 % ga o'sdi.
Davlat reestrlarida 1664 (1408) ta intellektual mulk ob'ektlari davlat ro'yxatidan o'tkazildi, o'sish 18,2 % tashkil etdi, shu jumladan: ixtirolar - 108 ta, foydali modellar - 48 ta, sanoat namunalariga - 67 ta, tovar belgilari - 1062 ta, EHM uchun dasturlar - 352 ta, ma'lumotlar bazasi - 6 ta, seleksiya yutuqlari - 21 ta. Shuningdek, Agentlik tomonidan ro'yxatdan o'tkazilgan intellektual mulk ob'ektlariga oid 208 (165) ta shartnoma ro'yxatdan o'tkazildi, ulardan: huquqni boshqa shaxslarga (to'liq yoki qisman) o'tkazish shartnomalari 101 ta va lisenziya shartnomalari 107 tani tashkil etadi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida intellektual mulk sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishi bo'yicha joylardagi Ishchi guruh xamkorligida aholi gavjum joylar, bozorlar, savdo komplekslari va shahobchalarda kontrafakt fonogramma va audiovizual mahsulotlar savdosi amalga oshirilishi yuzasidan 22 marotaba monitoring ishlari amalga oshirildi. Jami 394 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, qonunbuzilish holatlari to'g'risidagi ma'lumotnomalar Davlat coliq qo'mitasiga va Ichki ishlar vazirligiga yuborildi.
Hisobot davrida Ichki ishlar va Davlat soliq idoralariga 14 279 ta (12 059 kontrafakt) audiovizual mahsulotlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlar bo'yicha 50 ta ekspert xulosalari berildi.
Audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarni sotish, takrorlash, prokatga berish va fonogrammalar tayyorlash bo'yicha faoliyat turlariga 2017 yil boshidan hozirgi kunga qadar lisenziya talabgorlaridan 111 ta ariza kelib tushdi. Arizalar lisenziyalash faoliyatiga oid idoralararo komissiya tomonidan belgilangan tartibda ko'rib chiqildi va shundan 95 tasiga tegishli lisenziyalar berildi.
Shuningdek, yil boshidan buyon audiovizual asarlarni ekranda namoyish etish uchun tuzilgan shartnomalarning mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi haqidagi bo'lim tomonidan 5 ta xulosa tegishli murojaat etuvchilarga berilgan. Ushbu masala bo'yicha 1 ta murojaat etuvchiga shartnomani o'rnatilgan tartibda rasmiylashtirish maqsadida tegishli tavsiyalar berilgan.
Agar innovasiya jarayonlarini ko'radigan bo'lsak, Agentlikning unda tutgan o'rni Intellektual mulkning huquqiy muhofazasi bilan bog'liq.
Agentlik BIMT tashkiloti bilan hamkorlikda 2 ta "Innovasiyalar uchun texnologiyalardan foydalanish va O'zbekiston Respublikasida Texnologiyalar va innovasiyalarni qo'llab-quvvatlash Markazi tarmog'ini tashkil etish" to'g'risida xalqaro va "Milliy va xalqaro patent tizimi. Elektron tarzda talabnomalar topshirish va patent jarayonlarini elektron tarzda amalga oshirish" mavzusidagi mintaqaviy seminarlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarni o'tkazishdan asosiy maqsad, birinchidan BIMTning Innovasiyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash Markazi faoliyati hamda Rossiya Federasiyasidagi markaz tarmog'ining resurslar va xizmatlar faoliyati, patent ma'lumotlarining ahamiyati va foydali tomonlari bilan tanishtirish, ikkinchidan intellektual mulk tizimini rivojlantirish bilan bog'liq BIMT faoliyati, patentlarni himoya qilish va ulardan foydalanish, RST - xalqaro patent tizimi, ePCT tizimidan foydalanish bilan tanishtirish va axborot texnologiyalardan foydalangan holda patent tizimidagi xizmatlarni yaxshilashdan iborat bo'ldi.
Toshkent xalqaro innovasion forumi doirasida BIMT sovrinlari bilan O'zbekistonlik bir guruh ixtirochilar va korxonalar taqdirlandi.
Hisobot davrida "Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari", "Seleksiya yutuqlari" va "Tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to'g'risida"gi qonunlariga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha ishlar olib borildi, jumladan:
1) O'zbekiston Respublikasining 2017 yil 18 apreldagi "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi O'RQ-429-son Qonunida quyidagi asosiy o'zgartirish va qo'shimchalar nazarda tutilgan:
"Fuqarolik kodeksi" va "Tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to'g'risida"gi Qonunga tovar belgisidan foydalanmaganlik muddatiga tegishli o'zgartirishlar kiritildi, jumladan, "ro'yxatdan o'tkazilgandan boshlab istalgan besh yil" degan ifoda "uni amal qilishining oxirgi besh yili" deb bayon etildi;
"Tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to'g'risida"gi Qonunga "kontrafakt tovar" tushunchasining ta'rifini ifodalovchi me'yor kiritildi.
2) O'zbekiston Respublikasining "Intellektual mulk to'g'risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish to'g'risida"gi Qonuni loyihasida quyidagi asosiy o'zgartirish va qo'shimchalar nazarda tutilgan:
"Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to'g'risida"gi Qonuniga foydali modellar sifatida muhofaza qilinadigan patentga layoqatli ob'ektlar doirasini kengaytirish maqsadida o'zgartirish kiritilmoqda;
"Seleksiya yutuqlari to'g'risida"gi Qonuniga talabnoma beruvchiga patent amal qilish muddatini tiklash imkoniyatini taqdim qilish maqsadida yangi modda kiritilmoqda.
Ushbu qonun loyihasini qabul qilish milliy qonunchilikni xalqaro qonunchilik talablari bilan uyg'unlashtirish, hamda milliy amaliyotni hisobga olgan holda xalqaro normalarni implementasiya qilishga imkon beradi.
3) "Tovar belgisiga va xizmat ko'rsatish belgisiga doir guvohnomaning hamda tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to'g'risidagi guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish qoidalarini tasdiqlash haqida" O'zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Bosh direktorining buyrug'i O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 10 aprelda 2873 raqam bilan ro'yxatdan o'tkazildi.
Mazkur Qoidalar tovar belgisiga va xizmat ko'rsatish belgisiga doir guvohnomaning hamda tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to'g'risidagi guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish tartibini belgilaydi.
4) "Tovar belgisini milliy ro'yxatdan o'tkazishni xalqaro ro'yxatdan o'tkazishga almashtirish qoidalarini tasdiqlash haqida" O'zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Bosh direktorining buyrug'i O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 15 mayda 2889 raqam bilan ro'yxatdan o'tkazildi.
Mazkur Qoidalar tovar belgisini milliy ro'yxatdan o'tkazishni xalqaro ro'yxatdan o'tkazishga almashtirish tartibini belgilaydi.
Hisobot davrida Agentlik 35 ta sud ishida qatnashgan bo'lib, ularning 26 tasida idora mustaqil talablar qo'ymaydigan uchinchi shaxs sifatida va 9 tasida javobgar sifatida ishga jalb etildi.
2017 yilning boshidan buyon to hozirgi kunga qadar Agentlikning Apellyasiya kengashi buzilgan yoki bahsli huquqlar to'g'risidagi nizolarni ko'rib chiqish bo'yicha sudgacha organ sifatida 12 ta apellyasiyani qabul qildi. 2017 yilning 16 fevral va 23 may kunlari bo'lib o'tgan Apellyasiya kengashi yig'ilishlarida 14 ta apellyasiya ishi ko'rib chiqildi, shulardan 9 tasi bo'yicha esa rad etish to'g'risida qaror qabul qilindi, 1 tasi bo'yicha qanoatlantirish to'g'risida qaror qabul qilindi va 4 ta apellyasiya bo'yicha ish esa keyinga qoldirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |