2) yozma.
Badiiy asar ogʻzaki shaklda ham tahlil qilinadi. Lekin bunday tahlilga yozma ravishda tayyorgarlik koʻrilsa, samaraliroq boʻladi. Badiiy tahlil orasida yozma shakl keng yoyilgan. Bu tahlil turi faqat aytilgan vaqt uchungina daxldor boʻlmay, keyinchalik, katta zamoniy oraliqlardan soʻng ham odamlarga ta’sir koʻrsatishi, millat badiiy tafakkurini shakllantira olishi, ajdodlardan avlodlarga meros boʻlib utishi bilan xarakterlanadi.
Badiiy asar tahlilini undan kuzatilgan maqsadiga koʻra:
1) ilmiy (filologik);
2) oʻquv (didaktik) singari ikki turga boʻlish mumkin.
Filologik (ilmiy) tahlil adabiy asarning mantigʻi va estetik xosligini anglashga yoʻnaltirilgan kuchli hissiy-intellektual faoliyatdir. Ilmiy tahlilda badiiy asardan chiqarilgan xulosalarning adabiyotshunoslik ilmi erishgan darajalarga muvofiq kelishi talab etiladi. Tahlil jarayonida bildirilayotgan har bir fikr ham mantiqiy tushunchalar, ham estetik qonuniyatlar bilan asoslangan boʻlishi lozimdir. Shuningdek, ilmiy tahlilda oʻrganilayotgan asarning umummilliy adabiyotdagi oʻrni va milliy tafakkur taraqqiyotiga ta’siri darajasi koʻrsatilishi koʻzda tutilishi kerak. Filologik tahlil ommaboplikdan yuqoriroq turishini va har qanday adabiy hodisaga mutaxassis nazari bilan qaralishini taqozo qiladi. Ilmiy tahlildagi asosiy narsa badiiy asarning badiiyligini, ta’sirchanligini, jozibasini, sehrini ta’minlagan jihatlarni koʻrsata bilishdir. Filologik tahlil ilmiy-estetik faoliyat natijasidir. U, asosan, bir kishi tomonidan amalga oshiriladi. Ilmiy tahlil bilan shugʻullanganayotgan mutaxasis vaqt jihatidan ham, imkoniyat jihatidan ham cheklanmagan boʻladi. Ilmiy tahlilni amalga oshirayotgan kishi faqat oʻzi belgilab olgan bosh maqsadga qarab intiladi.
Oʻquv tahlili estetik-pedagogik faoliyat boʻlib, oʻquvchilarni barkamol shaxs sifatida shakllantirish kabi pedagogik maqsadga erishish uchun amalga oshiriladi. Oʻquv tahlili mobaynida oʻqituvchi asarni tanlash imkoniga ega emas. Tahlil etiladigan asar muayyan vaqt davomidagina tekshirilishi, bu jarayonda sinfdagi oʻquvchilarning yosh va intellektual darajasiga muvofiqlashtirilishi lozim boʻladi. Shu jihatdan didaktik tahlil filologik tahlilga nisbatan murakkabroqdir.
Adabiy asarni didaktik tahlil etish jarayonida oʻqituvchi va oʻquvchi faoliyati quyidagi uch yoʻnalishda uyushtirilishi mumkin:
A) muallifga yoki matnga ergashib yoxud yalpi tahlil;
B) asardagi obrazlarga tayanib tahlil qilish;
C) oʻquv tahlilini muammoli tarzda amalga oshirish.
Birinchi yoʻnalishda adabiyot oʻqituvchisi faqat badiiy matnga suyanadi va matn mantigini, uning tartibini aslo oʻzgartirmagan holda asar zimnidagi ma’noni, jozibani oʻquvchilarga koʻrsata boradi. Bu usulni tekstual tahlil usuli deyish mumkin va bunda oʻqituvchi koʻproq faoliyat koʻrsatadi.
Ikkinchi yoʻnalishda oʻqituvchining e’tibori asardagi personajlarga qaratiladi va obrazlar ruhiyatini anglab borish jarayonida asarning badiiy ma’nosi oʻzlashtiriladi. Adibning san’atkorlik mahorati ham badiiy obrazlarning qanchalik jonli va ta’sirchan ishlanganligini tahlillash asnosida ochib boriladi. Bu yoʻnalishni timsoli tahlil yoʻli deyish mumkin va bu yoʻnalishda oʻquvchilarning ham anchagina faol ishtirok etishlariga imkoniyat boʻladi.
Uchinchi yoʻnalishda esa tahlil asosan oʻquvchilar tomonidan olib borilishi koʻzda tutiladi. Oʻqituvchi talabalar oldiga muammo qoʻyadi va ularga bu muammoni yechish yoʻllarini koʻrsatadi. Asar tahlili jarayonida oʻquvchilar faqat bilgan tushunchalaridangina foydalanib qolmay, bir qator yangi estetik-mantiqiy tushunchalarni oʻzlashtirib ham olishadi. Negaki, ular jamoa boʻlib ishlaydilar. Oʻzaro fikr almashadilar, bahslashadilar. Tabiiyki, bu jarayonda oʻquvchilarning ma’naviy olamida ham, aqliy dunyosida ham muayyan oʻzgarishlar sodir boʻladi. Oʻquv tahlilning bu usuli muammoli tahlil deyiladi.
Alohida ta’kidlash kerakki, tahlilning aytilgan usullari bir-birini inkor qiluvchi alohida yoʻnalishlar emas. Adabiy ta’lim amaliyotida tahlilning har uch usuli deyarli hamisha aralash, qorishiq holda keladi. Tekstual tahlilni obrazlarga tayanmay turib amalga oshirib boʻlmaydi. Muammoli tahlilni ham badiiy matnga asoslanmay bajarish mumkin emas. Har qanday muammo matndan kelib chiqishi, har qanday mustaqil fikr ham matnning sehru jozibasini ochishga xizmat qilishi joiz. Tekstual tahlilda matnning maromini buzmaslik, muallif yurgan yoʻlga, u oʻrnatgan badiiy tartibga rioya qilish ustuvor boʻladi, lekin tahlilning qolgan ikki turida ham badiiy matn asosiy oʻrin tutadi. Shu ma’noda, har qanday tahlil mohiyat e’tibori bilan tektual tahlildir.
Tekstual tahlil koʻproq 6-7-sinf oʻquvchilari bilan olib boriladigan mashgʻulotlarda qoʻllaniladi. Ayniqsa, kichikroq hajmli nasriy asarlarni didaktik tahlil etishda bu usul juda qoʻl keladi. Ta’kidlash joizki, asar yuzasidan amalga oshiriladigan har qanday faoliyat faqat matnga tayanishi, matndan kelib chiqishi, matnning jozibasini ochishga xizmat qilishi lozim. Shuning uchun ham har qanday usulda oʻquv tahlilini amalga oshirishdan oldin, albatta, oʻquvchilar badiiy matn bilan yaxshi tanish boʻlishlari shart. Aks holda tahlildan kuzatilgan maqsadga erishib boʻlmaydi.
Katta hajmli epik asarlar koʻproq yuqori sinflarda oʻrganiladi. Ularni oʻrgatishda timsolli tahlil usulidan foydalanish yaxshi samara beradi. Chunki oʻrganiladigan asar hajman katta, ajratilgan vaqt esa qisqa boʻlgani uchun ularni tekstual tahlil qilishning imkoni yoʻq. Bunday vaqtlarda asosiy etibor oʻrganilayotgan asardagi obrazlarga qaratiladi. Timsollarning ruhiyati, oʻylari, kechinmalari, xatti-harakatlari, sa’jiyalari ham hayotiylik, ham badiiylik nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi va shu yoʻsinda muallifning badiiy mahorati namoyon etiladi.
Oʻquvchilar timsollarni jonli odamlar, oʻz taqdiriga, oʻziga xos insoniy tabiatga ega tirik kishilar tarzida qabul qilishlariga erishish kerak. Shundagina, bu timsollar tuygan tuygʻular oʻquvchilarga ham yuqadi, ta’sirlantiradi, binobarin, tarbiyalaydi. Shuningdek, badiiy timsollarning ijobiy va salbiy guruhlarga ajratilishiga yoʻl qoʻymaslik, har bir badiiy timsolning qarama-qarshi tabiatli kishi nuqtayi nazaridan qanday baholanishi mumkinligiga e’tibor qaratilishi lozim. Atrofimizdagi odamlarni joʻngina yaxshi va yomonga ajratish notoʻgʻri boʻlganidek, badiiy timsollarni ham ijobiy va salbiyga ajratib tashlash toʻgʻri emasligini oʻquvchilar ongiga quyi sinflardanoq singdirib borish zarur.
Olam cheksiz va oʻta murakkab boʻlgani kabi, odam ham gʻoyat murakkab va tabiatning qirralari adadsiz tovlanishlarga ega boʻlgan mavjudotdir. Shuning uchun ham murakkab insonning timsolini qandaydir tavsifiy qolipga tushirib qoʻyish uning qiyofasini nursizlantiradi. Hayotdagi har bir alohida odam toʻliq yechimi hech qachon topilmaydigan muammodir. Badiiy adabiyot ana shu adoqsiz muammoning qirralarini butun murakkabligi, jilvalari, soyalari va tovlanishlari bilan tasvir etish orqali oʻquvchini oʻzgani his etishga, begona kishining dardini anglashga odatlantiradi. Timsoliy tahlil natijasida har bir oʻquvchida tabiati yoʻnalishi va maktab qoʻygan pedagogik vazifaning xarakteriga qarab, bola ruhiyatida muayyan sifatlar hosil qilinadi. Qandaydir shaxslik fazilatlari shakllantiriladi.
Adabiy asarni muammoli tahlil qilish yuli milliy metodika ilmida juda kam oʻrganilgan boʻlib, adabiy ta’lim amaliyotida xam uning kullanilish doirasi ancha tor. Bu usulning nazariy jihatlari ishlab chiqilmaganligi uchun xam adabiyot oʻqituvchilarining kupchiligi uni kay yoʻsinda tadbik etishni bilishmaydi. Ayrim novator, uz ustida ishlaydigan va izlanadigan oʻqituvchilargina muammoli usul bilan badiiy tahlil qilishga kul uradilar. Badiiy asar muammoli tahlil etilganda, oʻquvchilarning fikri chegara bilmaydi, xayoloti erkin parvoz qiladi, badiiy va hayotiy muammoni uz tushunchasi hamda tajribasidan kelib chiqib xal etishga urinadi. Oʻquvchilar puxta muammoli tahlil qila olishlari uchun badiiy matn bilan yaxshi tanishibgina kolmay, uni toʻliq hazm qilgan boʻlishlari xam kerak. Chunki oʻzlashtirilgan fikr fikr uygʻotadi, singdirilgan hissiyot tuygʻu koʻzgʻatadi.
Muammoli usul bilan tahlil etishda oʻquvchilarni shunchaki bahsga tortish kerak emas, balki ularning butun kuchi badiiy matnning magzini ochishga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim. Muammoli tahlil samara berishi uchun matnga sinfdagi oʻquvchilar hayotiy tajribalari va egallagan bilimlari darajasidan kelib chiqib erkin yondasha olishlari zarur. Misol uchun, 9-sinfda Sofoklning "Shox Edip" asari oʻrganiladi. Agar mazkur muammoli yul bilan tahlil etiladigan boʻlsa, oʻqituvchi bolalar oldiga: "Edip aybdormi yoki gunohkor?" tarzida savol kuyish va oʻquvchilardan uz fikrlarini badiiy matnga tayangan holda asoslashlarini talab etishi mumkin. Gunoh, gunohkorlik, ayb, aybdorlik, qismat, unga ishonish, kibr, inson ma’naviyati singari tushunchalar atrofida fikr yuritish jarayonida oʻquvchilar Edip shaxsining ulkan fojiasini yaqindan, bevosita xis etadilar. Oʻzlarining hayotiy va ma’naviy-axloqiy tajribalaridan kelib chiqib Edip va atrofidagilarning xatti-harakatlariga baho beradilar.
4-mavzu: BADIIY TAHLIL BOSQICHLARI VA UNING BADIIY TASVIR BOSQICHLARIGA MUVOFIQLIGI
REJA:
1. Badiiy tahlilni amalga oshirish bosqichlari.
2. Badiiy tasvirlash bosqichlari.
3. Asar tahlili jarayonida badiiy tasvir bosqichlariga xos jihatlarni hisobga olishning zaruriyati.
4. Ilmiy va o‘quv tahlillarida bosqichlarga amal qilishning uziga xosligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |