Institut rektorati binosi.
Tojiyev Rasuljon Jumaboyevich 1945 yilda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1970 yilda Toshkent politexnika institutining mexanika fakultetini tamomlagan.
1978 yilda nomzodlik dissertatsiyasini, 1993 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1979-1983 yillarda mexanika fakulteti dekani muovini, fakultet dekani, 1993-1995 yillarda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, 1995-2009 yillarda institut rektori lavozimida ishladi.Hozirgi kunda institut jamoatchilik kengashi raisi.
Tojiyev Rasuljon Jumaboyevich 1995-2009 yillarda institut rektori lavozimida ishlagan.
Tashkil topish, tiklanish va kamolot davrida institut moddiy texnika bazasi barpo etildi, hozirgi salobatli o‘quv binolari, talabalar turar joyi kompleksi qad rostladi, iste’dodli yoshlar va tajribali professor – o‘qituvchilardan iborat pedagogik jamoa shakllandi.
1995 yildan institut tarixida yangi davr boshlandi. Eng avvalo institut tasarrufidagi bosmaxona ishini rivojlantirilib, undan keladigan foyda hisobiga to‘planib turgan muammolarning bir qismi bartaraf etila boshladi. Shu bilan bir qatorda institut olimlari tomonidan xo‘jalik shartnomalari asosida ish olib boriladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hisobiga hamda yangi kichik korxonalar ochib, institutga budjetdan tashqari mablag‘ topish yo‘llari izlana boshladi.
Tez orada bu sohada olib borilayotgan tadbirkorlik ishlari o‘z samarasini ko‘rsatdi. Farg‘ona politexnika instituti respublika oliy o‘quv yurtlari orasida tadbirkorlik hamda budjetdan tashqari mablag‘lar ishlab topish borasida eng yuqori o‘rinlardan biriga ko‘tarildi.
Institut moddiy va ma’naviy jihatdan o‘nglana boshlagach, asosiy diqqat e’tibor o‘quv-tarbiya jarayonini tubdan yaxshilash, ilmiy faoliyatini kuchaytirish, iqtidorli talabalarni aniqlab, ular bilan muntazam ish olib borish chora-tadbirlariga qaratildi.
Bu ishlarni amalga oshirishda «Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi» hamda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, umuman olganda, ta’lim tizimini islox qilish haqidagi davlatimiz siyosati dasturilamal bo‘ldi.
O’tgan yillar ichida 10 dan ortiq mutaxassisliklar va bakalavrlar tayyorlash yangi yo‘nalishlari ochildi. 2007 yilda institutda o‘quv jarayoni 16 ta yo‘nalish bo‘yicha olib borilgan edi. 2019 yilga kelib ularning soni 34 taga yetdi. Ta’lim sifati yaxshilanib, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lami kengaydi va moddiy-texnik baza mustahkamlandi.
Institutda o‘tgan yillar davomida zamonaviy ta’lim, kasb-hunar va raqobatbardosh mutaxassis kadrlar tayyorlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning butun bir tizimi yaratildi, u esa bugungi davr talablariga javob beradi.
Institutda o‘qish davri davomida talabalarga o‘zlarini shaxsiy va professional jihatdan takomillashtirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Zamonaviy multimedia texnologiyalari va resurslari talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish imkoniyatini beradi.
Institutda bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash va vaqtinchalik ishga bandligini amalga oshirish faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Farg‘ona viloyatini rivojlantirish hududiy dasturlarini hisobga olgan holda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash kimyo sanoati, mashinasozlik, qurilish, transport, energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash masalalariga e’tibor kuchaytirildi.
Institutning vodiy ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalarini mustahkamlash, o‘quv jarayoniga buyurtmachi korxonalar manfaatlarini ifoda etadigan masalalarni kiritish, kurs ishlari, bitiruv malakaviy ishlar hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari sifatida real ishlab chiqarish korxonalari muammolarini asos qilib olish amaliyotga keng joriy etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |