3. Inflatsiyaning maqsadli siyosatining jahon tajribasi va
uni O‘zbekistonda joriy etish istiqbollari
Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida narxlar barqarorligini ta’minlashda monetar siyosatining tobora ommalashib borayatgan yangicha usuli inflyatsion targetlash rejimi bo‘lib, hozirda dunyoning 30 ga yaqin mamlakatlari inflyatsiya darajasini samarali jilovlashda ushbu usulni qo‘llab kelmoqda.
Inflyatsiya, iqtisodiy tizimni majruhlantiruvchi birlamchi omillardan biri sanaladi. Har qanday hukumat esa uni past darajada tutib turishga harakat qiladi. Shunga monand, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi «Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan Markaziy bankning o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish taklifi qo‘llab-quvvatlangani ham shunday sa’y-harakatlardan biridir.
Shvetsiyalik iqtisodchi Knut Viksell inflyatsiyani targetlash g‘oyasining muallifi hisoblanadi. Viksell 1896 yili Shvetsiya iqtisodchilar assotsiatsiyasida o‘tkazilgan uchrashuvda markaziy bank siyosatining asosiy maqsadi narxlar darajasini barqarorlashtirish bo‘lishi kerak degan fikrni bildirdi.
AQShning Prinston, Chikago hamda Kolumbiya universitetlarining professori Fredrik C. Mishkinning “Inflation targeting” nomli maqolasida inflyatsion targetlash strategiyasi monetar siyosatining narxlar darajasini barqarorlashtirishga qaratilgan samarali strategiya ekanligi va uni qo‘llashning beshta asosiy shartlari mavjudligi haqida bayon etilgan.
Shuningdek, mazkur rejimni qo‘llagan mamlakatlar narxlar barqarorligini
ta’minlashda hamda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda muayyan yutuqlarga erishganligi tadqiq qilingan.
Islandiya Markaziy bankining bosh iqtisodchisi Torarinn G. Peturssonning (Thórarinn G. Pétursson) “Inflation targeting and its effects on macroeconomic performance” deb nomlangan qo‘llanmasida inflyatsion targetlash siyosatining makroiqtisodiy o‘zgarishlarga, ya’ni joriy, o‘rtacha va kutilayotgan inflyatsiya darajalariga ta’siri, iqtisodiy o‘sish va davriy tebranishlarga hamda foiz stavkalari va ayirboshlash kursiga ta’siri tadqiq qilingan. Shuningdek, muallifning ushbu tadqiqotida inflyatsion targetlash siyosatining xususiyatlari, uni amalga oshirgan mamlakatlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga qay darajada ta’sir etganligi haqida fikr yuritilgan.
Braziliyaning Minas-Jerays nomli Federal universiteti professori Gilberto Libano o‘zining “A Note on Inflation Targeting and Economic Growth in Brazil” deb nomlangan maqolasida Braziliyada monetar siyosati va iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi mutanosiblik tahlil qilingan. Xususan, ushbu tahlil inflyatsion targetlash siyosatining investitsiyalar orqali yalpi talabga ta’sirini aniqlash bilan amalga oshirilgan.
Maqolada inflyatsion targetlash siyosati tahlil va taqqoslash metodlari asosida tadqiq etilgan. Inflyatsion targetlash strategiyasini amalga oshirishda sabablar, dalillar va statistik ma’lumotlarni solishtirish va taqqoslash hamda ilmiy mushohada, qiyosiy tahlil, induktsiya va deduktsiya metodlariga asosan ko‘rib chiqilgan. 1990 yillardan boshlab, inflyatsion targetlash siyosatini o‘z iqtisodiyotida qo‘llagan mamlakatlar soni tobora orta bordi. Ushbu mamlakatlarga Braziliya, Chili, Kolumbiya, Chexiya, Vengriya, Isroil, Tailand, Turkiya va boshqalar kiradi. Turli mamlakatlarda mazkur siyosatni qo‘llashga olib kelgan o‘ziga xos vaziyat va sharoitlar bir-biridan farq qiladi. Ba’zi mamlakatlarda inflyatsion targetlash rejimi asta-sekinlik bilan uni rasman ifodalovchi mexanizmlar orqali bosqichma-bosqich joriy qilingan bo‘lsa, boshqalarida esa moliyaviy va valyuta inqirozlariga javob tariqasida tezkor tarzda joriy etilgan va monetar siyosat uchun yangi “nominal langar” izlashga olib keldi.
Jahon amaliyotida inflyatsion targetlash siyosatini qo‘llash bo‘yicha to‘plangan tajribalar shuni ko‘rsatadiki, ushbu strategiyadan foydalangan markaziy banklar inflyatsiyaning ichki va tashqi omillariga yetarlicha elastik va operativ tarzda javob qaytarish hamda uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun shart-sharoit yaratish imkoniga ega bo‘ladi. Ko‘p hollarda markaziy bank inflyatsiyani targetlash shartlariga zid bo‘lgan moslashuvchan choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida o‘zgaruvchan lokal va global iqtisodiy sharoitlarda ushbu rejimni takomillashtirish zaruratini taqozo qiladi. Shu munosabat bilan bir qator xorijiy va mahalliy iqtisodchilarning tadqiqotlarida nazariy jihatdan inflyatsiyani targetlash rejimi uni tartibga solishning boshqa uslublaridan ustunligi hali amaliy tasdig‘ini topgani ham, rad etilgani ham yo‘q, negaki inflyatsiyaga qarshi siyosatning har qanday uslubining samaradorligi borasida haligacha umume’tirof etilgan yagona to‘xtam mavjud emas. Shu nuqtai nazardan ushbu muammoni hal etish bo‘yicha oldinda keng ko‘lamli tadqiqotlarni o‘tkazishning zarurligi namoyon bo‘ladi.
Inflyatsion targetlash rejimi qo‘llanilayotgan barcha mamlakatlarda inflatsiya maqsadli ko‘rsatkichlari past darajada, ya’ni 3.5-4% atrofida belgilanadi. Lekin, ushbu daraja optimal hisoblanadimi yoki yo‘q. Jahon amaliyotiga nazar soladigan bo‘lsak, narxlar barqarorligi nol darajadagi inflatsiya orali izohlanadi. Biroq, ba’zi bir sabablarga ko‘ra inflatsiyani nol darajada targetlash maqsadga muvofiq hisoblanmaydi. Inflatsiyani nol darajada targetlash iqtisodiyotni deflyatsiyaga kirib ketish xavfini tug‘diradi. Inflatsiyani targetlash siyosatini mamlakat itisodiyoti uchun to‘g‘ri talqin qila bilish, ushbu siyosatning eng asosiy talablaridan biridir. Shundagina inflatsiyani targetlash rejimi mamlakatdagi inflatsiya darajasini barqarorlashtiruvchi samarali omil sifatida namoyon bo‘la oladi.
Inflyatsiyani targetlash strategiyasini qo‘llashning xorijiy tajribasi, uning xususiyatlari va oqibatlarini o‘rganish, O‘zbekiston iqtisodiyotida hampul-kredit siyosatining samaradorligini oshirish nuqtai nazaridan dolzarbdir, chunki yuqori va beqaror inflyatsiya darajasi (INI bo‘yicha 2019 yil 15,2 %, 2020 yilda esa 11,1 %ni tashkil etgan) O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda inflyatsiya darajasini pasaytirish barqaror uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga erishishning eng muhim shartidir. Biroq so‘ngi yillarda dunyo mamlakatlarida inflyatsiyaning nisbiy o‘sishiga monand ravishda O‘zbekistonda ham inflyatsiya darajasi yil sayin oshib bormoqda. Nisbatan yuqori inflyatsiya iqtisodiyotning barcha tarmoq va sohalari uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘diradi: davlat uchun jamiyatda ijtimoiy keskinlikni yuzaga keltiradi; tadbirkorlar uchun ularning investitsiyaviy va kredit imkoniyatlarini pasaytiradi; aholi uchun turmush darajasini pasaytiradi.
Inflyatsiyani targetlashning asosiy shartlari bo‘lib, inflyatsiya past bo‘lgan sharoitda iqtisodiyotning samarali faoliyat yuritishi, milliy valyutaning suzuvchi kursi rejimlari, ishonchli moliyaviy tizimning mavjudligi, jamoatchilikning pul-kredit siyosatiga ishonchi, markaziy bankning mustaqilligi, eng asosiysi esa pul-kredit siyosatining maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarishdir.
Targetlash maqsadiga erishishning muhim parametrlaridan biri maqsad ko‘rsatkichlarining tebranishlar chegaralari (intervali) hisoblanadi. Maqsad intervali maqsad ko‘rsatkichi doirasida tebranishi mumkin bo‘lgan uning chegarasidir. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasi qo‘zda tutilgan intervaldan oshib ketishi ehtimoli ham mavjud. Biroq mazkur vaziyatda Markaziy bank bu kabi o‘zgarishlarning sabablari va inflyatsiya darajasini o‘rnatilgan chegaralarga qaytarish muddati haqida jamoatchilikka izoh berishi va inflyatsiyani maqsad qo‘rsatkichlari tomon harakatlanishiga imkon beruvchi chora-tadbirlarni belgilab berishi lozim.
Odatda, narxlar barqarorligini ta’minlash Markaziy bankning foiz stavkalarini o‘zgartirish bilan amalga oshiriladi. Bunday vaziyatda banklar
bir-birlariga qarz berishda belgilanadigan banklararo foiz stavkalari tartibga solinadi. Agar inflyatsiya maqsad ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lsa, unda banklar foiz stavkalarini ko‘taradi. Biroz vaqt o‘tgach, bu amal inflyatsiyaning pasayishiga olib kelishi mumkin. Aksincha, agar inflyatsiya darajasi maqsad ko‘rsatkichidan pastroq bo‘lsa, unda banklar foiz stavkalarini pasaytiradi. Shunday qilib, regulyator restriktiv yoki ekspansion pul-kredit siyosatini amalga oshiradi. Inflyatsiyani targetlash qattiq va moslashuvchan usullarga ko‘ra farqlanadi.
Inflyatsiyani qattiq targetlash doirasida Markaziy bank har qanday makroiqtisodiy sharoitda inflyatsiyaning belgilangan maqsad ko‘rsatkichlariga erishish yuzasidan o‘z zimmasiga ulkan mas’uliyat oladi. Ushbu tizim iqtisodiy sub’ektlarning Markaziy bank siyosatiga nisbatan ishonchini mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Rejimning kamchiligi, pul-kredit siyosati instrumentlarining tez-tez va sezilarli o‘zgarib turishi bo‘lib, bu qisqa muddatda iqtisodiy o‘sish, ish bilan bandlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning boshqa parametrlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Moslashuvchan inflyatsion targetlash rejimi qisqa muddatda maqsaddan chetga chiqishga imkon beradi hamda inflyatsiyaga qarshi pul-kredit siyosatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish parametrlariga salbiy ta’sirini yumshatishga imkon beradi.
Quyida inflyatsiyani targetlash siyosatini qo‘llovchi mamlakatlarning unga o‘tishdan oldingi va keyingi inflyatsiya holati keltirilgan.
Jadval ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, mazkur strategiyani o‘z iqtisodiyotiga joriy etgan mamlakatlarning deyarli barchasi ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |