Osiyo O‘yinlari—2018 tarixda ilk bor 2 ta shaharda o‘tdi. Oradagi masofa 620 kilometr
2018-yilning 18-avgustida Indoneziyada XVIII Osiyo O‘yinlari start oladi va u 2-sentabrga qadar davom etdi. Xo‘sh, bu o‘zi qanday musobaqa?
Mezbonlar
Osiyo Olimpiadasi ilk bor 1951-yil Hindistonning Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tgandi. Har 4 yilda bir marta o‘tkaziladigan festivalga hozircha eng ko‘p marta Tailand mezbonlik qildi — 4 marta. Taylar har safar osiyolik sportchilarni Bangkokda kutib oldi.
Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlar esa Osiyo O‘yinlarini o‘zida qabul qilish istagini 3 martadan bildirdi (2026-yil musobaqa Nagoyada o‘tadi). Mazkur mamlakatlar har safar boshqa-boshqa shaharlarda mehmonlarni qarshi oladi.
Indoneziya poytaxti Jakarta 1962-yilgi Osiyo O‘yinlariga mezbonlik qilgandi. Oradan 56 yil o‘tib, mazkur mamlakat ikkinchi bor musobaqa mezboni bo‘ladi. Faqat endi Jakartaning yoniga Palembang shahri ham qo‘shiladi. Osiyo Olimpiadasining rasman 2 ta shaharda o‘tishi bungacha kuzatilmagan hol edi.
Raqamlar
Ketma-ket 8 ta Osiyo O‘yinlarida Yaponiya delegatsiyasi umumjamoa hisobida barchadan ustun bo‘laverdi. Keyin esa gegemonlik Xitoy sportchilarining qo‘liga o‘tdi. Musobaqaning so‘nggi 9 tasida ular bilan tenglashishning iloji bo‘lmadi.
Osiyo O‘yinlari dastlab 6 ta sport turi bo‘yicha o‘tgandi. O‘shanda Hindistonga qit’aning 11 ta mamlakati tashrif buyurgan. 2006-yil Doha mezbonlik qilgan turnirda esa ishtirokchi mamlakatlar soni rekord darajaga chiqdi — 45 ta. Keyinroq Guanjou—2010, Inchon—2014 o‘yinlarida ham ishtirokchi mamlakatlar 45 tani tashkil qildi. Jakarta-Palembang—2018 ga ham 45 mamlakat delegatsiyasi tashrif buyurishi kutilmoqda.
Sportchilar Indoneziyada 40 ta sport turi bo‘yicha bellashadi. Ma’lumki, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi har to‘rt yillikning eng yirik sport festivali bo‘lgan Olimpiada o‘yinlariga 28 ta sport turini litsenziyadan o‘tkazgan. Osiyo O‘yinlari tasnifida esa sport turlari Beydzing—1990 dan buyon 29 tadan kam bo‘lmagan. 40 soni kim uchundir ko‘p ko‘rinishi mumkin. Biroq bu rekord natija emas. Guanjou—2010 o‘yinlarida sportchilar 42 ta sport turi bo‘yicha bellashgandi.
Medallar
Medallar tasnifida Xitoy delegatsiyasi qo‘lga kiritgan oltinlar soni 1342 taga yetgan. Bu borada ular yaqqol peshqadam. Yaponiyada esa ko‘rsatkich 957 tani tashkil qiladi. Kuchli o‘ntalikdan Janubiy Koreya — 696, Eron — 159, Qozog‘iston — 140, Hindiston — 139, Tailand — 121, KXDR — 98, Xitoy Taypeyi — 82, Filippin — 63 kabi mamlakatlar joy olgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo O‘yinlaridagi ishtirokini Xirosima—1994 dan boshlagandi. O‘sha turnir O‘zbekiston futbolida katta iz qoldirib, bosh jamoa yakunda chempionlikni qo‘lga kiritgani muxlislarimizga yaxshi ma’lum.
O‘zbekistonlik sportchilar hozirga qadar Osiyo Olimpiadasida 63 ta oltin medalga ega chiqqan. Bu kuchli o‘ntalikni yakunlab turgan Filippin bilan teng ko‘rsatkichdir. Indoneziyadagi musobaqa davomida O‘zbekiston o‘z natijasini yanada yaxshilashga urinib ko‘radi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi 2013-yildan boshlab yangi davrga qadam qo‘ygani natijasida, mamlakat sportchilari Rio—2016 Olimpiadasida o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatndi. Ya’ni, umumjamoa hisobida 21-o‘rinni egallagan o‘zbekistonliklar, Osiyo qit’asi mamlakatlari tasnifida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin to‘rtinchi bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |