Immanuil Kant (22-aprel 1724, Kenigsberg — 12-fevral 1804, oʻsha yerda) — nemis faylasufi. Nemis klassik falsafasining asoschilaridan biri. Kenigsberg universitetida professor (1770—1796). Mantiq va metafizikadan hamda tabiiy fanlardan, xususan, geografiyadan dars bergan. Kant krititsizm yoki transsendental falsafaning asoschisi hisoblanadi.
Kant falsafasi quyidagi rivojlanish bosqichini bosib oʻtdi:
1) tabiiy-ilmiy bosqich (1747—1755) — bu davrda «Osmonning umumiy tabiiy tarixi va nazariyasi» (1755) asarini yozdi, bunda u oʻzining kosmogonik nazariyasini olga surdi (qarang Kant gipotezasi);
2) metafizik bosqich — u Volf metafizikasidan voz kechib, …
3) tanqidiy bosqich — bu davrda Kant koʻproq bilish muammolari bilan shugʻullandi. «Sof aqlning tanqidi» (1781), «Amaliy aqlning tanqidi» (1789), «Mulohaza qobiliyatining tanqidi» (1790) asarlari shu davrda yozilgan. Kant bilish nazariyasida agnostitsizmga moyil. Kant bilish jarayonida «narsa oʻzida» bilan «biz uchun narsa»ni bir-biridan farq qiladi. «Narsa oʻzida» — oʻzicha mavjud boʻlgan obʼyektdir. «Biz uchun narsa» — obʼyektning inson idrok qilgan qismidir. Uning fikricha, inson «narsa oʻzida» (mohiyat)ni bilishga qodir emas, u faqat «biz uchun narsa»ni, yaʼni hodisalarni bilishi mumkin. Kant agnostitsizmi inson bilimi aniq tarixiy harakterga ega ekanligi bilan chegaralanganligiga, inson hech vaqt hamma narsani oxirigacha bilib ololmasligiga asoslangan. Borliqning barcha qismlari bilish obʼyekti boʻla olmasligi ham bu yerda muhim ahamiyatga ega;
4) tanqidiydan keyingi bosqich — bu davda Kant mantiq, pedagogika, tabiiy geografiya va pragmatik antropologiya (yaʼni harakterologiya)ga oid maʼruzalarini nashr ettirdi. Kant fikricha, inson tajriba va amaliyot bilan har qanday bilimga ega boʻlavermaydi. Insonda aprior (tajribagacha) bilimlar ham boʻladi. Bular tugʻma bilimlardir (masalan, matematika, falsafa). Ilmiy bilishning ishonchliligi va haqiqiyligi uning eng umumiyligi va zaruriyligi bilan belgilanadi. Kant oʻz falsafasida bilish nazariyasini birinchi boʻlib falsafiy muammo sifatida atroflicha ishlab chiqishga harakat qildi.
Kantning axloqiy qarashlari uning «Axloq metafizikasi asoslari» (1775), «Inson tabiatidagi azaliy yomonlik» (1792) kabi asarlarida bayon qilingan. Axloqiy burchni axloqiy qonun shaklida taʼriflaydi. Uning maʼnosi shuki, har bir inson shunday xatti-harakat qilishi lozimki, bu boshqalar uchun ham qoidaga aylansin. Kant vijdonni axloqiy hakam deb taʼriflaydi. Insonlarning bir-biriga muhabbati va hurmati asosiy insoniy burchlardir. Gaman, Gerder va Yakobi Kantning gʻoyalariga qarshi chiqdilar. Fixte, Shelling, Gegel esa oʻzlarining idealistik metafizikasini Kant nomi bilan bogʻladilar. Kant oʻzining ijtimoiy falsafasida axloqni siyosatdan ustuvorligini taʼkidlaydi. U boshqa xalqlar yerlarini bosib olib oʻzini oqlashga urinishni, jinoyat qilib oʻz aybiga iqror boʻlmaslikni, «ajratib tashla va xukmronlik qil» aqidasini axloqqa zid xatti-harakat deb baholaydi. Kantning fikricha, inson xuquqi muqaddasdir. Kantning qarashlari keyingi ilmiy va falsafiy tafakkur taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatdi. 19-asrning 60-yillarida Kant gʻoyalari asosida neokantchilik vujudga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |