XIII BOB
YURAK VA TOMIRLAR SISTEMASI (SYSTEMA CARDIO -
ANGIOLOGAE)
Bu sistemaga qon va limfa tomirlari hamda yurak kiradi. Yurak va tomirlar sistemasi
organizmni qon bilan ta’minlaydi, qon orqali a’zo va to’qimalarga har xil oziqa moddalar,
kislorod va biologik aktiv moddalarni yetkazib beradi, shu bilan birga, organizmda modda
almashinish natijasida hosil bo’lgan keraksiz mahsulotlarni va gazlarni olib chiqishda xizmat
qiladi. Bu sistemaga kiruvchi a’zolar tuzilishini o`rganish, odatda, qon tomirlardan boshlanadi.
QON TOMIRLAR
Qon tomirlar har xil diametrdagi naychalar sistemasi bo’lib, ular qonni barcha a’zo va
to`qimalarga yetkazib beradi, qonning a’zolarga oqishini boshqaradi, qon va to’qimalar orasida
modda va gaz almashinuvini ta’minlaydi. Qon tomirlarga arteriyalar, arteriolalar, qon
kapillyarlari (gemokapillyarlar), venulalar, venalar va arteriolo–venulyar anastomozlar kiradi.
Arteriyalarda odatda kislorodga boy qon bo’lib (o`pka arteriyasi bundan mustasno), u yurakdan
a’zolarga qarab oqadi. Venalar orqali qon yurakka oqib keladi. O’pka venasidan tashqari hamma
venalardagi qonda kislorod kam bo’ladi. Gemokapillyarlar arteriya va vena tomirlari o’rtasida
joylashadi. Ba’zan ular ikkita bir xil tomirlar (ikkita arterial yoki ikkita venoz tomirlar) o’rtasida
bo’lishi ham mumkin. Bunday joylashishni kapillyarlarning «ajoyib to’ri» deb ataladi (masalan,
buyrak koptokchalari, jigar va boshqalarda shunday).
Qon tomirlar taraqqiyoti.
Dastlabki qon tomirlar embriogenezning 2–3 haftalarida
sariqlik qopchasi devorining mezenximasida va xorion devoridagi qon orolchalari tarkibida
paydo bo’ladi. Avvalo, sariqlik qopchasi devorining hujayralari to’planib, qon orolchalarini hosil
qiladi. Orolchalarning chetidagi mezenxima hujayralari yassilashib, bo`lajak qon tomirlarning
endoteliysini hosil qilsa, markazdagi hujayralar yumaloqlashib, differensiallashadi va qon
hujayralariga aylanadi. Tomirni o’rab turgan mezenxima hujayralaridan peritsitlar, silliq mushak
hujayralari, fibroblastlar hosil bo’ladi. Yangi-yangi qon orolchalarining to’xtovsiz paydo bo’lib
borishi va ularning o’zaro qo`shilishi natijasida naychalar shaklidagi kapillyarlar hosil bo’ladi.
Bular esa o’zi singari boshqa naychalar bilan tutashib, kapillyarlar to`rini hosil qiladi.
Pushtning tanasida qon tomirlar to’qima suyuqligi bilan to`lgan, ammo qon hujayralarini
tutmagan, noto’g’ri shakldagi yoriqlar tarzida paydo bo’ladi. Ularning atrofidagi mezenxima
hujayralari yassilashib, qolgan mezenxima to`qimasidan ajraladi va qon tomir devorining
hujayralarini hosil qiladi. Keyinchalik, pusht tanasidagi tomirlar sariqlik qopchasi tomirlari bilan
tutashgandan so’ng yurak urishi boshlanib, qon aylanishi yuzaga keladi. Bunda dastlab qon
sariqlik qopchasi tomirlaridan pusht tomirlariga o’tadi. Qon aylanishi boshlanishi bilan tomirlar
devori to’qimasining gemodinamik sharoitga (qon bosimi va tezligiga) mutanosib ravishda
o’zgarishi yuzaga chiqadi.
ARTERIYALAR
Devorining tuzilishiga qarab arteriyalar uch xil bo’ladi: elastik, mushak va mushak-
elastik tipidagi arteriyalar. Barcha arteriyalarning devori umuman bir xilda tuzilgan bo’lib, ular-
da uch qavat tafovut qilinadi:
1. Ichki parda – tunica intima.
2. O`rta parda – tunica media.
3. Tashqi parda – tunica externa seu adventitia.
Arteriyalar devorini bunday qavatlarga ajratish va ayrim pardalar o`rtasidagi chegara
shartlidir. Turli pardalarning tuzilishi va qalinligi tananing turli joylaridagi tomirlarda har xil
bo`lib, ko`proq gemodinamik omillar (qon bosimi va tezligi) ga bog`liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |