2.2.1 “Bosh gap + ergash gap” qolipidagi aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplar
Aniqlovchi ergash gap bosh gapda olmosh orqali ifodalangan aniqlovchining ma’nosini konkretlab, izohlab keladi. Aniqlovchi ergash gap bosh gapdagi ot bilan va otlashgan so‘z bilan ifodalangan so‘zga nisbatan aniqlovchilik vazifasini bajaradi. Ergash gap bosh gapdagi ”shunday, shunaqa, bunaqa” olmoshlari bilan ifodalalangan aniqlovchini, shuningdek, qaratqich kelishigi bilan shakllangan aniqlovchini izohlab kelishi mumkin. Har ikki holatda ham ular aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gap deb yuritiladi. Bosh gap tarkibida qaratqich kelishigi bilan shakllangan aniqlovchi “uning, o‘shaning” kabi so‘zlar tushirilgan bo‘lishi mumkin. Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplar badiiy adabiyotda ko‘p qo‘llanadi. Ularga misollar keltiramiz: Oshpazimiz shunday taomlar tayyorladiki, uning ta`mi hali-hanuz og`zimizdan ketmaydi. (Odil Yoqubov. “Muzqaymoq”, 12-bet). Bu aniqlovchi ergash gap. “Oshpazimiz shunday taomlar tayyorladiki” – bosh gap,” uning ta`mi hali-hanuz og`zimizdan ketmaydi” – aniqlovchi ergash gap. Aniqlovchi ergash gap bosh gapdagi “shunday” olmoshi bilan ifodalangan aniqlovchini izohlab kelgan. “Shunday” aniqlovchisi “taomlar” ot bilan ifodalangan to`ldiruvchining belgisini bildirib kelgan.
“O‘zbek tili grammatikasi”da “Aniqlovchi ergash gap bosh gapdagi aniqlovchi vazifasida qo‘llangan (yoki qo‘llanmagan) so‘zning ma’nosini izohlaydi”50 deb ta’rif beriladi.
Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplarga N.M.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sh.Sobirovlarning “Ona tili” darsligida “Bosh gap tarkibidagi aniqlovchi vazifasida qo‘llangan ko‘rsatish olmoshining ma’nosini izohlab keluvchi ergash gapga aniqlovchi ergash gap deyiladi”51 deb ta’rif berilgan. Unda ba’zan bosh gapning aniqlovchisi vazifasida kelgan “shunday, shunaqa” kabi so‘zlar qo‘llanmasligi mumkin, ammo uning o‘rni gap mazmunidan bilinib turadi deyiladi.
Mazkur darslikda aniqlovchi ergash gaplarning bosh gapga bog‘lanishi haqidagi fikrga ko‘ra aniqlovchi ergash gaplar bosh gapga nisbiy so‘zlar yoki bosh gap kesimi tarkibibida qo‘llanuvchi –ki ergashtiruvchi bog`lovchi yordamida bog‘lanadi, birinchi holatda ergash gap bosh gapdan oldin, ikkinchi holatda keyin keladi.
“O‘zbek tili grammatikasi”da aniqlovchi ergash gap bosh gapga birikishi haqida quyidagicha fikr bildirilgan:
1.Ergash gap tarkibida kim, kimki, kimning kabi olmoshlar qatnashib, kesim shart mayli shaklida bo‘ladi. Masalan: Kimning ko‘ngli to‘g‘ri bo‘lsa, uning yo‘li ham to‘g‘ri bo‘ladi.
2. Ergash gap bosh gapga –ki bog‘lovchisi yordamida birikadi. Bunda bosh gap tarkibida ”shunday, shunaqa” so‘zlari keladi, ergash gap tarkibida esa bunday, bunaqa so‘zlari qatnashadi. Masalan: Hali shunday bir xarita chizayki, bunday xaritadan g‘zingiz ochilib qolsin. (“O‘qish kitobi” 4-sinf. 20-bet.) Qalb shunday ummonki, uning bag‘rida dahshatli dolg‘alar silsilasi bor. (E.Vohidov.)
Ayrim hollarda olmosh bilan ifodalangan aniqlovchi bosh gapda tushirilgan bo‘ladi. Masalan: Shoirlar bo‘ladiki, ularni bir kishi yolg‘iz o‘zi kechasi o‘qiydi. (E.Vohidov.)52.
Aniqlovchi ergash gap bosh gapdagi predmet belgisini uning harakati va holatiga ko‘ra aniqlaydi. Bosh gapdagi aniqlanayotgan so‘zning harakati yoki holatiga ko‘ra belgisini ko‘rsatadi. Bu narsa ergash gapni birikmali aniqlovchiga aylantirganimizda aniqroq ko‘rinadi: Sinfimizda shunday o‘quvchilar borki, ular bir soatlik vaqtini ham bekorchi ishlarga sarflamaydi — Sinfimizda bir soatlik vaqtini ham bekorchi ishlarga sarflamaydigan o‘quvchilar bor.
“O‘qish kitobi”dagi matnlarda va bolalar uchun yozilgan badiiy asarlarda aniqlovchi ergash gap bosh gapda ot orqali ifodalangan turli gap bo‘laklarini izohlab kelgan. Masalan:
1. Bosh gapda ega vazifasida kelgan so‘zning aniqlovchisi bo‘lib kelgan: Tajribalarda juda ko‘p marta tasdiqlangan shunday hikmat borki, yomonlarning omadi hech qachon kelmaydi. (“O‘qish kitobi” 4-sinf. 34-bet.) Bu gap aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gap. ” Tajribalarda juda ko‘p marta tasdiqlangan shunday hikmat borki” bosh gap, unda ”shunday” olmoshi aniqlovchi bo‘lib kelgan, eganing belgisini bildirib kelgan: qanday hikmat?; ” yomonlarning omadi hech qachon kelmaydi”gapi ergash gap, uni bosh gapdagi ”shunday” olmoshi o‘rniga qo‘yib o‘qisak, ergash gap eganing belgisini bildirayotgani seziladi. Bosh gapda ega vazifasida kelgan so‘zning aniqlovchisi bo‘lib kelgan: Tajribalarda yomonlarning omadi hech qachon kelmaydi degan hikmat bor.
2. Bosh gapda kesim vazifasida kelgan so‘zning aniqlovchisi bo‘lib kelgan: Bu qanday kulfatki, bu joyda ham tinch qo‘ymaydi olomon. (“O‘qish kitobi” 4-sinf. 134-bet.) Bu gap aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gap, ”bu joyda ham tinch qo‘ymaydi olomon” ergash gap, bosh gapda ”qanday” olmoshi aniqlovchi bo‘lib kelgan, kesimning belgisini bildirib kelgan: qandaykulfat?, bosh gap ” Bu qanday kulfatki”, ergash gapni bosh gapdagi ”qanday” olmoshi o‘rniga qo‘yib o‘qisak, ergash gap kesimning belgisini bildirayotgani seziladi: Bosh gapda kesim vazifasida kelgan so‘zning aniqlovchisi bo‘lib kelgan: Bu – bu joyda ham tinch qo‘ymaydi olomonday kulfat. Quyidagi gapda aniqlovchi vazifasida olmosh emas, balki “bir” so‘zi kelgan. Bu so‘z olmosh turkumiga kirmaydi, u son turkumiga kiradi, “bir” so‘zi miqdor tushunchasidan tashqari gap ichida “noaniqlik” ma’nosini ham bildirib keladi. Shu vazifasidan kelib chiqib, olmosh kabi vazifada kelgan. Masalan: Aql bir moldurki, uni o‘g‘ri ololmas. (“O‘qish kitobi” 4-sinf. 156-bet.) Bu gapda ham bosh gapdagi aniqlovchi kesimning belgisini bildirib kelgan. ”Bir” so‘zini “shunday” so‘zi bilan almashtirish mumkin, chunki “bir” so‘zining ham ma’nosi aniq emas, uni keyingi gap aniqlashtirib kelgan. Shuning uchun biz uni aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gapga kiritishni ma’qul ko‘rdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |