Dinninng jamiyatdagi funktsiya va vazifalari.
Dinning vazifalari deganda, dinning alohida shaxsga va jamiyatga ta’sir qilish yo’li va tabiati nazarda tutiladi. Bunda har bir din unga e’tiqod qiluvchi muayyan bir shaxsga u yoki bu jamoaga va umuman jamiyatga nima beradi?
Insonlar hayotiga qanday ta’sir ko’rsatadi?
Shu kabi qator masalalarga e’tibor qaratadi va o’rgatadi.
Dinning ijtimoiy vazifalari haqidagi ta’limotni dinshunoslikda funktsionalizm rivojlantiradi. Funktsionalizm jamiyatga ijtimoiy tizim sifatida qaraydi. Jamiyatdagi har bir element muayyan funktsiyani bajaradi. Dinning jamiyatda bajaradigan ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Birinchidan, har qanday din o’z e’tiqod qiluvchilari uchun to’ldiruvchilik, tasalli beruvchilik - kompensatorlik vazifasini bajaradi. Masalan, insonda doimiy ehtiyoj hosil bo’lishi hodisasini olaylik. Inson o’z hayoti, turmush tarzi, tabiat va jamiyat bilan bo’lgan munosabatlari jarayonida hayotiy maqsadlariga erishishi ilojsiz bo’lib ko’ringanida, unda qandaydir ma’naviy-ruhiy ehtiyojga zaruriyat sezgan. Ana shunday ehtiyojni din bajarib kelgan. Din bu o’z o’rinida ma’naviy-ruhiy ehtiyojni qondiruvchi, tasalli beruvchilik vazifasini hozirgacha bajarib kelmoqda. Masalan, buddaviylik dini rohiblikni targ’ib qilar ekan, bu dunyoda orzu-havaslardan, rohat-farog’atdan voz kechgan inson nirvana holatiga erishgach, abadiy rohatda bo’lishini ta’kidlaydi. Xristianlik dinida har bir xristian Iso Masihning qaytishiga umid qilgan holda hayotning turli muammolarini engib, sabr-bardosh bilan hayot kechiradi. CHunki xristianlik Iso Masih qaytib kelgach barcha izdoshlarini saodatli hayotga etkazishi haqidagi ta’limotni ilgari suradi. SHuningdek, islom dinida ham har bir musulmon bu dunyoda erishmagan moddiy yoki ruhiy orzu-istaklariga oxiratda erishishga ishongan holda dunyo orzu-havaslariga ortiqcha berilmay, turmush mashaqqatlariga sabr qiladi.
Ikkinchidan, muayyan din o’z ta’limot tizimini vujudga keltirgach, o’ziga e’tiqod qiluvchilar jamoasini shu ta’limot doirasida saqlashga harakat qiladi va bu hol hozirda ham mavjud. Bu ijtimoiy hodisa dinning birlashtiruvchilik - integratorlik vazifasi, -deb ataladi. Din hamisha muayyan ijtimoiy, etnik va ma’naviy hayotning o’z ta’sirida bo’lishiga intiladi. Bunda u yoki bu dinga e’tiqod qiluvchi kishilarning o’z dinidagi boshqa kishilar bilan aloqador ekanligi, o’zaro huquq va burchlarining borligi, urf-odat va ibodatlarni jamoa bo’lib bajarilishi lozimligi nazarda tutiladi. Bu ta’sirning muntazamligini ta’minlash maqsadida din xalqlarning ijtimoiy hayotiga, axloqiy munosabatlariga, shuningdek adabiyoti va san’atiga ham ta’sir o’tkazadi. Masalan, yahudiylikda mazkur din vakillarini bir mafkura atrofida saqlab turish uchun ularni bir millat va yagona maslak egalari ekanliklari, yagona xudo - Yahvening eng sevimli bandalari ekanliklari uqtiriladi. Xristianlikda ham e’tiqod qiluvchilarni dinga yanada ko’proq jalb etish uchun diniy me’moriy, tasviriy, musiqa san’ati turlaridan unumli foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |