Viloyat hududidagi temir yo'l uzunligi 172 km, qattiq qoplamali avtomobil yoʻllari uzun. 1,6 ming km. Sirdaryo viloyati hududidan Toshkent—Kitob, Toshkent — Nukus, Toshkent — Buxoro, Toshkent — Termiz, Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon, Toshkent — Xovos poyezdlari oʻtadi. Toshkent — Samarqand, Toshkent — Guliston elektr poyezdlari qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Katta Oʻzbekiston trakti ham viloyat hududidan oʻtgan. Sirdaryo viloyati orqali Toshkentdan Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Termiz, Kitob, Shahrisabz, Urganch, Nukusga katnaydigan avtobuslar oʻtadi. Bundam tashkari, viloyat markazi bilan tuman markazlari oʻrtasida hamda Guliston va Yangiyerdan Toshkentga avtobuslar katnaydi.
Madaniy-maorif, sogʻliqni saqlash va sport
Sirdaryoda 1914 yilda bitta, 1916 yilda 13 ta rus-tuzem maktabi faoliyat koʻrsatdi. 1917—23 yillarda maktablar soni 52 ta, oʻquvchilar soni 2030 ga yetdi.
2003/2004 oʻquv yilida Sirdaryo viloyatida 308 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 156 ming oʻquvchi, shu jumladan, 14 ta ixtisoslashtirilgan maktabda 3659 oʻquvchi taʼlimtarbiya oldi. Viloyatdagi 14 musika va sanʼat maktabida 1300 oʻquvchi, 22 sport maktabida 11 mingga yaqin oʻquvchi taʼlim oldi.
Xalq taʼlimi tizimida xalqaro hamkorlik borasida ham maʼlum ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Mirzaobod tumanidagi 21maktab YUNESKO maktabi Kengashiga aʼzo, YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda viloyatda 5 ta xonadonbogʻcha tashkil etilgan.
2003 yilning sentyabr oyida "Ozodlikni qoʻllab-quvvatlash" (AKSELS) Dasturi boʻyicha Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan koʻriktanlovda viloyatning 110 iqtidorli maktab oʻquvchilari ishtirok etib, 1turdan 43 nafari muvaffaqiyatli oʻtdilar.
Viloyat shahar va tumanlarida 1998— 2003 yillarda 22 kasb-hunar kolleji va akademik litseylari binolari qurilib ishga tushirildi. Ular zamonaviy dastgoh va texnika bilan jihozlandi. 2004 yilda Sirdaryo viloyatidagi 22 kasb-hunar kollejida 12483 oʻquvchi, 2 akademik litseyda 1186 oʻquvchi taʼlim oladi. Guliston universiteti mavjud.
Sirdaryo viloyatida 1 muzey (Guliston shahridagi "Mirzachoʻlni oʻzlashtirish tarixi muzeyi"), 198 jamoat kutubxonasi (1659,8 ming nusxa asar), 103 klub va madaniyat uyi, 1 teatr (qarang Sirdaryo teatri), viloyat rasmlar galereyasi faoliyat koʻrsatadi. Viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, xalq ijodiyoti va madaniy-maʼrifiy ishlar viloyat markazi, Guliston sanʼat bilim yurti, 2 ta madaniyat va istirohat bogʻi, "Oʻzbeknavo", "Oʻzbekraqs" viloyat boʻlimlari bor, "Sirdaryo navolari" ashula va raqs ansambli, 9 ta xalq havaskorligi jamoalari respublika va viloyat ommaviymadaniy tadbirlarida faol ishtirok etmoqdalar.
Sirdaryo viloyatidan Shafoat Rahmatullayeva kabi Oʻzbekiston xalq artistlari, A. Gʻofurov, Gʻ. Hamidullayev, M. Nurmatov, R. Hasanov, T. Qosimova, A. Yusuvaliyev, A. Abdullayev, O. Abdullayeva, A. Xoliqov, R. Karimov, Sh. Jumayev kabi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar yetishib chiqqan.
Do'stlaringiz bilan baham: |