Sogʻliqni saqlash
Viloyatda 4,1 ming oʻrinli (10 ming kishiga 63,2 oʻrin) 32 kasalxona, 10 tugʻruqxona, 131 ambulatoriya, poliklinika, 130 qishloq vrachlik punkti, 108 dorixona va boshqa tibbiy muassasalarda 1522 vrach, 7616 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi (2004). Guliston shahrida respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi ishlab turibdi. Uning 9 ta tumanda boʻlimlari tashkil etilgan.
Sport
Sirdaryo viloyati sportchilari sportning 33 turi boʻyicha turli darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqdalar. Shulardan kikboksing, kurash, belbogʻli kurash, boks, akademik eshkak eshish, armrestling, taekvondo, yengil atletika, shaxmat, shashka, karate, velosport va boshqa turlari boʻyicha har xil turdagi medal sovrindorlari boʻlishdi.
Viloyat sportchilari vakillari Respublika terma jamoalarining 19 tasida ishtirok etmoqdalar. Sirdaryo viloyati sportchilari 2003 yilda jahon, xalqaro va Osiyo musobaqalarida qatnashib sovrinli oʻrinlarni egallashdi. Jumladan, kikboksing boʻyicha Gretsiyada oʻtkazilgan jahon chempionatida Jahongir Koʻchmurodov, Alisher Abdullayevlar oltin medallar, Sobir Qodirov bronza medali, Rossiyada armrestling boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida Farid Usmanov kumush medal, shashka boʻyicha Hindistonda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida Alisher Ortiqov kumush medal, boks boʻyicha Italiyadagi jahon chempionatida Sherzod Abdurahmonov kumush hamda Boku shahridagi xalqaro turnirda bronza medal sovrindorlari boʻlishdi. Italiyada akademik eshkak eshish boʻyicha xalqaro turnirda Sergey Tyan, Yuriy Shaxsuvaryan, Sergey Yaqubov va Vitaliy Silayevlar bronza medallarini, Rossiyadagi xalqaro shaxmat turnirida Sobir Umarov 1-oʻrinni, Angliyadagi kurash boʻyicha "Islom Karimov" xalqaro turnirida Alisher Boʻronov 1-oʻrinni qoʻlga kiritdilar. 2003 yilda viloyat sportchilari 6 ta jahon, 16 ta xalqaro, 40 ta dan ortiq respublika musobaqalarida qatnashib, munosib oʻrinlarni egallashdi. Viloyatda tennis boʻyicha xalqaro "Fyuchers" turnirini oʻtkazish anʼanaga aylangan. Sirdaryo viloyatida sportning texnik turlari (karting) boʻyicha Respublika chempionatlari oʻtkazilib kelinmoqda.
Viloyatda 22 bolalar va oʻsmirlar sport maktabi faoliyat koʻrsatadi. Ularda 11 mingga yaqin oʻquvchi sportning har xil turlari bilan shugʻullanadi. Guliston shahrida viloyag sport qoʻmitasiga qarashli Olimpiya oʻrinbosarlari bolalar va oʻsmirlar maxsus sport maktabi ishlab turibdi.
Sirdaryo viloyatida sportchilar va aholi ixtiyorida 1493 sport inshootlari (shu jumladan, "Alpomish" sport majmui, "Boks" saroyi, "Yoshlar sport markazi", tennis kortlar va boshqalar), 1230 sport maydonchasi, 11 suzish havzasi, 12 stadion bor. Viloyatda barcha turdagi sport tashkilotlari sport seksiyalarida 181,3 mingdan ziyod bola shugʻullanib kelmoqda. Bolalar sportini rivojlantirish boʻyicha umumiy taʼlim maktablari, kollej va litseylar boʻyicha oʻquv dasturlari ishlab chiqildi, tegishli choratadbirlar belgilandi. Taʼlim muassasalarini, sport maktablarini malakali kadrlar bilan taʼminlashda Guliston davlat universitetida ochilgan boshlangʻich taʼlim va sporttarbiyaviy ishlar, jismoniytarbiya va jismoniy madaniyat yoʻnalishlari boʻyicha sirtqi boʻlimning muayyan oʻrni bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |