Texnologik jarayonlarning umumiy xavfsizlik talablari
24. Texnologik jarayonlar tasdiqlangan texnologik yo‘riqnomalarga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Ko‘rsatilgan texnologik yo‘riqnomalarda ko‘zda tutilmagan ishlar va operatsiyalarni bajarishga ruxsat etilmaydi.
25. Eritish agregatlarining ishchi maydonchalarida va erigan metall yoki shlak tushishi ehtimoli bo‘lgan boshqa joylarda namlik, eritmalar bilan o‘zaro reaksiyaga kirishadigan oson parchalanuvchi material va moddalar bo‘lishiga ruxsat etilmaydi.
26. Nam shixta va materiallarni ichida erigan metall yoki shlak bo‘lgan agregatga yuklash, shuningdek erigan metall yoki shlakni ichida namlik yoki nam materiallar bo‘lgan agregat yoki idishlarga quyish ruxsat etilmaydi. Eritish agregatlariga yuklanadigan shixta yoki boshqa komponentlardagi namlik yoki tarkibida birikkan holda suv bo‘lgan materiallarning chegaraviy miqdori agregatning texnologik yo‘riqnomasida belgilanadi.
27. Suv bilan sovutish tizimining germetikligi buzilgan eritish agregatlaridan foydalanish taqiqlanadi.
28. Portlash-yong‘in xavfi bo‘lgan yoki zaharli moddalar qo‘llaniladigan (hosil bo‘ladigan) texnologik jarayonlarni bajarish chog‘ida ishlatiladigan texnik qurilmalar va kommunikatsiyalar germetik bo‘lishi kerak. Agar uskunani to‘liq germetiklash imkoniyati bo‘lmasa, xavfli moddalar ajralib chiqadigan joylar muhitni nazorat qilish vositalari va mahalliy so‘rish qurilmalari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Germetiklash qurilmalari muntazam ko‘zdan kechirib turilishi kerak. Germetikning buzilishi zudlik bilan bartaraf etilishi kerak.
29. Ishlayotgan yoki yangi barpo etilayotgan (tajriba) texnik qurilmalarda tajriba ishlarini bajarish bilan bog‘liq yangi texnologik jarayonlarni joriy etish texnik jihatdan asoslangan hollarda, ushbu ishlarni bajarish xavfsizligini ta’minlovchi tashkilotning texnik rahbari tasdiqlagan vaqtinchalik texnologik yo‘riqnomalar bo‘yicha bajarish ruxsat etiladi.
Texnologik jarayonlarni boshqarish tizimi
30. Texnologik jarayonlarni avtomatik va uzoqdan turib boshqarish, nazorat qilish tizimlari, avariyalarga qarshi himoya, aloqa va xabar berish tizimlari ishlab chiqarish jarayonlarining va texnologik operatsiyalarning ishonchli va bexatar olib borilishini qabul qilingan texnologik reglament va mazkur Qoidalar talablariga muvofiq bajarilishini ta’minlashi kerak.
Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hajmi texnologik loyihalash me’yorlari talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Boshqarish tizimlari zamonaviy nazorat, avtomatika, hisoblash texnikasi va axborot vositalari bilan jihozlanishi kerak.
Hisoblash va mikroprotsessor texnika vositalari asosida tashkil etilgan texnologik jarayonlarni avtomatlashgan boshqarish tizimlari amaldagi standartlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Ishlab chiqarishni avtomatlashtirishda texnologik uskunaning belgilangan ish rejimi buzilganda ishlab ketadigan texnologik, ogohlantirish va avariya signalizatsiyasi, blokirovkalar va himoya tadbirlari ko‘zda tutilishi kerak.
31. Boshqaruv pultlari, postlari va panellari texnologik loyihalash me’yorlariga binoan aloqa va signalizatsiya vositalari bilan jihozlanadi.
Yorug‘lik va tovush signalizatsiyasi tizimi foydalanuvchi xodimlarni texnik qurilmalarning ishga tushganligi, to‘xtaganligi va belgilangan ish rejimi buzilganligi to‘g‘risida ogohlantirilishini ta’minlashi kerak.
32. Boshqaruv xonalari, pultlar, postlar va panellar xizmat ko‘rsatish uchun qulay, xavfsiz, xizmat ko‘rsatilayotgan texnik qurilma yaxshi ko‘rinadigan joylarda joylashgan bo‘lishi kerak.
33. Yuqori haroratli hududda joylashgan boshqaruv xonalari issiqlik ta’siridan himoyalangan bo‘lishi kerak. Derazalar ochilmasligi va issiqlikni qaytaruvchi maxsus oynalar yoki oyna paketlari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
34. Boshqaruv xonalari yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq o‘t o‘chirish vositalari bilan jihozlanishi kerak.
35. Texnik qurilmalarning boshqaruv organlari GOST 12.2.064-81 “SSBT. Ishlab chiqarish uskunasining boshqaruv organlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga va boshqa amaldagi standartlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Operatorlar ish o‘rinlarining tuzilishi GOST 12.2.032-78 “SSBT. O‘tirib ishlash paytida ish o‘rni. Umumiy ergonomik talab”, GOST 12.2.033-78 “SSBT. Turib ishlash paytida ish o‘rni. Umumiy ergonomik talab”larda ishlarni o‘tirib yoki turib bajarganda qo‘yiladigan umumiy ergonomik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
36. Bir biriga zid bo‘lgan operatsiyalarga xizmat qiluvchi boshqaruv mexanizmlari ikkala boshqaruv tizimi bir vaqtning o‘zida ishga tushmasligi uchun blokirovkalangan bo‘lishi kerak.
37. Bitta operatsiyaning qo‘l va pedalli boshqaruv tizimlari mavjud bo‘lsa, ikkala boshqaruv tizimini bir vaqtning o‘zida ishga tushmasligi uchun blokirovka ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |