1.3. Maqollarning lingvokulturologik xususiyatlari
Tilni inson omili asosida o‘rganadigan antropotsentrik tilshunoslik bugun jadal rivojlanish pallasida ekanligi hech kimga sir emas. Lingvokulturologiya ham ayni paradigmaning asos sohalaridan biri bo‘lib, u til deb atalmish hodisani immanent holda emas, sohibi bilan birga, milliy-ma’naviy jihatlari bilan yaxlitlikda tadqiq etadi. “Bunda til madaniyatning ichki ifodalanish shakli, madaniy bilimlarining jamlanmasi sifatida namoyon bo‘ladi”24. Tilshunos N.Mahmudov mazkur sohani “lisoniy madaniyatshunoslik” deb atar ekan, uning asosiy vazifalaridan biri tildagi madaniy omilni o‘rganish ekanligini aytadi25. Rus tilshunosi V.Vorobev lingvokulturologiyaning alohida fan sohasi sifatida ajralib chiqishining sabablaridan biri til birliklarining nisbatan to‘liqroq tavsiflash ehtiyoji bilan ham aloqadorligini e’tirof etadi26. Bir so‘z bilan aytganda, “til va madaniyat bir-biriga ta’sir etadigan, ayni paytda birgalikda rivojlanadigan hodisalardir”.27
Hozirgi kunda lingvokulturologik tadqiqotlar ko‘p hollarda tillararo aspektda olib borilmoqda va bunda ikki tilga xos birliklarning ma’no-mazmun ifodalaridagi o‘ziga xosliklar qiyosan tekshirilmoqda. Bu to‘g‘ri, ammo til birliklarining milliy-madaniy tomonlarini bir til birliklari doirasida o‘rganish orqali ham yaxshi natijalarni qo‘lga kiritish mumkin. Masalan, xalq og‘zaki ijodining betakror namunalari bo‘lmish barqaror birikmalar misolida buni yaqqol ko‘rish, kuzatish mumkin.
Shu ma’noda o‘zbek xalq maqollari ham o‘zida lingvokulturologik xususiyatlarni benihoya o‘ziga xos tarzda aks ettiridagan lisoniy birliklardir. Lingvokulturologiya sohasida ko‘plab ishlarni amalga oshirgan V.N.Teliyaning ta’kidlashicha, maqollar xalqning kundalik hayoti bilan bog‘liq madaniy qadriyatlarining asrlar davomida an’anaviy tarzda ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan ulkan manbaidir28. Bu tur birliklarning yuzaga kelishi, albatta, maqol mansub xalqning ming yillik tajribasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ularda olamni lisoniy anglashning o‘ziga xos tarzi, xalq dunyoqarashi aks etadi. Xususan, “Andishaning oti – qo‘rqoq”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, “Bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor”, “Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi”, “Yoqasi qolsa ham – beqasam”, “Maslahatli to‘y tarqamas”, “Er-xotinning urushi – doka ro‘molning qurishi” kabi maqollarda29 milliy-madaniy jihatlar bor bo‘yi bilan aks topgan. Quyida ayni maqollarning lingvokulturologik xususiyatlarini tahlilga tortamiz.
Azaldan kishining aybini yuziga dangal aytmaslik, istihola qilish o‘zbekona odobning ajralmas qismi sanalgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘zbeklarda “Andishaning oti – qo‘rqoq” kabi maqollar yaratilgan. Mazkur maqolning mazmuni “biror kishi kimnidir nafsoniyatiga tegadigan gap aytsa-yu, o‘sha kishi mulohazali ekanligi bois unga munosib javob qaytarmaydi. Ammo mulohazasiz kishi yana o‘shanday gap-so‘zlarni qilaversa, unga kinoyali tarzda “Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymang” tarzida javob beriladi. Mazkur maqoldagi lingvokulturologik belgi, avvalo, maqolning o‘zak so‘zi bo‘lmish andisha so‘zida kuzatiladi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida unga quyidagicha izoh berilgan: 1.Ketini, oqibatini o‘ylab yoki yuz-xotir qilib yuritilgan mulohaza. – G‘o‘zalaringizni juda o‘t bosib ketibdi-yu, – cho‘chitib yubormaylik degan andisha bilan ohista so‘radik. Gazetadan. 2. Umuman fikr, mulohaza. Qandaydir andisha tutdi tilini. A. Muxtor. 3. Sharm-hayo, or-nomusga amal hissi. Biz Zulfiya opaning yonlarida bo‘lib, u kishidan nafaqat jurnal ishini, odob-andishani, halollikni ham o‘rgandik. “Saodat”30.
Izohlardan ko‘rinadiki, mazkur so‘zning, ayni paytda lingvokulturemaning har uch ma’nosida ham “mulohaza bilan”, “oxirini o‘ylab ish tutish” semasi mavjud. Mazkur lingvokulturema tabiatiga nafaqat lisoniy, balki milliy-madaniy belgilar bilan to‘yingan ma’no-mazmun ham xos. Mazkur lingvokulturema mazmun planining sof nominativ hamda milliy-madaniy semalar hisobiga bir qadar kengayganligi bilan maqol tarkibidagi boshqa leksemalardan (masalan, ushbu maqol tarkibidagi oti, qo‘rqoq kabi leksemalar milliy-madaniy ruhga ega emas) farqlanadi. Andisha leksemasi lisoniy va madaniy sathlarning kompleks birligi – lingvokulturema sifatida o‘zida ham lingvistik, ham ekstralingvistik dialektik butunlikni namoyon etadi. Ayni lingvokulturema tufayli mazkur maqol shu tilda so‘zlovchilar tomonidan lisoniy-milliy mazmun bilan yukungan holda idrok qilinadi. O‘zbek millatiga xos olamning lisoniy manzarasida “betgachoparlik” nojo‘ya qiliq – nutq odobiga zid bo‘lgan holat sifatida turadiki, bu yuqoridagi kabi maqollarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.
Hozirgi o‘zbek tilidagi “Yetti o‘lchab, bir kes” maqolida ham ana shu jihat ustunlik qiladi. Shu bois mazkur maqollarni boshqa tillarga tarjima qilishda lingvokulturemalarning o‘zga tildagi muqobilini topishda murakkablik paydo bo‘ladi hamda ko‘p hollarda maqol (iboralarni ham)ning milliy-madaniy semalari bilan bir butunlikda, to‘liq o‘girish mumkin bo‘lmaydi. Chunki maqolni yaratgan xalq bilan o‘girilayotgan til mansub bo‘lgan millat vakilining dunyoni lisoniy idrok etish tarzi bir-biridan farq qiladi. Natijada o‘zga til sohibi mazkur maqolni uning egasidek tugal mazmun bilan tushuna olmaydi. Zotan, har bir til sohibidagi lingvokulturologik kompetensiya ayni olamning lisoniy manzarasi negizida bo‘ladi.
“Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” maqolidagi mahalla leksemasi ham lingvokulturema maqomidadir. O‘z-o‘zini boshqarishning bu noyob instituti faqat o‘zbeklarda mavjud ekanligi uning milliy-madaniy o‘ziga xosligini yanada oshiradi, ya’ni linvokulturologik belgi ayni so‘z asosida yaqqol ko‘rinadi. O‘zbek tilida so‘zlovchi kishilar ongida – o‘zbek millatiga xos olamning lisoniy manzarasidagina mazkur maqol mazmuni to‘liq idrok qilinadi, ya’ni “bolaning begonasi bo‘lmaydi” tarzida tushuniladi. Maqol tarkibidagi boshqa leksemalar (bir, bola, yetti, ota-ona)ning mazmun planida bunday xususiyat – milliy-madaniy omil kuzatilmaydi, ammo ayni leksemalar boshqa o‘zbek maqoli tarkibida lingvokulturema maqomida kelishi ham mumkin va ularning lisoniy-madaniy tabiati ham o‘sha kontekst doirasida belgilanadi. Masalan, “Bolaginamning bolasi – qandak o‘rikning donasi” maqolidagi bola leksemasida ham shuni kuzatish mumkin.
Ma’lumki, o‘zbek xalqida nabiraning g‘oyat ardoqlanishi ajralmas milliy kolorit darajasiga ko‘tarilgan. Ota-ona uchun bolasidan-da nabirasi shirin va suyuklidir. Bobo-buvilarning nabiralarini qo‘ldan qo‘ymay, erta-yu kech parvona bo‘lishlarida ham ana shu mehr-muhabbat yetakchilik qiladi. O‘zbek tilida ayni mazmundagi maqollarning yuzaga kelishiga ham shu axloqiy qadriyat sabab bo‘lgan aslida. Shuningdek, “Danagidan mag‘zi shirin”, “Bolam – bolim, bolamning bolasi – jonim” kabi maqollar ham ana shunday milliy qadriyat natijasi o‘laroq paydo bo‘lgan. Boshqacha aytganda, agar xalqda o‘zining farzand, nabira borasidagi axloqiy qarashlarini lisoniy ifodalash zarurati bo‘lmaganda, mazkur maqollar ham yaratilmas edi. Ayniqsa, “Danagidan mag‘zi shirin” maqolida xalq donoligi san’atkorona ifodasini topgan. Ma’lumki, mevaning ichida danagi, danagini ichida esa mag‘zi bo‘ladi. Agar ota-ona meva bo‘lsa, uning danagi farzandi, nabira esa ana shu danakning ichidagi mag‘izdir. Nabira bamisoli mag‘izdek himoyada ekanligi ifodalanmoqda. Vaholanki, nabiraga nisbatan bunday munosabatning umummilliy ahamiyat kasb etmaganda edi, o‘zbek xalqi lisoniy manzarasida mazkur tushunchalar bo‘lmas, natijada tilda ham shunday barqaror birikmalar mavjud bo‘lmas edi. Demak, u yoki bu til birligining tilda mavjudligi, avvalo, shu til mansub bo‘lgan xalqning lisoniy manzarasida ayni birlik anglatadigan tushunchaning mavjudligi bilan bog‘liq ekan.
Tahlillardan ko‘rinadiki, maqollar tarkibidagi bir yoki ikkita so‘z lingvokulturologik belgilarni yaqqol ifodalar ekan. Masalan, “Tor joyda osh yegandan – keng joyda musht yegan yaxshi” maqolida osh, “Urvog‘iga chidagan yupqa qilsin” maqolida yupqa, “Qazisan, qartasan, asli zotingga tortasan” maqolida qazi va qarta, “Yoqasi qolsa ham – beqasam” maqolida beqasam, “Er-xotinning urushi – Doka ro‘molning qurishi“ maqolida doka ro‘mol, “Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi” maqolida esa do‘ppi leksemalari lingvokulturologik qimmatga ega. Negaki, mazkur leksemalar o‘zbek lisoniy manzarasining ajralmas qismi bo‘lib, ular “o‘zbekona taom va kiyim-kechak”larning nomlari sifatida bir mavzuiy guruh ostida birlashadi. Milliy-madaniy o‘ziga xoslik bu leksemalarga lingvokulturema maqomini beradi va semantik strukturasini kengaytiradi. Mazkur o‘zbekona so‘zlarning ba’zilari o‘zga tillarga aynan o‘zlashtirilishining sabablaridan biri ham ana shunda.
Tabiiyki, boshqa millat vakillarining dunyoni lisoniy bilish manzarasida ham shu kabi milliy-madaniy o‘ziga xoslikni anglatuvchi mavzuiy guruhlar bo‘ladi. Masalan, yapon millatiga mansub kishilarning tilida ularning milliy taomi sushi bilan bog‘liq, qardosh qozoq xalqi tilida esa beshbarmoq taomi bilan aloqador maqollar uchraydi, shu nomlar aytilganda assotsiativ tarzda o‘sha xalq vakillari yodga tushadi. Mazkur leksemalar taom nomini anglatish bilan birga o‘sha til egalarining madaniyatining ifodasi tarzida ham namoyon bo‘ladi. Bu nomlar barqaror birikmaning ham lisoniy, ham ijtimoiy butunligini ta’minlab turadi, ularsiz barqaror birikma mazmunini, u maqol yoki matal bo‘ladimi yoxud frazeologizm bo‘ladimi, tugal angalsh mumkin emas. Shu ma’noda xalq maqollarining lingvokulturologik tadqiqi ham bevosita ayni til birliklari ustida bo‘ladi, shu leksemalar ma’nosi asosida maqolning umumiy mazmuni belgilanadi.
Demak, lingvokulturologik tahlillar uchun og‘zaki ijod namunalari, shu jumladan, maqollar g‘oyat muhim manba. Ular ma’lum bir xalq madaniyatning, milliy dunyoqarashining eng teran nuqtalarini aks ettiruvchi lisoniy birliklardir. Mazkur lisoniy birliklardagi milliy-madaniy jihatlar lingvokulturemalarning lingvistik tabiatidan kelib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |