VATANNI SUYMAK
Vatan. Har bir kishining tug’ulub o’skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug’ulgan, o’sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuyg’usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o’z vatanidan – uyuridan ayrilsa, o’z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas, maishati talx bo’lub, har vaqt dilining bir go’ shasida o’z vatanining muhabbati turar. Biz turkistonlilar o’z vatanimizni jonimizdan ortiq suydigimiz kabi, arablar arabistonlarini, qumlik, issig’ cho’llarini, eskimular shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o’z vatanlarin tashlab hijrat qilurlar edi. Bobolarimiz «Kishi yurtida sulton bo’lguncha, o’z yurtingda cho’pon bo’l», – demishlar.
Men ayblik emas, ey vatanim, tog’larim,
Bevaqt tashlab ketdim, oyo, bog’larim.
Hijron qilodur meni judolig’,
Do’ndi g’ama ro’z-u shab-u chog’larim.
Hammaga ma’lumdurki, eng muqaddas diniy yerimiz o’lan Arabistonga bog’larini, hovlilarini sotub hijrat qilgan hojilarimizning aksari yana o’z vatanlariga qaytub kelurlar. Buning sababi, ya’ni bularni tortib keturgan quvvat o’z vatanlarining, tuproqlarining mehr-u mahabbatidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Hubbul – vatani minal imoni – vatanni suymak imondandur», – demishlar.
Vatan, vatan deya jonim tanimdan o’lsa ravon,
Banga na g’am, qolur avlodima uy-u vatanim.
G’ubora do’nsa g’amim yo’q vujud zeri vahm,
Charoki o’z vatanim hokidur go’r-u kafanim.
Tug’ub o’san yerim ushbu vatan vujudim xok,
O’lursa aslina roje’ bo’lurmi man g’amnok?
HAQQONIYAT
Haqqoniyat deb ishda to’g’rilik, so’zda rostlikni aytilur. Inson bo’stoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yo’li ila chiqar. Insoniyatning ildizi o’lan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning onasi haqqoniyatdur. Janobi Haqning shu nomi muborakini muqaddas bilgan kishi hech vaqt haqqoniyatdan ayrilmas, chunki haqqoniyat nuri qaysi dilda jilvagar o’lsa, janobi Haqning tavfiqi rabboniysi shu dilda nash’u namo qilur. Aql egalari, vijdon sohiblari har vaqt ko’rgan, qilgan va bilganlarini, haqiqatni va to’g’risini so’zlar. Ishda to’g’rilik birovning nafsiga, moliga xiyonat qilmov, so’zda to’g’rilik har vaqt rost so’zlamaklikdur. Rostlig’ haqning rizosini topar, To’g’ri yo’lda yo’q bo’lurmu hech chopar? Bizim shariati islomiyada agar bir kishining haqiga bo’hton qilinub, qilmagan ishni qildi deb so’z so’ylansa, bilgan kishi rostini so’zlab, shul kishini oqlamak vojibdur.
Do'stlaringiz bilan baham: |