Murdani ko‘zdan kechirish. Surishtiruvchi yoki tergovchi murdaning tashqi ko‘rinishini u topilgan joyda xolislar va sud-tibbiyot sohasidagi mutaxassis shifokor ishtirokida ko‘zdan kechiradi. Bunday mutaxassis shifokor ishtirok etishiga imkoniyat bo‘lmagan taqdirda, boshqa shifokor ishtirok etadi.
Murdani ko‘zdan kechirish bilan bir paytda uning yonidan topilgan shaxsiy buyumlar, narsalar, kiyim va poyabzal ko‘zdan kechiriladi. Zarur hollarda murdani ko‘zdan kechirishda nafaqat shifokor, balki boshqa mutaxassislar suratkash, kriminalist, kimyogar va shu kabilar ishtirok etishi mumkin.
Eksgumatsiya vaqtida murdani ko‘zdan kechirish eksgumatsiya qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkaziladi. Murda topilgan joyda uni tanib olish uchun ko‘rsatish chog‘ida tanib olish qoidalariga rioya qilinadi. Tanib olinmagan murdalarning barmoq izlari olinishi shart. Ekspertiza tekshiruvlari uchun namunalar olish qoidalariga rioya qilgan holda murdadan boshqa xil namunalar ham olinishi mumkin (JPKning 188-191, 193, 197-m.).
Tanib olinmagan murda faqat prokuror ruxsati bilangina ko‘miladi (JPKning 138-m.).
Tevarak-atrof va binolarni ko‘zdan kechirish. Surishtiruvchi, tergovchi va sud tevarak-atrof va binolarni quyidagi qoidalarga rioya qilgan holda ko‘zdan kechiradilar.
Fuqaroning uyi yoki xizmat joyini ko‘zdan kechirish zarurati bo‘lsa, surishtiruvchi yoki tergovchi bu haqda qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Turar joyi ko‘zdan kechirilayotgan shaxs yoki tegishli korxona, muassasa, tashkilotning vakili chiqarilgan qaror yoki ajrim bilan tanishtirilib, bu haqda imzo chektiriladi.
Ko‘zdan kechirish korxonada, muassasada, tashkilotda o‘tkazilsa ma’muriyat vakilining, harbiy qismda, shtabda va muassasada o‘tkazilsa-qo‘mondonlik vakilining, zarur hollarda esa, moddiy javobgar shaxsning qatnashishi shart. Binolarni ko‘zdan kechirishda olib qo‘yish va tintuv qoidalariga rioya qilinadi (JPKning 139-m.).
Narsa va hujjatlarni ko‘zdan kechirish. Surishtiruvchi, tergovchi va sud narsa va hujjatlarni ular topilgan joyda, basharti ko‘zdan kechirish ko‘p vaqt yoki qo‘shimcha texnik vositalar talab qilsa, keyinchalik surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi o‘tkazilayotgan joyda ko‘zdan kechiradilar.
Ko‘zdan kechirish texnik vositalaridan foydalanilgan holda, basharti narsa yoki hujjatlarning yo‘qolishiga yoxud shikastlanishiga olib kelmasa, o‘tkazilishi mumkin (JPKning 140-m.).
Ba’zan tergov harakati o‘tkazilayotgan joyda olib qo‘yilayotgan hamma narsalarni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirishning imkoni bo‘lmaydi. Bunday hollarda tergovchi yoki surishtiruvchi tergov harakati bayonnomasida bu narsalar va hujjatlarning olib qo‘yilganligini belgilaydi, xolislar ishtirokida olib qo‘yilgan materiallarni o‘raydi va muhrlaydi hamda ularni tergov yuritilayotgan joyga olib boradi. Bu erda xolislar ishtirokida olib qo‘yilgan narsalar va hujjatlarning muhri buziladi va ular ko‘zdan kechiriladi, bu haqda alohida bayonnoma tuziladi.
Ko‘zdan kechirish o‘tkazilganligi haqida JPKning 141-mod-dasida ko‘rsatilgan talablarga binoan bayonnoma tuziladi. Ko‘zdan kechirish bayonnomasi bu tergov harakatining o‘tkazilganligini va uning olib borilishida barcha aniqlanganlarni qayd qiluvchi asosiy, majburiy vosita hisoblanadi. Bayonnomaning yo‘qligi ko‘zdan kechirish natijasini isbotlovchi kuchdan mahrum qiladi, chunki bayonnoma dalillarni mustahkamlovchi protsessual vosita, dalillar manbai hisoblanadi. Bayonnomada tergovchining barcha harakatlari bayon qilinadi, shuningdek ko‘zdan kechirish davomida topilgan barcha narsalar, ular qanday tartibda ko‘zdan kechirilgan bo‘lsa, xuddi shu tartibda, ko‘zdan kechirish paytida qanday holatda kuzatilgan bo‘lsa, xuddi shu holatda qayd etiladi.
SHunday qilib, ko‘zdan kechirish bayonnomasida tergov harakatini o‘tkazish paytida topilgan narsalarning barchasi juda to‘liq qayd etilishi kerak. Bayonnoma to‘liq bo‘lishi uchun ishda ahamiyati bo‘lgan barcha holatni qayd etish kerak, biroq bu borada ob’ektlarni o‘ta maydalashtirib, chegaradan chiqib ketmaslik lozim.
Bayonnomada ko‘zdan kechirish chog‘ida topilgan va olingan barcha izlar, narsalar va hujjatlar sanab o‘tiladi. Olingan buyumning egasiga tegishli ma’lumotnoma yoki bayonnomaning nusxasi beriladi. Bundan tashqari, bayonnomada: ko‘zdan kechirish qaysi vaqtda, qanday ob-havoda va qanday yorug‘likda o‘tkazilganligi; qanday ilmiy-texnika vositalari qo‘llanilganligi va qanday natijalar olinganligi; ko‘zdan kechirishda ko‘maklashish uchun kimlar jalb qilinganligi va ko‘maklashish nimada o‘z aksini topganligi; qanday narsalar va hujjatlar qanday tartibda va qanday muhr bilan muhrlanganligi; ko‘zdan kechirilganidan keyin murda va ish uchun ahamiyatli bo‘lgan narsalarning qaerga yuborilganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Agar ko‘zdan kechirishda mutaxassis ishtirok etgan bo‘lsa, bayonnomada uning familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va lavozimi ko‘rsatiladi. Bayonnomada mutaxassis qaysi harakatlarni bajargani, qaysi ilmiy-texnika vositalaridan foydalangani va qanday natijalarga erishgani ko‘rsatilishi kerak.
Bayonnomaga fotosurat rasmlari, rejalar, chizmalar, izlarning qoliplari va nusxalari ilova qilinib, bu haqda unda qayd etiladi.
Bayonnoma tuzilganidan keyin u ko‘zdan kechirishni o‘tkazishda ishtirok etgan shaxslarga o‘qib eshittiriladi, ular esa o‘tkazilgan harakatlar bo‘yicha o‘z mulohazalarini unga kiritishni talab qilishga haqlidirlar. Bu huquq ularga tushuntirilganligi to‘g‘risida bayonnomada qayd etiladi. Barcha mulohazalar albatta bayonnomaga kiritilishi lozim. Bayonnoma tergovchi (surishtiruvchi) hamda ko‘zdan kechirishni o‘tkazishda ishtirok etgan boshqa shaxslar tomonidan imzolanadi.
Xulosa
So‘roq qilinuvchi ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarli darajada tushunmasa, u qaysi tilda ko‘rsatuv bera olishi mumkin, degan masalalar ham aniqlanishi lozim. Zarur hollarda tarjimon chaqiriladi va u kelguncha so‘roq qilish to‘xtatib turiladi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 99-modda). So‘roq qilinuvchining qaysi tilda ko‘rsatuv bera olishi bayonnomada ko‘rsatilishi shart. So‘roq qilinuvchi shaxsning ona tili yoki millati xususida ma’lumotlar mavjud bo‘lsa-da, undan qaysi tilda ko‘rsatuv berish istagi borligi so‘ralishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |