1933-1936-yillarda qadimgi Mesopotamiyadagi Mari davlatining poytaxti harobalarida arxeologik izlanishlar olib borildi. Bu yerda katta ibodatxona, muhtasham saroy va qimmatli tarixiy hujjatlardan iborat yirik arxiv topildi.
Mazkur arxivdagi ko’p sonli hujjatlar Mari davlatining xo’jalik hayotini o’zida aks ettiradi. Arxivda saqlangan tarixiy matnlar orasida diplomatik hujjatlar muhim o’rin tutadi. Bu hujjatlar o’sha zamonda Old Osiyo davlatlari o’rtasidagi xalqaro munosabatlarni aks ettiradi. Ayrim mixxatlar Mari podshosi Zimrilim va Bobil podshosi Xammurapi o’rtasida harbiy ittifoq tuzilganini ko’rsatadi. Nihoyat, arxivdagi hujjatlar Mari davlati bilan Shimoliy Suriya va Krit oroli o’rtasida iqtisodiy aloqalar o’rnatilganligini tasdiqlaydi.
Ossuriya saltanati tarixini o’rganishda podsho Ashshurbanipalning kutubxonasi muhim ahamiyatga egadir. Mazkur kutubxona qadimgi Nineviyada olib borilgan arxeologik qazishmalar paytida topilgan edi. Nineviyadagi kutubxona ayni vaqtda arxiv vazifasini ham bajargan. Bu yerda xilma-xil hujjatlar – shartnomalar, qonunlar, maktublar, amaldorlarning xabarnomalari, hukumat farmoyishlari, harbiy harakatlar haqidagi ma’lumotlar, yig’ilgan o’lponlar haqidagi hisobotlar, turli iltmosnomalar va arznomalar to’planib taxlangan va avaylab saqlangan. Shu yerning o’zida podsho xonadoni xo’jaligiga oid hisob-buxgalteriya kitoblari, binolar va kanallar qurilishi haqidagi hisobotlar, munajjimlarning samoviy jismlarning harakatlari haqidagi xabarlari va boshqa hujjatlar saqlangan.
Qadimgi Misrda yaratilgan arxiv hujjatlari bu mamlakatning boy tarixini tiklashga yordam beradi. Jumladan, Axexaton shahrida topilgan mixxat hujjatlar (Amarna arxivi) XVIII sulola davrida Misr hukumati tashqi siyosatining yorqin manzarasini ko’rsatadi. Bu hujjatlar diplomatik maktublar matnidan iborat bo’lib, Misr fir’avnlarining Old Osiyo davlatlarining podsholari, Suriya va Falastinning ayrim viloyat va shaharlari hokimlari va noiblari bilan olib borgan yozishmalardan iborat. Misrning XIX sulola davridagi diplomatik tarixini o’rganishda juda yaxshi saqlangan, mil.av. 1280-yilda Ramzes II va Xett podshosi Xattusili III o’rtasida imzolangan sulh shartnomasining matni muhim ahamiyatga egadir.
Qadimgi Misrning yuridik hujjatlari orasida Qadimgi podsholik davriga oid sud bayonnomasi muhim o’rin tutadi. Unda meros bo’lish haqidagi ish ko’rib chiqilgan. Shuningdek, O’rta podsholik davrida Fiva saroyining kirim-chiqim daftari, Ramzes III ga qarshi suyqasd qatnashchilari ustidan sud jarayoni hujjatlari, podsholar maqbaralarining talon-taroj qilinganligi, vasiyatlar matnlari, yer in’om etish haqidagi yorliqlar, shartnomalar diqqatga sazovordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |