24-DARS. KISLOROD — ODDIY MODDA. OLINISHI. FIZIK ХOSSALARI. OZON — ODDIY MODDA, KISLORODNING ALLOТROPIK SHAKL O‘ZGARISHI.
Darsning maqsadi: O‘quvchilarga kislorodning oddiy modda sifatidagi tavsifi, allotropik shakl o‘zgartirishi-ozon haqida ilmiy tushunchalar berish. Kislorodni laboratoriyada olish va olingan kislorod gazini yig‘ish kabi tajribalarni ko‘rsatish yo‘li bilan o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni hosil qilish. O‘quvchilarga kimyoviy tajribalarni bajarishda mehnat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish zaraurligini amalda ko‘rsatib berish.
Dars quyidagi reja asosida tashkil etiladi:
Kislorod — oddiy modda.
Kimyoviy formulasi;
Nisbiy molekulyar massasi;
Olinishi.
Laboratoriyada;
Sanoatda;
Ozon — oddiy modda, kislorodning allotropik shakl o‘zgartirishi.
Formulasi, nisbiy molekulyar massasi;
Тabiatda uchrashi va xossalari;
Ozonning olinishi;
“Kimyoning asosiy tushuncha va qonunlari” bobida olingan ayrim asosiy tushunchalarni takrorlash va mustahkamlash maqsadida quyidagi amallarni bajarish bilan darsni boshlash maqsadga muvofiqdir.
0,25 mol kisloroddagi:
Molekulalar sonini;
Atomlar sonini hisoblash;
Normal sharoitdagi hajmini;
Kislorod molekulasi ikki atomdan iborat bo‘lib, oddiy modda sifatida O2 formula bilan ifodalanadi. Nisbiy molekulyar massasi 32 ga teng. Odatdagi sharoitda kislorod — rangsiz, ta’msiz va hidsiz gaz. Havodan bir oz og‘ir (1 l kislorod og‘irligi 1,43 g; 1 l havo og‘irligi 1,293 g). Kislorod suvda eriydi: 0C da 1 l suvda 49 ml, 20C da 1 l suvda 31 ml kislorod eriydi. 1500C atrofida kislorod atomlarga ajray boshlaydi. -183C da kislorod havorang suyuqlikka aylanadi. Suyuq kislorod magnitga tortilish xususiyatiga ega
Olinishi. Laboratoriyada kislorod quyidagi usullar yordamida olinadi:
Kaliy permanganatni qizdirib parchalash:
2KMnO4 = K2MnO4 + MnO2 + O2
Bertole tuzini katalizator ishtirokida qizdirib parchalash:
2KClO3 = 2KCl + 3O2
Ishqoriy metallar nitratlarini qizdirib parchalash:
2NaNO3 = 2NaNO2 + O2
Suvni elektroliz qilish:
2H2O = 2H2 + O2
Vodorod peroksidni parchalash (MnO2 ishtirokida reaksiya juda tez sodir bo‘ladi. Reaksiyani tezlashtirib, o‘zgarmay qoladigan moddalar katalizatorlar deb ataladi):
2H2O2 = 2H2O + O2
Sanoatda kislorodni suvni elektroliz qilib yoki suyuq havodan olinadi.
Ozon. Kislorod yoki havodan elektr uchquni o‘tkazilsa (yoki momoqaldiroqda, chaqmoq chaqqanda) o‘ziga xos hidga ega yangi modda — ozon hosil bo‘ladi. Ozonni toza kisloroddan olish mumkinligi uni faqat kislorod atomlaridan tashkil topganligi va kislorodning allotropik shakl o‘zgarishi ekanligini tasdiqlaydi:
3O2 = 2O3 – 289 kJ
Ozon doimiy ravishda stratosferada Quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’sirida, ninabargli o‘simliklarda smolasimon moddalarning oksidlanishi natijasida hosil bo‘lib turadi.
Ozon — moviy rang, xarakterli hidga ega, suvda kisloroddan yaxshiroq eriydigan gaz (0C da 1 l suvda 490 ml ozon eriydi)
Kimyoviy formulasi — O3
Nisbiy molekulyar massasi — 48
Ozon osonlik bilan parchalanadi: O3 = O2 + O; 2O = O2
Ozon laboratoriyada ozonator yordamida olinadi
Ozonni kisloroddan kuchli sovutish orqali ajratib olinadi (-111,9C da ozon qaynaydi)
Ozon zaharli. Uning havodagi miqdori 10-5 % dan ortmasligi lozim
Kumush kislorod bilan ta’sirlashmasada, ozon uni oksidga aylantiradi
O‘quvchilar ushbu mavzuni o‘rganish davomida kislorod atomi, oddiy moddalar — O2, O3 lar haqida tushunchalarni o‘zlashtirishlari kerak.
Uyga vazifa:
Darslikdan §21 ni o‘qish.
Тayanch iboralarni izohlash.
Savol va topshiriqlarni bajarish.
Keyingi mavzuga tayyorgarlik ko‘rish.
Do'stlaringiz bilan baham: |