Qirqbo`g`imlilar — Equisetineae va Paporotniksimonlar — Pteropsida bo`limlari.
Qirqbo`g`imlilar sinfi — Equisetineae
Equisetineae sinfining vakillari poyasining “bo`g`imli” bo`lishi, ya`ni bo`g`im va bo`g`im oraliqlariga bo`lingan bo`lishi bilan xarakterlanadi. Bo`g`imlarda, odatda, juda reduktsiyalangan va ko`pincha bir-biri bilan qo`shilib, naysimon qinlar hosil qiladigan barglar halqa shaklida joylashadi. Shox halqalari ham bo`g`imlarda bo`ladi. Yer usti novdalarining uchida sporali boshoqchalar yuzaga keladi, ular halqa bo`lib joylashgan qalqonchalar yoki sporofillardan iborat. Gametofitlari mayda yashil plastinkaga o`xshab ko`rinadi va ko`pincha bir jinsli bo`ladi. Spermatozoidlarida bir tutam xivchinlar bor.
Equisetineae sinfiga: 1) hozirgi Equisetaceae va 2) qurib bitgan Calamariaceae oilalari kiradi.
Qirqbo`g`imlar oilasi — Equisetaceae
Bu oilaga birgina qirqbo`g`im (Equisetum) avlodi kiradi. Uning 25 ga yaqin turi bor, bu turlar Avstraliyadan tashqari butun yer yuzida tarqalgan. Suv havzalarimizda, odatda, ko`p uchraydigan dala qirqbo`g`imi — Equisetum arvense bu oilaning xarakterli belgilari bilan tanishib chiqnsh uchun misol bo`la oladi. Uning poyasi uzun va shoxlanmaydigan bo`lib, to`g`ri tartib bilan gallanadigan bo`g`im va bo`g`im oraliqlariga bo`lingan. Ba`zi novdalarining bo`g`imlaridan bir talay ingichka barglardan tuzilgan muntazam halqalar chiqadi, bu halqalar ham bo`g`im va bo`g`im oraliqlariga bo`lingan bo`ladi. Sal bo`rtib turadigan bo`g`imlarda bir-biri bilan qo`shilib, naychasimon qin xosil qiladigan barglar bo`ladi, bu barglar yuqoriga qarab o`sadi va tepadagi bo`g`im orasining pastki qismini o`rab oladi. Poyaning pastki qismi yerda o`sib, ildizpoyaga aylanadi. Ildizpoya ham, yer ustidagi novda singari bo`g`imlarga bo`lingan bo`ladi. Ildizpoyaning bo`g`imlaridan bir talay mayda ildizlar chiqadi. Poya bilan ildizpoyaning uchlarida o`sish nuqtasi bo`ladi, o`sish nuqtasi bir-biriga zich taqalib turadigan qinlar bilan qoplangan. Sporali boshoqchalar novdalarning uchlarida paydo bo`ladi. Bo`g`imlarning ichi to`qimalar bilan to`lgan. Bo`g`im oraliqlari esa bo`sh bo`ladi va kavagi keng bo`lib, bir bo`g`imdan ikkinchi bo`g`imgacha boradi. Bo`g`im oraligining yuzi notekis; undan uzunasiga ketgan och rangli qirralar o`tadi, ularning orasida birmuncha to`q rangli chuqurchalar bo`ladi. Chuqurchalar tagidagi asosiy parenximadan (poya asosan shu parenximadan iborat) serbar havo yo`llari o`tadi. Qirralar tagida esa, kichik suv kanalchalari bog`lamlari bo`ladi. Suv kanalchalari bog`lamlari kollateral tipda tuzilgan bo`lib, bo`g`im oralig`ining boshidan-oyog`igacha bir-biriga parallel holatda boradi; bo`g`imda ular shoxlanadi va tarmoqlari bir-biri bilan yana qo`shilib, keyingi bo`g`im oralng`iga o`tadi. Qirqbo`g`imning xarakterli xususiyatn shuki, epidermisning devorchalariga qumtuproq singadi, shunga ko`ra paporotnik ancha qattiq bo`ladi. Equisetum sporangiylarda paydo bo`ladigan sporalar yordamida ko`payadi. Sporangiylar esa, o`z navbatida, sporali boshoqchalarda turadi. Bu boshoqcha sporali qalqonchalar yoki sporofillardan tuzilgan. Har bir sporofill olti qirrali plastinkadan iborat bo`lib, uning markazidan o`zakka (o`qqa) tomon (unga tik ravishda) ingichka oyoqcha o`tadi, sporofill shu oyoqcha bilan o`zakka birikib turadi. Sporofill oyoqchasi atrofida 8-10 ta sporangiy bo`ladi, ular tashqi cheti bilan sporofillga birikadi. Sporangiy ichida shakli va kattaligi bir xil bo`lgan bir talay sporalar bor. Sporofillar o`zakda zich halqa bo`lib joylashgan, ular yoshligida chetlari bir-birlariga zich taqalib turadi. Sporalar pishib, yetilishga kelganda o`zak cho`zilib, halqalar bir-biridan ajraladi va orasi tirqish bo`lib qoladi, sporalarga shu tirqishlardan sochilishga yo`l ochiladi. Spora sharsimon to`q yashil hujayradan iborat bo`lib, ancha qalin parda bilan qoplangan va spiralsimoi ikkita burama lenta yoki elatera bilan o`ralgan. Elateralar gigroskopik bo`lib, quriganida yoziladi va havo nam tortganida yana buraladi. Elateralarning roli shundan iboratki, o`shalar borligidan spora xamisha bir-biriga ilashib, yancha yirik va yumshoq tugunchalar xosil qiladi. Shunga ko`ra, sporalar shamolda osonroq tarqaladi va unib chiqar ekan, hamisha bir talay gametofitlar paydo bo`ladi va otalanishni osonlashtiradi (qirqbo`g`im gametofiti ko`pincha bir jinsli bo`ladi) Nam yerga tushgan sporalardan gametofitlar o`sib chiqadi. Qirqbo`g`imning sporalari sirtdan bir-biridan farq qilmasa ham; ichki tuzilishi boshqacha bo`ladi, shunga ko`ra bir xil sporalar otalik gametofit xosil qilsa, ikkinchi xil sporalar onalik gametofiti xosil qiladi. Biroq, bu doim saqlanib qoladigan tafovut emas, tashqi sharoit ta`siri bilan otalik gametofitlarida arxegoniylar, onalik gametofitlarida esa anteridiylar hosil bo`lishi mumkin. Equisetumning ba`zi turlarida (E. arvense, E. laevigatum, E. majusda) gametofitlar, chamasi, ko`pincha bir uyli bo`ladi, shu bilan birga, ularda avval arxegoniylar, keyinroq esa anteridiylar taraqqiy qiladi. Equisetum gametofiti lentasimon uzun-uzun parralarga bo`lingan kichkina yashil plastinka ko`rinishidadir; uning pastki tomonidan rizoidlar chiqadi. Otalik gametofitlari onalik gametofitlariga nisbatan kichikroq bo`ladi. Gametofit parraklari uchida anteridiylar joylashgan. Anteridiylar dumaloq tanacha ko`rinishida bo`lib, bir qavat devori va mayda-mayda spermagen hujayralardan iborat moddasi bor, Ularning har biri buralgan va uchida bir tutam xivchini bo`lgan spermatozoidni beradi. Onalik gametofitining ko`p qavatli markaziy qismida arxegoniylar rivojlanadi. Arxegoniylar tipik tuzilishda bo`ladi va qorin qismi bilan gametofit to`qimasiga botib turadi. Arxegoniyning otalangan tuxum hujayrasidan yangi qirqbo`g`im o`simligi, ya`ni sporofit yoki jinssiz nasl o`sib chiqadi.
Qirqbo`g`imlarning hammasi o`t o`simliklaridir. Qirqbo`g`imlar ichida eng kattasi janubiy amerika qirqbo`g`imi — E. giganteum bo`lib, bo`yi 12 m ga borgani holda, eni atigi 0,5-2 sm keladi. (E. giganteum chirmashib o`suvchi o`simlikdir). Qirqbo`g`imlarning bo`yi, odatda, 0,5-1 m bo`ladi. Ularning hammasida gorizontal ravishda o`sib, juda shoxlanadigan va ko`pincha ancha yerni egallaydigan ildizpoya bor; ko`pgina qirqbo`g`imlar (E. arvense, E. heleocharis va boshqalar) ildizpoyasi yordamida vegetativ yo`l bilan ko`payadi. Ba`zi turlarining ildizpoyalarida (E. arvense, E. maximum) alohida tuganaklar hosil bo`ladi, bu tuganaklar ham vegetativ yo`l bilai ko`payishga xizmat qiladi. Ildizpoyalarining uchi qayrilib, yer betiga chiqadi va yer usti novdalarini hosil qiladi. Ba`zi qirqbo`g`imlarda vegetativ novdalar bilan spora beruvchi novdalar bir-biridan farq qilmaydi; ba`zilarida esa bu novdalar bir-biridan keskin farq qiladi (dimorfizm). Masalan, E. arvensening erta bahorda hosil bo`lgan novdalari och qo`ng`ir rangli va nozik bo`lib, uzoq yashamaydi. Ularning uchida sporali boshoqchalar bo`ladi; ular sporalarini tarqatganidan keyin qurib qoladi. Bu novdalar o`rniga ildizpoyadan vegetativ novdalar o`sib chiqadi. E. pratense va E. silvaticumda ham spora beruvchi novdalar bo`ladi, biroq bu novdalar sporalar to`kilgvnidan keyin qurimay, vegetativ novdalarga aylanadi; ayni vaqtda yashil tusga kirib, halqa bo`g`imlaridan shoxlar chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |