393-modda. Intellektual mulk obyektlarini o‘z ichiga olgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish Intellektual mulk obyektlarini o‘z ichiga olgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror quyidagi hollarda bekor qilinadi:
amal qilish muddati tugagach;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga huquq egasidan yoki uning vakolatli vakilidan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish haqida ariza kelib tushganda;
intellektual mulk obyekti ushbu Kodeks 387-moddasining uchinchi qismiga muvofiq Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestridan chiqarilganda;
sudning tovarlarni olib qo‘yish, xatlash yoxud da’voni ta’minlashning boshqa choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimi (qarori) ushbu Kodeks 392-moddasining ikkinchi qismida belgilangan muddatda huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan taqdim etilmaganda.
Tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan taqdirda tovarlarni chiqarib yuborish ushbu Kodeksga muvofiq tiklanadi.
X bo‘lim. Chet ellik shaxslarning ayrim toifalari uchun bojxona imtiyozlari 57-bob. Chet davlatlarning vakolatxonalari va ularning xodimlari uchun bojxona imtiyozlari 394-modda. Chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalari uchun bojxona imtiyozlari Chet davlatlarning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi diplomatik vakolatxonalari bojxona chegarasidan olib o‘tishning belgilangan tartibiga rioya etgan taqdirda vakolatxonalar va muassasalarning rasmiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan tovarlarni bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan holda bojxona hududiga olib kirishlari va ushbu hududdan olib chiqishlari mumkin, bundan saqlaganlik, belgilangan joylardan tashqarida yoki bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlari mustasno.
395-modda. Chet davlat diplomatik vakolatxonasining diplomatik agenti uchun bojxona imtiyozlari Diplomatik vakolatxonaning diplomatik agentlari (diplomatik vakolatxonaning boshlig‘i va a’zolari), shuningdek ular bilan birga yashaydigan va O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan oila a’zolari o‘zlarining shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan tovarlarni, shu jumladan ro‘zg‘orni dastlab ta’minlash uchun kerakli bo‘lgan tovarlarni bojxona chegarasidan bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan va olib o‘tishning belgilangan tartibiga rioya qilgan holda, bojxona hududiga olib kirishlari va ushbu hududdan olib chiqishlari mumkin, bundan tovarlarni saqlaganlik, belgilangan joylardan tashqarida yoki bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvini o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlari mustasno.
Oldingi tahrirga qarang. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning shaxsiy bagaji unda shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallanmagan tovarlar yoki bojxona hududiga olib kirilishi yoxud bu hududdan olib chiqilishi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida taqiqlangan yoxud karantin qoidalari va boshqa maxsus qoidalar bilan tartibga solinadigan tovarlar bor deb taxmin qilish uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda bojxona ko‘rigidan ozod etilmaydi. Bojxona ko‘rigi diplomatik agent yoki uning vakolatli vakili ishtirokida o‘tkaziladi.
(395-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)