146-modda. Dalillarni tekshirish
Sud muhokamasi davomida sud ish bo‘yicha dalillarni tekshiradi: ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini, guvohlarning ko‘rsatuvlarini, ekspertlarning xulosalarini, mutaxassislarning maslahatlarini (tushuntirishlarini) eshitadi, yozma dalillar bilan tanishadi, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechiradi, shuningdek yozma shaklda taqdim etilgan tushuntirishlar, ko‘rsatuvlar va xulosalarni o‘qib eshittiradi.
Audio- va videoyozuvlarni namoyish qilish sud majlisi zalida yoki ushbu maqsad uchun maxsus jihozlangan boshqa xonada amalga oshiriladi. Audio- va videoyozuvlar namoyish qilinganligi fakti sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 14, 65 — 78, 79, 86, 87, 143, 145, 147, 148-moddalari.
147-modda. Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini hal qilishi
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yangi dalillarni talab qilib olish to‘g‘risidagi hamda ish muhokamasi bilan bog‘liq boshqa barcha masalalar bo‘yicha arizalari va iltimosnomalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari sud tomonidan eshitib bo‘linganidan keyin hal qilinadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.
Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini qanoatlantirish to‘g‘risidagi yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi xulosalari ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatida bayon qilinishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 143 — 146-moddalari.
148-modda. Ariza (shikoyat) yuzasidan yozma fikr, qo‘shimcha dalillar taqdim etilmaganligi, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudga kelmaganligi oqibatlari
Sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ariza (shikoyat) yuzasidan taqdim etishni taklif qilgan yozma fikr yoki qo‘shimcha dalillar taqdim etilmaganligi ishni mavjud materiallar bo‘yicha ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
Ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan arizachi sud majlisiga kelmasa, arizachining ishni uning yo‘qligida ko‘rish to‘g‘risidagi arizasi bo‘lgan taqdirda, arz qilingan talab uning yo‘qligida hal qilinishi mumkin.
Ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar, uchinchi shaxslar sud majlisiga kelmasa, ish ularning yo‘qligida ko‘rilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 143, 145, 147, 149-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |