II BOB XII-XV ASRLARDA KARTOGRAFIYA RIVOJI
2.1. Kartografiya fan sifatida shakllanishi
Har qanday fan kabi kartografiya fanining ham o‘z tarixi mavjud. Boshqa
fanlar tarixini o‘rganishda, asosan, matnlarga e’tibor berilsa, kartografiyada
matnlar bilan bir qatorda yaratilgan kartografik asarlarga yani kartalarga,
atlaslarga va globuslarga katta e’tibor beriladi. Kartografiya tarixi ham, asosan,
tarixiy manbalar asosida o‘rganiladi, fanning rivojlanish davrlari aniqlanadi,
o‘sha davr jamiyat tuzumiga e’tibor beriladi. Fan tarixini o‘rganishda uning kelib
chiqishi, taraqqiyoti, hozirgi holati bilan bir qatorda kelajagi va muammolari ham
ko‘rsatib beriladi. Odatda, fan tarixi ma’lum bir makon bilan bog‘langan holda
o‘rganiladi. Biz kartografiya fani tarixiga nazar tashlar ekanmiz, O‘rta Osiyoda
ham shu sohaning bilimdon olimlari ko‘p bo‘lgani va ularning kartografiyaga
qo‘shgan hissalari to‘g‘risida ma’lumot berish kerak deb hisoblaymiz. Shuni
alohida aytib o‘tish zarurki, O‘zbekiston kartografiya tarixini O‘rta Osiyo
kartografiyasi tarixidan va region haqidagi umumgeografik tasavvurlar
taraqqiyotidan ajratib olish qiyin. Shuning uchun O‘zbekiston kartografiya tarixi
O‘rta Osiyo va Turkiston hududi haqidagi kartografik tasavvur bilan bog‘liq holda
o‘rganilmog‘i kerak deb hisoblaymiz. Dastlabki kartografik tasvirlar ibtidoiy
jamoa davrida paydo bo‘lgan. Kishilar ovchilik bilan shug‘ullangan davrda, ovga
borgan yo‘llarini, ov qiladigan joylarini, o‘zlari yashagan g‘orlar devorlariga,
tog‘li joylarda esa toshlarga har xil shakllar, chizmalar holatida chizib qoldirgan.
Bu chizmalar asta-sekin takomillashib, plan shaklda shartli belgilar bilan
ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Masalan, miloddan oldingi ikki minginchi yillarning
o‘rtalarida Shimoliy Italiyadagi tog‘dagi toshga yo‘llar, daryolar va sug‘orilib
ekin ekiladigan yerlar tasvirlanganligi ma’lum va har xil chiziqli shakllar berilgan,
lekin birorta yozuv yo‘q. Demak, yozuv paydo bo‘lmasdan oldin chiziqli tasvirlar
paydo bo‘lgan. Bunday tasvirlar qadimgi Vaviloniya shahrining arxeologik
qazilmalarida ham uchratilgan. Dengizda kema qatnovini tashkil qilish va shu
orqali savdo-sotiqning rivojlanishi bilan asta-sekin dengiz yo‘llarining chizmalari
paydo bo‘la boshlagan. Natijada dengiz yo‘llarining dastlabki chizma kartalari
36
vujudga kelgan, lekin bunday chizmalar shaklidagi dastlabki kartalar juda sodda
va sxematik ko‘rinishda, aniqlik darajasi past bo‘lgan. Bora-bora Yer sharining
dumaloqligi (sharsimonligi) hisobga olingan kartalar tuzila boshlagan. Shuning
uchun Yer sharini tekis yuzada tasvirlash uchun yer yuzida o‘lchash ishlarini aniq,
olib borish zaruriyati tug‘ildi. O‘rta Osiyoda, shu jumladan O‘zbekiston hududida
miloddan oldingi davrlarda aholi zich joylashgan vohalarda madaniy va iqtisodiy
jihatdan o‘z davriga nisbatan ancha yuksak darajada rivojlangan davlatlar vujudga
kelgan. Chunonchi, Sug‘diyona, Baqtriya, Xorazm kabi qudratli davlatlar paydo
bo‘lgan, bu yerlarda eng qadimgi fan, madaniyat namunalari yaratilgan. Lekin
respublikamiz hududidagi bu davlatlarda yashagan xalqlarning ilmiy madaniy
merosi, shu jumladan kartografik va yozma manbalar juda kam saqlanib qolgan.
Hozirgi O‘zbekiston to‘g‘risidagi dastlabki kartografik ma’lumotlar antik
davrning sivilizatsiya markazlari bo‘lmish qadimgi Yunoniston bilan qadimgi
Rimda uchraydi. Lekin shuni qayd qilish kerakki, Yunoniston va Rimda antik
davrda rivoj topgan qadimgi kartografiya Misr, Finikiya, Osuriya va Vaviloniya,
Hindiston, Xitoy va O‘rta Osiyoda ilk bor vujudga kelgan fan, madaniyat
yutuqlaridan bahramand bo‘lgan deyishga to‘la asos bor. Chunki antik davr
mamlakatlari Sharqning ko‘plab mamlakatlari bilan ijtimoiyiqtisodiy va madaniy
aloqada bo‘lganlar, shu tufayli ular geografik tasavvurlarini kengaytirganlar va
boyitganlar. O‘rta Osiyo haqidagi dastlabki geografik va kartografik ma’lumotlar
miloddan oldingi V asrda yashagan yunon allomasi Gerodot tomonidan yozilgan
asarlarda uchraydi. Lekin bu ma’ lumotlar juda kam va ba‘zilari noto‘g‘ri hamdir.
O‘rta Osiyo haqidagi dastlabki geografik ma’lumotlar miloddan oldingi 330 327-
yillarda makedoniyalik Iskandar (Zulqarnayn)ning sharqqa qilgan harbiy
yurishlari vaqtida to‘plangan.
Qadimgi dunyo geografiyasining bilimdonlaridan mashhur olim,
milodning II asrida yashagan iskandariyalik geograf, astronom va kartograf
Klavdiy Ptolomeydir. Uning «Geografiya» kitobini antik davrning o‘ziga xos
geografik qomusi desa bo‘ladi. Ptolomey bu asaridan tashqari 27 ta kartadan
iborat Dunyo atlasini yaratgan. Bu atlas kartalarida graduslar to‘ri tasvirlangan,
37
bu karta o‘z davriga nisbatan ilmiy jihatdan ancha yuksak darajada bo‘lgan.
Ptolomey atlasidagi 22 kartada O‘rta Osiyo 81°147° sharqiy uzoqlik va 36°63°
shimoliy kengliklar orasida tasvirlangan, unda respublikamiz hududi ham aks
ettirilgan. Shuni aytib o‘tish joizki, Ptolomey bosh meridianni Kanar orollaridan
o‘tkazgan. Klavdiy Ptolomey atlasidagi kartalarda O‘rta Osiyodagi davlatlar
Sug‘diyona va boshqalarning chegaralari berilgan va shu hududda yashovchi 12
ta qabila yashagan maydonlarning chegaralari ko‘rsatilgan. Unga qadar
«Geografiya» nomli dastlabki asar yunon geografi, kartografi, astronomi va
matematigi Eratosfen tomonidan yozilgan. Eratosfenning dunyo kartografiya
faniga qo‘shgan hissasi juda kattadir. Uning rahbarligida Yer yuzasidagi
joylarning o‘rinlari, kenglik va uzoqliklar orqali aniqlash va gradus o‘lchash yo‘li
bilan aniq o‘lchash usullari ishlab chiqilgan. Eratosfen Yer yuzasidagi 1° yoy
uzunligini aniqlash uchun oddiy usuldan foydalangan. Masalan, u 22-iyunda
Misrdagi ikkita shahar, yani Iskandariya bilan Asvon (oldingi Siyena)
shaharlarida quyosh zenitda bo‘ladigan vaqtda yarim doiraviy (kosaga o‘xshagan)
skafis yasab, uni 180 bo‘lakka bo‘lgan, o‘rtasiga tik tayoqcha o‘rnatgan. Bir
vaqtning o‘zida 2 shaharda tush paytida (soat 12 larda) tik tayoqchalardan tushgan
soyalar ko‘rsatkichlarining farqi 7° 12′ ga teng bo‘lgan, bu esa Yer aylanasining
1/50 qismini tashkil qilishini aniqlab bergan. Yer aylanasining uzunligi o‘sha
vaqtda (250000 stadiy x 158 metr 1 misr stadiy uzunligi) 39375 kilometr ekanligi
(hozirgi o‘lchami 40.008 kilometr), Yer radiusining uzunligi 6287 kilometr. 1°
yoyning uzunligi taxminan 110 kilometr ekanligi aniqlangan. Hozirgi aniq
ma‘lumotlarga qaraganda Iskandariya shahrining kengligi 31° 11,7′ Asvon
(Siyena)ning kengligi 24° 5,0′ ga teng bo‘lib, farqi 7° 6,7′. Demak, o‘sha davrda
aniqlangan 1° yoy uzunligining hozirgiga nisbatan farqi juda kam. Eratosfenning
«Geografiya» nomli 3 qismdan iborat kitobida o‘sha davr uchun juda zarur
bo‘lgan geografik va kartografik ma’lumotlar berilgan. Lekin uning kitobi
saqlanmagan. Uning kitoblari to‘g‘risidagi ma’lumot mashhur olim Strabon
tomonidan yozib qoldirilgan. Birinchi kitobida qadimgi davrdan o‘sha vaqtgacha
ma’lum bo‘lgan joylarning geografik tasvirlari berilgan va Anaksimandr va
38
Gekateylar tomonidan tuzilgan dastlabki geografik karta to‘g‘risida ma’lumot
keltirilgan. Ikkinchi kitobida Yerning sharsimonligi va uni o‘lchash usullari
to‘g‘risida, uchinchi kitobida o‘sha davrda ma’lum bo‘lgan hududlarning kartalari
va ularning geografik tasviri bayon etilgan ekan.
Do'stlaringiz bilan baham: |