Bog'liq 310-II-сон 06.12.2001. Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida
33-modda. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishini chaqirish tartibi Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar uni
o‘tkazishdan kamida o‘ttiz kun oldin bu haqda jamiyatning har bir ishtirokchisini jamiyat
ishtirokchilarining ro‘yxatida ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha buyurtma xat bilan yoki jamiyatning
ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilishi shart.
Xabarnomada jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan vaqt va joy,
shuningdek taklif qilinayotgan kun tartibi ko‘rsatilishi kerak.
Jamiyatning istalgan ishtirokchisi jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining kun tartibiga
qo‘shimcha masalalarni kiritish to‘g‘risida uni o‘tkazishdan kamida o‘n besh kun oldin takliflar
kiritishga haqlidir. Qo‘shimcha masalalar, jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining vakolatlari
jumlasiga kirmaydigan masalalarni istisno etganda, jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining
kun tartibiga kiritiladi.
Jamiyat ishtiroqchilarining umumiy yig‘ilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar jamiyat
ishtiroqchilari umumiy yig‘ilishining kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan qo‘shimcha
masalalar ta’rifiga o‘zgartirish kiritishga haqli emaslar.
Agar jamiyat ishtirokchilarining taklifiga binoan jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining
dastlabki kun tartibiga o‘zgartishlar kiritiladigan bo‘lsa, jamiyat ishtirokchilarining umumiy
yig‘ilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar umumiy yig‘ilish o‘tkaziladigan kundan kamida o‘n kun
oldin ushbu moddaning
birinchi qismida
ko‘rsatilgan usulda kun tartibiga kiritilgan o‘zgartishlar
haqida jamiyatning barcha ishtirokchilarini xabardor qilishlari shart.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida jamiyat
ishtirokchilariga taqdim etilishi lozim bo‘lgan axborot va materiallar jumlasiga quyidagilar kiradi:
jamiyatning yillik hisoboti;
jamiyatning yillik hisobotlari va yillik buxgalteriya balanslarini tekshirish natijalari bo‘yicha
jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) xulosasi;
moliyaviy hisobotlarning to‘g‘riligi va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi belgilangan
talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi auditorlik xulosasi;
jamiyatning ijro etuvchi organlariga, jamiyatning kuzatuv kengashiga va jamiyatning taftish
komissiyasiga (taftishchiligiga) nomzod (nomzodlar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boshqa axborot (materiallar).
Agar jamiyat ustavida jamiyatning ishtirokchilarini axborot va materiallar bilan
tanishtirishning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, jamiyat ishtirokchilarining umumiy
yig‘ilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar ularga axborot va materiallarni jamiyat ishtirokchilarining
umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnoma bilan birgalikda yuborishi shart, kun tartibi
o‘zgartirilgan taqdirda, tegishli axborot va materiallar ana shunday o‘zgartish to‘g‘risidagi
xabarnoma bilan birgalikda yuboriladi. Ko‘rsatilgan axborot va materiallar jamiyat
ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishidan oldin o‘ttiz kun mobaynida jamiyat ijro etuvchi
organining binosida tanishish uchun jamiyatning barcha ishtirokchilariga taqdim etilishi kerak.
Jamiyatning ustavida ushbu moddada ko‘rsatib o‘tilganidan qisqaroq muddatlar nazarda tutilishi
mumkin.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishini chaqirishning ushbu moddada belgilangan
tartibi buzilgan taqdirda, agar bunday umumiy yig‘ilishda jamiyatning barcha ishtirokchilari
ishtirok etayotgan bo‘lsa, u vakolatli deb e’tirof etiladi.