Nizomda quyidagilar ham qayd etilgan:
turistik axborot markazlarini tashkil etish va ularning reyestrini yuritish tartibi;
markazlarning atrof hududi, bino va ish rejimiga bo‘lgan talablar;
pullik va bepul xizmatlar ko‘rsatish;
statistik hisob yuritish
1.2 O‘zbekiston ziyorat turizmining istiqbollari
12-aprel kuni Xalqaro islom akademiyasida “O‘zbekistonda ziyorat turizmining dolzarb muammolari va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Islom sivilizasiyasi markazi vakillari hamda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti, vazirlikning Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyati boshqarmalari vakillari, shuningdek, xalqaro Islom akademiyasi talabalari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekistonda ziyorat turizmining yagona brendini yaratish masalalari, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha hududlarning dolzarb muammolari va tajribasi muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan ziyorat turizmi – madaniyatlararo almashinuv va bag ’rikenglikni mustahkamlash sohasi sifatida ko‘rib chiqildi.
“Ichki va ziyorat turizmi sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida hozirda 2 ta ilmiy-tadqiqot instituti (turizm va madaniy meros yo‘nalishlari bo‘yicha), 4 ta kollej, 6 ta texnikum hamda Turizm va madaniy meros vazirligi tizimida Samarqand shahrida joylashgan Ipak yo‘li xalqaro turizm va madaniy meros universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizda ziyoratgohlar, olimlar, ularning ilmiy merosi haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlarni shakllantirish hamda ziyorat turizmi salohiyatini har tomonlama o‘rganish, ma’lumotlarni tizimlashtirishga qaratilgan xalqaro tadbirlar o‘tkazilmoqda”, dedi Turizm va madaniy meros vaziri maslahatchisi Temur Mirzayev.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 784 ta islom ziyoratgohi, viloyatda 19 ta xristian ziyoratgohi va 8 ta buddizm madaniy merosi obekti mavjud. Yahudiy va buddizm ziyoratgohlarini targ‘ib qilish, o‘zbek olimlari haqida xorijiy tillarda filmlar yaratish, Imom al-Buxoriy xalqaro hadis tanlovi, “Islom xattotligi” tanlovlari doirasida qator madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ichki va ziyorat turizmni rivojlantirish boshqarma boshlig‘i J.Saidov bugungi kunda ziyorat turizmining muammoli hamda o‘zaro hamkorlikda ishlab yechimini topish mumkin bo‘lagan masalalar bo‘yicha ma’ruza qildi. U o‘z maruzasida muammolarga tizimli yondashish, ya’ni doimiy fikr almashinuvi va muntazam ma’lumot almashish uchun hamkorlikda ishlash taklifini ilgari surdi.
O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasining “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori Nurislom Tuxliyev “O‘zbekistonda ziyorat turizmi va uning rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi chiqishida ziyorat turizmiga innovasion yondashish kerakligini ta’kidlab, bu borada onlayn platforma yaratish bo‘yicha ishlar boshlanganligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining, Ziyorat turizmi bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda mavjud dinlar, diniy konfessiya va tashkilotlar, mamlakatning ziyorat turizmi salohiyati hamda ma’rifiy Islom tushunchalarga to‘xtab o‘tdi.
Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston Islom sivilizasiyasi markazining Ziyorat turizmi bo‘lim boshlig‘i Saidkomil Xolxojayev O‘zbekistonda yagona ziyorat turizmi brendini yaratishning dolzarb masalalari, hamda turizm sohasida brendning ahamiyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi bilan so‘zga chiqdi.
Yurtimizda turizm rivojlanishining asosiy omillaridan biri dinlar, millatlar, xalqlar o‘rtasidagi tinchlik-totuvlik, bag‘rikenglik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikning mavjudligidadir. Mamlakatimiz azaldan o‘zining ajib va turfa tabiati, boy tarixi, me’moriy obidalari, buyuk allomalari bilan jahon mamlakatlari aholisini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan turizm sohasida aloqalar o‘rnatishi va rivojlanishi, yurtimizga turistlar oqimining kirib kelishini ko‘paytirish, ularga xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlarni yaratish, xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirish, turistlar xavfsizligini ta’minlash, turistik industriyani tashkil qilish va rivojlantirish, soha bo‘yicha kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar takomillashib bormoqda. Prezidentimizning 2021 yil 9 fevralda “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Unda turizm bozorining turli segmentlariga yo‘naltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yo‘nalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlashga yo‘naltirilgan vazifalar belgilab berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibi joriy qilindi.
Shu bilan bir qatorda tashkiliy, iqtisodiy-ijtimoiy masalalar yuzasidan sohani qo‘llab-quvvatlashda Moliya vazirligi, bank moliya tizimi, transport logistikasi hamda soliq tizimlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bu o‘z navbatida, ichki turizmning jadal rivojlanishi hamda fuqarolarimizning hordiq chiqarishlariga qulay imkon yaratadi. E’tiborli jihatlaridan yana biri, bu buyuk allomamiz Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 nafar buyuk ulamoning qabrini tiklash va obodonlashtirish ishlari konsepsiyasi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqilishi va amalga oshirilishidir. Natijada milliy va xalqaro turistlarning oqimi yanada kengayadi. Farmonning yana bir muhim jihati sifatida Imom Buxoriyning bebaho merosini keng ko‘lamda ommalashtirish va targ‘ib qilish maqsadida xorijiy tillarda “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yo‘ldosh telekanalini, xorijiy mamlakatlarda uning muxbirlari faoliyat olib borishini nazarda tutgan holda tashkil etish va uni rivojlantirish konsepsiyasining yaratilishi hisoblanadi. Mazkur loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi markaziy o‘rinlarni egallashi va mamlakatimizda ziyorat turizmining jadal rivojlanishiga xizmat qiluvchi yetuk mutaxassislarni yetishtirib berishda, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. O‘zbekiston turizm industriyasida ziyorat turizmi sub’ektlarining faoliyati, talab va taklif qonunining ustuvorligi, tashkiliy-iqtisodiy jarayonlarni muvofiqlashtirishning ma’muriy mexanizmlarini yaratish holati kabi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar jamiyatdagi turli ixtisoslashgan institutlar va ularning faoliyat yuritish tartibiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi. Shunday ekan, O‘zbekistonda turizm industriyasining bugungi holatini o‘rganish bilan bir qatorda, bozor mexanizmlaridan ham ustun turuvchi jamiyatning madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, diniy, huquqiy mexanizmlari majmuasi sifatida namoyon bo‘luvchi mavjud institutlarning jarayonlarga ta’sir darajasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning mazkur farmonlari yuqorida qayd etilgan jihatlarni to‘liq qamrab olgani bilan diqqatga sazovordir. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq O‘zbekiston “Jahon musulmon sayyohlari indeksi” reytingida 10 pog‘ona (32-o‘rindan 22-o‘ringa) ko‘tarilib, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida musulmon sayyohlarni jalb qilayotgan “Eng jozibador” hamda “Xavfsizlik va bag‘rikenglik darajasi yuqori” bo‘lgan 10 mamlakat qatoridan o‘rin egalladi. Prezidentimizning mazkur farmonlari ziyorat turizmini samarali rivojlantirishning tarkibiy qismi sifatida davlat va xususiy sektor xamkorligini ta’minlovchi mexanizm orqali milliy va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |